Germaniyaning nufuzli "Masche" jurnalida Samarqandda o‘tgan xalqaro to‘qimachilik konferensiyasi haqida maqola chop etildi

Germaniya To‘qimachilik sanoati ishlab chiqaruvchilar bosh uyushmasining "Masche" jurnalida Samarqandda Xalqaro to‘qimachilik ishlab chiqaruvchilar federatsiyasi (ITMF) va Xalqaro kiyim-kechak federatsiyasi (IAF) bilan hamkorlikda o‘tkazilgan yillik konferensiyasiga bag‘ishlangan maqola chop etildi.

Xalqaro anjumanda ishtirok etgan maqola muallifi Aleksa Bitser ushbu nufuzli tadbir jahon to‘qimachilik sanoatining eng yirik ikki tashkiloti bilan birgalikda o‘tkazilgani, Markaziy Osiyo mintaqasi, xususan O‘zbekiston ilk bor ushbu nufuzli tadbirga mezbonlik qilganini alohida voqe’lik sifatida ta’riflagan. "Ushbu 120 yillik tarixga ega yirik anjumanning O‘zbekistonda o‘tkazilgani mamlakat xalqaro to‘qimachilik bozorida o‘rni va ahamiyati ortib borayotganidan dalolat beradi", – deb yozgan muallif.

Qayd etilishicha, mazkur nufuzli anjumanda Yevropa, Osiyo va Shimoliy Amerikadan 500dan ortiq yetakchi to‘qimachilik sanoati vakillari ishtirok etdi. Tadbir doirasida sun’iy intellekt, raqamlashtirish, barqaror rivojlanish, mahsulotlarni qayta ishlash va ta’minot zanjirlarini optimallashtirish kabi dolzarb masalalar muhokama qilindi. Bu mavzular nafaqat bugungi kun talablariga javob berish, balki sohaning kelgusidagi rivojlanish yo‘nalishlarini belgilash uchun ham ahamiyatli bo‘ldi.

"2017 yildan buyon O‘zbekistonda to‘qimachilik sanoatida amalga oshirilgan chuqur islohotlar natijasida mehnat sharoitlari va atrof-muhitni muhofaza qilish ko‘rsatkichlari jahon standartlariga muvofiqlashtirilgan. Xususan, mamlakat 2017 yildan boshlab ishchi kuchi va mehnat huquqlarini takomillashtirish, bolalar mehnatiga barham berish va majburiy mehnatga qarshi keskin choralarni ko‘rdi. Buning natijasida Xalqaro mehnat tashkiloti 2021 yilda O‘zbekistonda bolalar va majburiy mehnatga butunlay barham berilganini e’lon qilgan edi va 2022 yilda "Cotton Campaign" tashkiloti o‘zbek paxtasiga nisbatan boykotni rasman bekor qilindi", – deya ta’kidlangan maqolada.

Maqola yakunida, "Bu kabi tadbirlarning O‘zbekistonda o‘tkazilishi mamlakatning global ta’minot zanjirlarida barqaror va raqobatbardosh ishtirokchi sifatida o‘z o‘rnini mustahkamlab borayotganidan dalolatdir", – deb yozgan "Masche" jurnali.