Subsidiya ajratish soddalashtirilmoqda. Kimlarga yengilliklar beriladi?
Aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash orqali daromadi yuqori bo‘lmagan hamda uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan oilalar, og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarni himoya qilish va ularni subsidiya asosida o‘z uy-joylari bo‘lishiga ko‘maklashish uchun davlat byudjetidan mablag‘ ajratish tizimi joriy etilgan.
Shuningdek, mamlakatimiz ijtimoiy hayotida faol ishtirok etayotgan yoshlar va shu toifadagi boshqa aholi qatlamlariga ko‘maklashish, uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj oilalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashda manzillilik va shaffoflikni ta’minlash ham alohida e’tiborda.
Dastlab Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 25 martdagi “Uy-joy sotib olish yoki yakka tartibdagi uy-joylarni qurish va rekonstruksiya qilish uchun fuqarolarga subsidiya to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori bilan yuqoridagi toifalarga kiruvchi aholiga ipoteka kreditlari ajratilganda, subsidiya to‘lash tartibi joriy etilgandi. Unga ko‘ra, subsidiya hududlarda mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 2,7 barobaridan kam, 7 barobaridan ko‘p bo‘lmasligi belgilangan. Ya’ni, subsidiya oluvchi oyiga kamida 2,6 million so‘m, yiliga 31 million 752 ming so‘m ish haqiga ega bo‘lishi lozim. Ko‘p miqdori oyiga 6 million 760 ming so‘m, yiliga 82 million 320 ming so‘mdan oshmasligi kerak.
Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 14 oktyabrdagi “Aholiga ipoteka krediti va uy-joy sotib olish uchun subsidiya ajratish jarayonlarini soddalashtirish chora- tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan fuqarolarga ipoteka va subsidiya ajratish jarayonidagi byurokratiyani keskin qisqartirish hamda jarayonlarni raqamlashtirish belgilandi. Oddiy qilib aytganda, aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash uchun ko‘maklashish jarayoni birmuncha soddalashtirildi. Ya’ni, Yoshlar ishlari agentligi, Davlat kadastrlari palatasi, bandlik, soliq va boshqa tashkilotlar tomonidan arizalarni ko‘rib chiqish tartibi raqamli tizimga o‘tkazildi. Ijtimoiy reyestrda turuvchi yolg‘iz boquvchisi bo‘lganlar, yolg‘iz onalar, birinchi guruh nogironligi bo‘lgan fuqarolar, olis va chekka hududlarda joylashgan byudjet tashkilotlarining oliy ma’lumotli yoki tibbiyot xodimlariga, 30 yoshgacha bo‘lgan yosh oilalarga ham 10 ball beriladi. Shu kabi mezonlar asosida 30 ball va undan yuqori ball to‘plash subsidiya ajratishga asos bo‘ladi.
Raqamlarga qaraydigan bo‘lsak, keyingi olti yilda mamlakatimiz aholisi 5,5 million nafarga o‘sgan va yaqin yillarda 40 millionga yetishi mumkin. Aholini uy-joy bilan ta’minlash dasturlariga asosan, respublika bo‘yicha 2017 yildan buyon 326 mingta yangi uy-joy foydalanishga topshirilgan. Bu orqali uy-joy bilan ta’minlanganlik darajasi aholi jon boshiga 18 foizga oshgan. Keyingi uch yilda 210 ming oilaga 33 trillion so‘mlik ipoteka krediti ajratilib, 73 ming ehtiyojmand oilaga boshlang‘ich badal va foiz to‘lovlari uchun 1,3 trillion so‘m subsidiya ajratilgan.
Sohaga bozor tamoyillari joriy qilinib, yuzlab xususiy buyurtmachi kompaniyalar shakllandi. Seysmik xavfsiz va energiya tejamkor yig‘ma temir-betonli ko‘p qavatli uylarni qurish bo‘yicha 11 ta yirik klaster paydo bo‘ldi.
2023 yil 13 aprelda Prezidentimizning “2023 yilda bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan ta’minlash dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Farmonga asosan, jismoniy shaxslarga ipoteka krediti berishning zamonaviy va barqaror tizimini shakllantirish, uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan oilalarni davlat tomonidan manzilli qo‘llab-quvvatlash belgilandi. Shuningdek, mahalliy va xalqaro kapital bozorlarida moliyaviy resurslarni jalb qilish va keyinchalik ularni ipoteka kreditlarini qayta moliyalashtirishga yo‘naltirish vazifasi qo‘yildi.
Endilikda, ya’ni joriy yil 1 maydan rasmiy daromadi yetarli bo‘lmagan aholiga ham ipoteka krediti olish imkoni yaratildi. Bunda ularning to‘lov qobiliyatini aniqlashda bank kartasidagi aylanma, ijara, kommunal va boshqa xarajatlarga to‘langan pullari ham hisobga olinadi. Dastlabki badalni ko‘proq to‘lagan fuqarolar bankdan arzonroq kredit olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Subsidiyaga ajratilgan mablag‘larni tezroq ishlatish uchun subsidiya xabarnomasining amal qilish muddati 12 oydan 4 oyga tushiriladi. Ya’ni, bu muddat qisqartirilishi orqali subsidiyadan ko‘proq aholi foydalanishi uchun imkoniyat yaratildi.
Shu bilan birga, 4 oyda sertifikatidan foydalanmagan fuqarolarga subsidiya olish uchun yana qayta murojaat qilish huquqi beriladi.
Ushbu chora-tadbirlarni moliyalashtirish maqsadida 2023 yilda:
- tijorat banklariga 31 ming oilaga uy-joy ipotekasi uchun 9 trillion so‘mlik resurs yo‘naltirish;
- dastlabki badal va foizlarni qoplashga 1,6 trillion so‘m subsidiya ajratish;
- ipoteka kreditiga resurs berish va qurilish korxonalarining aylanma mablag‘larini ko‘paytirish uchun 100 million dollar va 1 trillion so‘m qo‘shimcha mablag‘ ajratish;
- yana 20 ming oilaga banklar hisobidan 5,7 trillion so‘m ipoteka krediti ajratilishini ta’minlash;
- 10 ming aholiga o‘zining hovlisini kengaytirish yoki qo‘shimcha qurilish qilish uchun 1,5 trillion so‘m kredit ajratish;
- Ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi orqali aholiga 5,5 mingta xonadon sotib olishlari uchun qo‘shimcha 1,7 trillion so‘m kredit resurslari yo‘naltirish belgilandi.
- Farmonga asosan, fuqarolarga subsidiya ajratish o‘tgan yilgi tartibga nisbatan ancha soddalashtirilgan, - deydi Ishtixon tuman davlat xizmatlari markazi direktori Jamshid Umirov. – Talab qilinadigan hujjatlar soni ham qisqartirildi. Misol uchun, avval arizachidan pasport nusxasi, hisoblangan ish haqi, kafilning ma’lumotlari va boshqa hujjatlar talab qilingan. Bu yilgi tartibda arizachi oila a’zolarining pasport nusxasi va voyaga yetmagan farzandlarining tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi nusxasi yetarli bo‘ladi.
Markazimizga 2022 yilda subsidiya olish uchun 163 ta ariza tushgan bo‘lsa, uning 143 tasi mezonlarga mos kelmaganligi bois rad etilgan, 2 ta ariza jarayonda qolgan, 18 tasi qanoatlantirilgan. Joriy yil 1 maydan 18 maygacha 457 ta murojaatning 410 tasi jarayonda va 47 tasi rad etildi.
O‘ktam XUDOYBERDIYeV,
Baxtiyor MUSTANOV (surat).