Bugundan subsidiyaga ariza berish boshlandi

Bugun, 10 iyuldan boshlab O‘zbekistonda ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiyalar uchun ariza qabul qilish qaytadan ochildi.

Bunda subsidiya xabarnomalarining foydalanilmagan qismi uchun shartnomalar beriladi. Arizalarni soat 9:00 dan boshlab yuborish mumkin. Buning uchun davlat xizmatlari markazlariga bevosita borgan holda yoki my.gov.uz orqali mustaqil ravishda ariza topshirish kerak.

Subsidiya ajratishda ijtimoiy mezon ishlab chiqilgan. Bunda arizachilar bir nechta mezonlar bo‘yicha ball to‘plashi mumkin.

Oylik maoshga qarab hududlarda (Qoraqalpog‘iston va viloyatlar) quyidagicha ball beriladi:

- mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori (MHTEKM) ning 2,7 barobaridan 7 barobarigacha yoki 3118500 so‘mdan 8085000 so‘mgacha — 10 ball;
- MHTEKMning 7 barobaridan ko‘p va 8 barobarigacha yoki 8085000 so‘mdan 9240000 so‘mgacha — 5 ball.
Butun mamlakatda ariza beruvchi yoki uning oilasiga tegishli mulk yoki turar-joy bo‘lmasligi — 20 ball.
"Labor-migratsion" dasturida ro‘yxatdan o‘tgan mehnat migranti — 10 ball.
Olis yoki chekka hududlarda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi mutaxassislar, tibbiyot xodimlari — 5 ball.
30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar — 5 ball.
Og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan ayollar (ajrashgan, beva yoki yolg‘iz onalar) — 5 ball.
“Tibbiy ijtimoiy ekspertiza” tizimidan ro‘yxatdan o‘tganlar — 5 ball.

Subsidiya qancha miqdorda beriladi?

2024 yildan boshlab yangi uylar uchun ipoteka kreditlariga subsidiyalar qat’iy belgilangan 30 million so‘m miqdorida to‘lab berilmoqda.

Talabgor xohishi bilan subsidiya quyidagi tartibda ham to‘lanishi mumkin:

- dastlabki to‘lovning bir qismini qoplash uchun — ajratiladigan kreditning 15 foizi miqdorida;
- foiz to‘lovlarining bir qismini qoplash uchun — kredit muddatining birinchi 5 yili davomida 12 foizdan oshgan qismiga.
O‘zbekistonliklarga subsidiya asosida ipoteka krediti Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda 330 mln, Toshkent shahrida esa 420 mln so‘mgacha beriladi.
Agarda dastlabki to‘lovning bir qismini qoplash tanlanadigan bo‘lsa, 50 million so‘mgacha subsidiya olish mumkin bo‘ladi.

Subsidiya berish yana qay holatda rad etiladi?

- taqdim etilgan arizada ko‘rsatilgan ma’lumotlar ijtimoiy mezonlarga mos kelmaganda;
- taqdim etilgan ma’lumotlar noto‘g‘ri yoki soxta bo‘lganda;
- ilgari imtiyozli ipoteka kreditlaridan foydalangan holda subsidiya olganlar (avval olingan uy-joy boshqa shaxsga begonalashtirib yuborilgan taqdirda ham) takroriy murojaat etganda;
- joriy yilda hudud uchun ajratiladigan subsidiya soni tugaganda.
Shunday qilib, my.gov.uz portaliga kirib, “Ipoteka kreditiga davlat subsidiyasini olishga ariza berish” xizmati orqali ariza topshirishingiz mumkin.