Bizni kemirayotgan illatlar yoxud nega bid’at amallardan qutulolmayapmiz?

Yaqinda bir tanishim onasining aza marosimiga 5 ming dollar sarflaganini aytib qoldi. Shu paytgacha ma’rakalarga katta pul sarflanishini bilmasdim. Lekin ba’zilar aza marosimlarini xuddi to‘ydek o‘tkazarkan.

Yanayam ajablanarlisi, ayrim joylarda mayitni yuvgan ayolga bosh-oyoq sarpodan tashqari tilla taqinchoq berilarkan. Samarqand to‘ylaridagi ortiqcha dabdabalarni bilardim, endi bilsam, aza marosimlari ham juda ayanchli ahvolda ekan.  

Yaxshiyam qishloq joylarda mehr-oqibat ko‘tarilmagan, xoh ayol, xoh erkak bo‘lsin, mayitni qarindoshlari yuvadi, chetdan begonani yollashmaydi.

Bir ma’rakada o‘zim guvohi bo‘ldim, hali mayit xonadondan olib ketilmasdan yig‘ilgan ayollarning qo‘liga yelim xaltada nimadir tarqatilyapti. Uyalib ketdim, bu to‘y emas-ku, biz sovg‘a olgani bormadik-ku!

O‘lik chiqqan xonadon “xudoyi”, “yetti”, “yigirma”, “qirq”, “yil” kabi marosimlarni o‘tkazadi. Ularning har biriga ancha mablag‘ sarflanadi. Lekin ushbu marosimlar bid’at amal ekani, ya’ni marhumga hech qanday nafi tegmasligini odamlar bilmaydimi, din ulamolari xalqqa bu haqda tushuntirmaydimi?

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazarov joriy yilning aprel oyida inson vafot etganidan so‘ng “yetti”, “yigirma”, “qirq” kabi marosimlar qilish bid’at, deb fatvo berdi. Bu fatvo ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqaldi.

- Men arxivdan oldingi muftiylarning hujjatlarini ko‘tardim, ularning hammasi “yetti”, “yigirma”, “qirq”, “yil” kabi marosimlar bid’at, deya fatvo bergan ekan, - deydi muftiy o‘z chiqishida. – Endi buni amalga oshirish uchun xalq birlashishi kerak. Bundan qanday qutulaylik degan gapdan qochish kerak. Bu odat emas, bid’at. Hatto biz yaqinda bo‘lgan ulamolar kengashida qaror qabul qildik, ya’ni “Janoza o‘qigan domlaga pul berilmasin”, dedik.

Demak, bundan kelib chiqyaptiki, din ulamolari aza marosimlarini o‘tkazishdan qaytargan ekan. Ammo xalqimiz orasida ba’zilar yaqinlarining aza marosimlarini qoldirmasdan o‘tkazyapti. Ulardan andaza olganlar qarzga botsa ham odatga aylanib qolgan bid’at amallarni davom ettiryapti. Natijada antiqa urf-odatlar hayotimizga kirib kelyapti.

Yaqinda Kattaqo‘rg‘on tumanida ayrim odamlar aza marosimlarini to‘xtatganligini eshitdim. Qishloq imomi muftiy hazratlarining fatvolarini xalqqa yetkazib, bid’at amallarni kamaytiribdi. Ammo xalqimiz orasida ba’zi tushunmagan odamlar uchrab turibdi. Ular hamon “yetti”, “yigirma”, “qirq”, “yil” kabi aza marosimlarini o‘tkazayotgan ekan. 

Darhaqiqat, foydali amalni foydasizdan ajrata bilish uchun ham ilm-ma’rifat kerak. Bugun aholini fatvo bilan to‘g‘ri yo‘lga solish oson emas. Agar oson bo‘lganida shuncha o‘tgan muftiylarning gaplari yerda qolmasdi. Xo‘sh, unda foydasiz aza marosimlariga chek qo‘yish uchun nima qilish kerak?

