Davlat xizmatlari markazlarining barcha resurslari fuqarolarga yordam rejimiga o‘tkazildi

Keyingi kunlarda yurtimizda kuzatilayotgan anomal sovuq va uning oqibatlarini yengillatish uchun respublikamizdagi, jumladan Samarqand viloyatidagi barcha davlat xizmatlari markazlarida fuqarolar uchun qator qulayliklar joriy etildi.

Birinchidan, fuqarolar biror ish bilan DXM yaqinida tashqarida turib qolsalar, hatto DXMlarda ishi bo‘lmasa ham ichkariga kirib isinib olishlari mumkin: ularga bir piyola issiq choy, shinam kutish zallari hozir.

Ikkinchidan, barcha DXMlarga kelayotgan (Toshkent shahri bundan mustasno) pensioner, nogiron, yosh bolali fuqarolarni "Damas" xizmat avtomashinasida zarur hollarda avtobuslar bekati, shahar yoki tuman markazi, uyiga qadar yetkazib qo‘yish tizimi yo‘lga qo‘yildi.

Uchinchidan, barcha DXMlar energiyatejamkor rejimda ishlamoqda: kunduz kuni chiroqlar yoqilmaydi, faqat kompyuter va fuqarolarga ma’lumot beruvchi tablolar ishlaydi.

Shuningdek, davlat xizmatlarini ko‘chaga chiqmay, uydan turib olish imkoniyatlari ham yana bir bor eslatiladi,

my.gov.uz, license.gov.uz hamda new.birdarcha.uz portallari orqali uydan chiqmagan holda elektron davlat xizmatlaridan foydalaning.

Masalan, my.gov.uz orqali:

– sanatoriylarda davolanish yo‘llanmasini olish;

– masofadan turib bolani bog‘chaga navbatga qo‘yish va navbatni tekshirish;

– nikohdan o‘tishga onlayn ariza topshirish mumkin.

«Litsenziya» (http://license.gov.uz/) axborot tizimi orqali litsenziyalash va ruxsat berish hujjatlari uchun ariza berish, kabinet orqali tashkilotga tegishli ma’lumotlarni olish, litsenziyalar reyestridan ma’lumotlar izlash imkoniyatlari mavjud.

Biznesni new.birdarcha.uz orqali uydan chiqmagan holda oson va tez boshlash imkoni yaratilgan.