Markaziy bank aholiga ipoteka va avtokreditlar berish talablarini kuchaytirmoqchi

Markaziy bank moliyaviy barqarorlikni ta’minlash, ortiqcha qarz yukining oldini olish maqsadida bir qator choralar ko‘rilayotganini ma’lum qildi. Ulardan biri — qarz yuki bo‘yicha talablarni barcha kreditlar kesimida joriy etish. Endilikda kredit foizi o‘rniga qarz oluvchining qarz yuki darajasi va kreditning garov nisbatiga asoslangan talablar joriy etiladi.

Qarz yuki bo‘yicha talab O‘zbekistonda hozirgacha faqat mikroqarzlar uchun amal qilgan (50 foiz). 2024 yil 1 iyuldan boshlab esa barcha kreditlarni berishda mijozlarining qarz yuki 60 foizdan oshib ketmasligi talabi qo‘yiladi. 2025 yil 1 yanvardan esa bu ko‘rsatkich 50 foizgacha tushiriladi.

Ammo banklarga kredit portfelining 15 foizigacha bo‘lgan qismigacha qarz oluvchining qarz yuki ko‘rsatkichini inobatga olmasdan kredit ajratishga ruxsat beriladi. Ruxsat etilgan miqdor qarz yuki bo‘yicha talabni inobatga olmasdan ajratilgan kreditlar sonini barcha kreditlar soniga bo‘lish orqali aniqlanadi.

Regulyator qarz yuki hisob-kitobini barcha kreditlar kesimida joriy qilish orqali quyidagi maqsadlarni ko‘zlagan:

- aholi daromadlarini rasmiylashtirish;

- kreditlashda daromadi rasmiylashtirilgan qarz oluvchilar rag‘batlantirilishi;

- norasmiy daromadlarni baholashni formallashtirish;

- banklarni mas’uliyatli kreditlashga jalb etish.