Portugaliyaning Braga teatri bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yildi

Portugaliyaning dunyoga mashhur Braga teatridan bir guruh ijodkorlar Samarqandga keldi.

Mehmonlar viloyat musiqali drama teatri jamoasi bilan uchrashib, teatrda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
Braga teatri badiiy rahbari Rui Madeira va teatr liboslari bo‘yicha rassom Monuyella xonim ishtirokida samarqandlik ijodkorlar uchun mahorat darslari tashkil etildi.

- Teatr san’atining zamonaviy yo‘nalishlarini rivojlantirishda xalqaro darajadagi ijodkor va ekspertlar tajribasi muhim ahamiyatga ega, - deydi viloyat musiqali drama teatri aktyori Behruz Qurbonaliyev. - Chunki ularning yangi g‘oyalari, yondashuvlari va professional ko‘nikmalari milliy teatr san’atiga zamonaviylik va yangi ruh bag‘ishlaydi.

Shu bilan birga, xalqaro tajriba orqali biz teatr sahnasini dunyo tajribasiga uyg‘unlashtirish, auditoriyaga yanada keng va chuqurroq ma’nolarni yetkazish imkoniyatiga ega bo‘lamiz. Uchrashuvda portugaliyalik hamkasblarimiz bilan  zamonaviy teatr san’atiga integratsiyalangan yangi texnologiyalarni jalb qilish, sahna bezaklari va ijodiy usullar orqali tomoshabinlar uchun zamonaviy, mazmunli va qiziqarli spektakllar yaratish bo‘yicha tajriba almashdik.

Uchrashuv yakunida ikki teatr o‘rtasida ijodiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va madaniy aloqalarini mustahkamlash bo‘yicha memorandum imzolandi.
Tashrif doirasida portugaliyalik ijodkorlar teatr repertuaridagi “Mahmudxo‘ja Behbudiy” spektaklini tomosha qildi.

****

Viloyat musiqali drama teatrida Qozog‘istonning “Jastar teatri” jamoasi tomonidan sahnalashtirilgan “Topdim, oshiq bo‘ldim, yo‘qotdim” spektakli hamda Kattaqo‘rg‘on shahar drama teatrida teatr repertuaridagi “Jibek” nomli musiqali spektakl premerasi namoyish etildi.
Sarvinoz Mamanova.