Ipoteka elektron garov xati uy-joy ta’minotidagi ko‘plab ovoragarchiliklarga barham beradi

Ipoteka krediti jamiyat taraqqiyotining hozirgi bosqichida biz uchun dolzarbligicha qolmoqda. Chunki aholining uy-joy sotib olishga talabi o‘sib borayotgan bir paytda tijorat banklari uni moliyaviy resurslar bilan o‘z vaqtida ta’minlashi lozim.

Bugungi kunda tijorat banklari tomonidan ipoteka kreditlari, asosan, hukumat tomonidan joylashtirilgan resurslar va o‘z mablag‘lari hisobidan ajratilyapti. Shuning uchun ham davlatimiz rahbari tashabbusi bilan “O‘zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi” AJ tashkil etildi, unga ipoteka bozorini moliyaviy resurslar bilan ta’minlash, umuman, ipotekaning zamonaviy bozorini yaratish vazifasi yuklatildi. Bu borada salmoqli ishlar qilindi ham. Xususan, bugungi kunga qadar 18,8 ming nafar fuqaroning 3,7 trillion so‘mlik ipoteka kreditlari qayta moliyalashtirildi.

Biroq bu masalada yuzaga kelgan va kelayotgan juda ko‘plab holatlar qonunchilikdagi normalarda aks etmagan. Shu sababli byurokratik to‘siqlar ipoteka kreditidan foydalanishda qog‘ozbozlik va boshqa nizolarni keltirib chiqaryapti. “Ipoteka to‘g‘risida”gi Qonunga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar aynan ana shu kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan.

Ipoteka elektron garov xati ipoteka krediti olgan shaxs va bergan bank, shuningdek, ipoteka kreditini garovga olganlar o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga soladi. Garov xati ro‘yxatdan o‘tkazilganda uning muomala yo‘llari raqamlashtiriladi. Garov xatini boshqa shaxsga berganda ipoteka krediti bo‘yicha talab huquqi avtomatik ravishda ushbu shaxsga o‘tadi. Bunda kredit va ipoteka shartnomalariga notarial tartibda o‘zgartirish kiritish hamda ularni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish talab etilmaydi.

Shuni aytish kerakki, elektron garov xati orqali uy-joyni boshqa shaxsga rasmiylashtirishda hozirda mavjud bo‘lgan ko‘plab muammolarga yo‘l qo‘yilmaydi. Chunki unda aynan kelgusida majburiyatni bo‘yniga oladigan, o‘zaro munosabatlarda to‘lovlarning qonuniy amalga oshirilishini ta’minlaydigan badal bo‘lib, ular notarial tartibda tasdiqlanib boradi va ortiqcha qog‘ozbozlik talab etilmaydi.

Garov xatini boshqa shaxsga o‘tkazish fuqaro uchun ipoteka krediti shartlarini o‘zgartirmaydi hamda unga boshqa qo‘shimcha majburiyatlar yuklamaydi. Faqat kredit bo‘yicha to‘lovlarni qabul qiluvchi shaxs o‘zgarishi mumkin.

Darvoqe, keyinchalik bank garov xatlarini ta’minot sifatida ishlatib, boshqa moliyaviy institutlardan ham qarz mablag‘larini jalb etish mumkin bo‘ladi.

Bundan tashqari, garov xatini onlayn tartibda yoki davlat xizmatlari markazlariga borib rasmiylashtirishda xarajat hamda vaqt tejaladi. Vaholanki, ayni paytda bunday hujjatni rasmiylashtirish uchun tomonlarning shaxsan qatnashishi, kadastr organlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilishi talab etiladi.

Demak, ipoteka elektron xati bunday jarayonlarni soddalashtirishga, aholiga qulay sharoit yaratishga qaratilgan. Ayni chog‘da mulk bo‘yicha mavjud yuklamalar haqida xolis va aniq ma’lumotlarga ega bo‘lish imkonini yaratib, samarali qayta moliyalashga to‘sqinlik qiluvchi holatlarga barham beradi. Bu holat kredit berayotgan bankning ham, kredit olayotgan fuqaroning ham huquqlarini kafolatlaydi.

Shavkat ShARIPOV,

Oliy Majlis Senati a’zosi.