Subsidiya: Uy-joyga muhtojlar uchun imkoniyat(mi?)
Prezidentimizning 2024 yil 30 apreldagi “2024 yilda ipoteka kreditlarini ajratish mexanizmlarini takomillashtirish va aholining uy-joy sharoitlarini yaxshilashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga asosan joriy yilda bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiyalar ajratishning maqsadli ko‘rsatkichlari tasdiqlandi.
Farmon asosida 2024 yil viloyatimizda 11300 xonadondan iborat ko‘p qavatli uy-joy quriladi. Shundan 105 ta uy-joy bo‘yicha 6532 ta xonadon yangi tartib asosida qurilayotgan massivlarda bo‘lsa, 77 ta uy-joyda 4768 ta kvartira "Yangi O‘zbekiston" massivlarida qurilmoqda.
Farmonga ko‘ra, joriy yilda viloyatimizga jami 2760 ta, shundan yangi uy- joylar sotib olish uchun 2260 ta subsidiya ajratilishi va 500 ta yakka tartibdagi uy- joyni rekonstruksiya qilish uchun (kambag‘allikdan chiqarish dasturiga kiritilgan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan shaxslarga mahalla yettiligi xulosasi asosida) subsidiya ajratilishi belgilangan (subsidiya xabarnomalarining amal qilish muddati 4 oy). Ijobiy xulosa olgan fuqarolar shu 4 oy ichida oladigan uy-joyi bo‘yicha shartnoma taqdim qilmasa yoki belgilangan miqdorda boshlang‘ich badalni to‘lamasa, subsidiyadan foydalanish imkoni to‘xtatiladi.
2024 yil uchun ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiya ajratishga arizalar 15 maydan 1 noyabrgacha qabul qilinadi va bir qarz oluvchiga ajratiladigan ipoteka kreditining eng ko‘p miqdori 330 million so‘mni tashkil etadi. Boshlang‘ich badalning qat’iy belgilangan miqdori 30 million so‘m. Shu bilan bir qatorda subsidiya asosida ajratilgan ipoteka kreditlarining foizlarining 12 foizdan oshgan qismi 5 yil mobaynida qoplab beriladi.
15 maydan Iqtisodiyot va moliya vazirligining arizalarni qabul qilish bo‘yicha platformasi ishga tushirildi. Tartibga ko‘ra, endilikda har bir tuman va shahar uchun limit belgilanmaydi, limit faqat viloyat uchun belgilanadi. Ijobiy xulosa olgan fuqaro viloyatning o‘zi xohlagan hududidan kvartira olish huquqiga ega bo‘ladi.
Ariza berish jarayonida fuqarolardan asosan dasturiy tizim faoliyati bilan bog‘liq (tizimdagi arizalarni ko‘rib chiqilishi, subsidiya bo‘yicha rad xabarnomalar chiqishi, kvartira topa olmayotganligi, banklar tomonidan aksariyat ipoteka kreditlarini ajratilmayotganligi, yetarli ball to‘plash imkoni bo‘lmayotganli va hokazolar bo‘yicha) savollar kelib tushmoqda.
Subsidiya asosida ipoteka kreditlarini ajratish bo‘yicha dastur avtomatlashtirilgan skoring tizimiga asoslangan va bu tizimda inson omili minimallashtirilgan. Bunda my.gov.uz platformasida fuqaroning shaxsiy kabinetidagi ma’lumotlar asosida avtomatlashtirilgan skoring tizimi baholaydi. Avtomatik skoring tizimi berilgan arizalarning ketma-ketligi asosida baholanadi va subsidiya komissiyalariga tasdiqlash uchun yuboriladi. Agarda fuqaroning shaxsiy kabinetidagi ma’lumotlar to‘liq bo‘lmasa, skoring tizimi tomonidan zarur ballar qo‘yilmasligi mumkin.
Ta’kidlash joizki, fuqarolarning oylik ish haqlari mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 2,7 baravaridan oz va 8 baravaridan ko‘p bo‘lganda skoring tizimi tomonidan ball qo‘yilmaydi.
MHT eng kam miqdorining 2.7 baravaridan 7 baravarigacha 10 ball,
MHTning eng kam miqdorining 7 baravaridan 7.5 baravarigacha 6 ball,
MHTning eng kam miqdorining 7.5 baravaridan 8 baravarigacha 2 ball qo‘yiladi. Bundan tashqari, agarda kadastr xizmati bazasida fuqaroning uy joyi mavjud bo‘lsa, bu holda ham skoring tizimi orqali fuqaro arizasiga ball qo‘yilmaydi.
Agarda skoring tizimi tomonidan fuqaroning boshqa ko‘rsatkichlar asosida yetarli 30 ball shakllangan taqdirda ham ish haqi yoki kadastr ma’lumotlari asosida ball qo‘yilmasa ham subsidiya xabarnomalari chiqarilmaydi.
Fuqarolarga ajratilgan subsidiya xabarnomalari tijorat banklaridan ipoteka kreditlari ajratish uchun asos hisoblanmaydi. Chunki fuqaro uy-joy topa olmasa, salbiy kredit tarixiga ega bo‘lsa, tijorat banklari tomonidan ipoteka kreditlari ajratilmaydi.
Shuni ta’kidlab joizki fuqarolar ariza berishdan oldin o‘zlarining shaxsiy kabinetlaridagi ma’lumotlarini yana bir bor ko‘rib chiqib ma’lumotlar to‘liqligiga ishonch hosil qilgandan so‘ng ariza berishlari lozim.
Joriy yilning 10 iyun holatiga platformada 20 577 ta ariza qayd etilgan bo‘lib, shundan 2 260 tasi bo‘yicha ijobiy qarorlar qabul qilingan holda 2024 yil uchun belgilangan limit to‘liq shakllangan.
Shoxruh EShQUVATOV,
viloyat iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasi shu’ba boshlig‘i.
***
P/s: Aslida ehtiyojmand oilalar uchun Samarqand shahridan subsidiya asosida uy-joy ajratish boshlangan bir necha yil oldingi rejaga ko‘ra, shaharni millionli shaharga aylantirish g‘oyasi ham ko‘zlangan edi. Ammo subsidiyaga uy-joy berilgan Samarqand shahrining Qorasuv massividagi ko‘p qavatli uylarning kattagina qismida hamon bo‘sh uylarni ko‘rish mumkin.
Shu o‘rinda bir ma’lumotni aytib o‘tsak. Prezidentimizning 2022 yil 27 iyundagi “Ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash va jurnalistika sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingandi. Ushbu qarorga asosan 2022 yil 1 iyulda viloyat hokimining ham qarori qabul qilingan. Mazkur qaror viloyatda ommaviy axborot vositalarining qonuniy manfaatlarini himoya qilishni kuchaytirish, ular faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, kadrlar salohiyati va raqobatbardoshligini yanada oshirish, jurnalistika sohasini rivojlantirishga qaratilgan. Jumladan, qarorning 5-bandida ehtiyojmand va faol jurnalistlarni ipoteka kreditlari va qonunchilik hujjatlarida belgilangan boshqa shartlar asosida uy-joy bilan ta’minlashga ko‘maklashish choralari keltirilgan. Ammo, oradan ikki yil o‘tdi hamki mazkur bandning ijrosi e’tibordan chetda qolmoqda.