Rossiyaning Ukrainaga eng kuchli zarbasi. Trampning “Moskvani do‘zaxga aylantirish” tahdidi. «Siz borib ularni tartibga chaqiring!»

Keyingi paytlarda Rossiya Ukrainaga tez-tez yirik hujumlar uyushtira boshladi. Bu safar Kiyev osmonini tutun qopladi. 9-10 iyul kunlari tunda Ukrainaga eng yirik dron va raketa zarbalari berildi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, poytaxtda halok bo‘lganlar va 16 nafar jarohatlanganlar bor.

Ikki mamlakat may oyida o‘t ochishni to‘xtatgan edi. O‘shanda Vladimir Putin tomonidan Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 80 yilligi munosabati bilan “uch kunlik sulh” e’lon qilindi. Putin murojaatida “bu sana uchun barcha harbiy harakatlar to‘xtatilishi”ni ta’kidlab, Ukrainani qo‘llashga chaqirgan va rad etilgan taqdirda “oqibatlar” va’da qilgan. Bunga javoban Vladimir Zelenskiy Rossiya taklifini “teatrlashtirilgan spektakl” deb atadi va muzokaralar uchun o‘t ochishni kamida 30 kunga to‘xtatish kerakligini ta’kidladi. Nima bo‘lganda ham ikki tomon bir-birini sulhni buzganlikda aybladi.

Iyun oxiri, iyul boshida hujumlar yangi kuch bilan avj oldi. So‘nggi bir soat ichida Ukraina monitoring kanallari turli yo‘nalishlardan Kiyevga o‘ttizga yaqin uchuvchisiz samolyotlar hujumi haqida xabar bergan. O‘nlab uchuvchisiz samolyotlar bu mamlakatning boshqa hududlariga hujum qilmoqda.

Rossiya ham Ukraina uchuvchisiz uchoqlarining hujumlari haqida xabar berdi. Shu kuni Ukraina harbiylari ham Rossiyaga uchuvchisiz uchoqlarni uchirdi. Rossiya aeroportlarida "vaqtinchalik cheklovlar" joriy etildi. Yo‘lovchi samolyotlarni Rossiyaga qo‘ndirish uchun aylanma havo yo‘llaridan foydalanishga to‘g‘ri keldi.

Lavozimiga kirishishi bilanoq Rossiya va Ukrainada urushni to‘xtatishga va’da bergan Tramp ayni paytda Rossiyaga qarshi yangi qattiq sansiyalar kiritishga tayyor. AQSh va Ukraina rasmiylarining kelasi hafta Rim va Kiyevda bo‘lib o‘tadigan oliy darajadagi uchrashuvlaridan so‘ng Ukrainaga AQSh harbiy yordamining bir qismini yetkazib berish qayta tiklanishi kutilmoqda. Oq uyda jurnalistning Ukrainaga Amerika qurollarini yuborishda pauza qilishni kim buyurgani haqidagi savoliga javob berar ekan, Tramp shunday javob berdi: "Bilmayman. Balki siz menga aytarsiz?"

CNN 2024 yilda, hatto AQSh prezidentligi saylovlaridan oldin, Trampning saylovoldi kampaniyasi uchun yopiq mablag‘ yig‘ish tadbirlaridan birida olingan audioyozuvlarni e’lon qildi. Yozuvda Tramp bir paytlar Putinga Ukrainaga bostirib kirsa, “Moskvani bombardimon qilaman” deb tahdid qilgani aytiladi. "Men Putinga aytdim: "Agar Ukrainaga bostirib kirsang, men Moskvani jahannamga aylanguncha portlataman. Boshqa ilojim yo‘q", deyiladi yozuvda. Kreml bu ma’lumotni o‘ta vazminlik bilan izohladi: yozuv soxta bo‘lishi mumkin.

Odamlar hayoti tutdek to‘kilayotgan bir paytda bunday safsata…

Shu o‘rinda bir misol: 6 yashar nevaram shikoyat qilib qoldi. «Bog‘chada ikkita bola bor. Bog‘cha opani ko‘zini shamg‘alat qilib, doim janjal qilishadi. Bir-biriga o‘yinchoq otishadi. Keyin bu o‘yinchoqlar bizga tegadi… Siz ularni borib tartibga chaqiring, onajon».

Shu payt buyuk davlatlar rahbarlarining bema’ni, befoyda gaplari va bir-biriga otayotgan «o‘yinchoqlari», ularning begunoh odamlar, bolalarga tegayotgani ko‘z oldimda keldi. O‘xshash manzara. Faqat bunda bir qarashda beozor ko‘ringan o‘yinchoqlar, unda o‘t, o‘q, olov. Xarkovda 9 yoshli qizaloq halok bo‘ldi, Zaporojeda 16 yoshli o‘spirin… Kiyevda butun boshli oila bombardimon qilingan uy tagida qolib ketdi…deyarli har kuni o‘nlab odamlar, bolalar halok bo‘lmoqda. Jabrdiyda xalq azobda… Kattalar esa hamon bir-biriga «o‘yinchoq» otish bilan ovora. Nevaram tili bilan aytganda «Siz borib ularni tartibga chaqiring!».

Gulnora Xoldorova.