Avvalo, buning uchun ziyoli qatlam vakillari xalqqa ibrat bo‘lishi lozim. Xalq o‘z ziyolilariga ergashadi. O‘zbekiston xalq shoiri Iqbol Mirzo yaqinda onasidan ajraldi, marosimlarni boshqalardek dabdabali o‘tkazmadi. Aksincha, onasiga savobi yetadigan amalga qo‘l urdi. Bu haqda Yaponiyada istiqomat qilib, o‘sha yurt hayoti haqida qiziqarli postlar tayyorlab kelayotgan sotsiolog Bahodir Iskandarov o‘z sahifasida ma’lum qildi. O‘zaro suhbatda Iqbol Mirzo Bahodir Iskandarovga shunday degan: “Bahodirjon, jadid bobolarimiz to‘ylar, marosimlar, og‘riqli nuqtalarimiz haqida qancha gapirgan edilar. Biz bir ziyoli inson sifatida, o‘sha bobolarning izdoshi sifatida o‘zimiz amal qilmasak, kim amal qiladi? Tarixda tadbirkorlarimiz, boylarimiz jadidlarni o‘qitish uchun Germaniyaga, boshqa rivojlangan davlatlarga jo‘natishgan. Ulardan hamma narsani o‘rganib kelib, o‘zimizni rivojlantirish oliy maqsad edi. Ammo reja oxirigacha bormadi. Bugun shu missiyani biz qilmasak kim qiladi? Kim davom ettiradi? Kelinglar, shu ishni biz qilaylik. Biz boshlab beraylik. Men boshlab beray. Rahmatli onamning marosimlarini qilmayman-da, o‘sha pulni Yaponiyadagi jadidlarimizga sarflayman, bilimi bor, yurtimizga nafi tegadigan salohiyati bor, ammo moddiy tomondan qiynalayotgan talabalarga sarflayman. Ular bir kun qaytib, yurtimizni rivojlantiradi”.

Iqbol Mirzo onasi Mo‘’tabarxon hoji ayaning pensiya pulidan 20 million so‘m, o‘zining pulidan 40 million so‘m va o‘g‘illarining pullarini qo‘shib Yaponiyaga jo‘natdi. Yaponiyadan Bahodir Iskandarov ushbu pullarni bankdan olib, egalariga topshirishini aytdi. Shuningdek, Iqbol Mirzo bilan bo‘lgan suhbat tor doirada o‘tsa-da, B.Iskandarov shoirdan uzr so‘ragan holda bu haqda post qo‘ydi. Sotsiologning maqsadi savobli amalni xalqqa ko‘z-ko‘z qilish emas, balki ibrat bo‘lishi uchun e’lon qildi.

Aslida ham aza marosimlarini qisqartirish uchun xalqqa mana shunday tushuntirish ishlari olib borilishi kerak. Odamlar pullarini befoyda marosimlarga sovurmasdan savobli amallarga ishlatishi uchun ziyolilar, xalq tanigan, hurmat qiladigan insonlar o‘z hayotlari misolida ko‘rsatib berishi lozim. 

Ba’zilar bunday aqlli maslahatni hamma ham beraveradi, ammo shu maqolani yozgan odamning o‘zi gapiga amal qiladimi, deyishi mumkin. Bundan ikki yarim yil oldin dadam Umra safarida olamdan o‘tdi. Dadamning vasiyatiga ko‘ra, biz aza marosimlarini o‘tkazmadik. Hatto azador ayollar kiyadigan ko‘k ko‘ylakni ham kiymadik. Qarindosh ayollar: “Odamlar nima deydi, aza kiyim kiymasalaring?”, deb so‘rashdi. Men: “Odamlarning gapi bilan yashamayman, agar shu ko‘k ko‘ylak dadamga foyda berganida, albatta, kiygan bo‘lardim”, dedim. Hech kim e’tiroz qila olmadi.

Bu gaplarni maqtanish uchun yozayotganim yo‘q. Odam o‘ziga nima foyda, nima foydasiz ekanini tushunib yetsa, yuqoridagi kabi bid’at amallarga chek qo‘ya olarkan.

Mahmudxo‘ja Behbudiy “Bizni kemirguvchi illatlar” maqolasida to‘y va aza marosimlarini iqtisodiy zarar keltiruvchi, qarz botqog‘iga itaruvchi, xalqni kemiruvchi illat deb baholagan: “Bir do‘konchi, bir gulkor, bir faqirhol, bir kosib uchun bu to‘y va ta’ziyalar o‘lumdan qattig‘durki, muning uchun bechora har kun o‘lur. Har kun o‘lg‘on ila-da qutulmas. O‘zidan so‘ngra ahlu ayoliga bu yo‘qsullik va bu musibatni meros qo‘yar”.

Jadidlar bema’ni urf-odatlar, marosimlarning rivojlanib ketishiga yo‘l qo‘yib bermaslikka da’vat qilgan. Mahmudxo‘ja Behbudiy xalqqa o‘rnak bo‘lish maqsadida kamxarj to‘y qilgan. U o‘g‘li Maqsudxo‘janing sunnat to‘yiga ketishi mo‘ljallangan ortiqcha sarf-xarajatga Samarqand shahridan bir binoni sotib olib, kutubxona ochgan. Vadud Mahmud “Behbudiy haqidagi xotiralar”ida yozishicha, mutafakkir kutubxona uchun Misr, Turkiya va Rossiyadan 6000 so‘mlik kitoblar xarid qilgan.

Hoji Muin “To‘y – ta’ziya isroflari” maqolasida: “Xalqni o‘z holiga qo‘ysa, o‘zining foyda-zararini o‘ylamay, har bir to‘g‘ri kelgan ishni qilaveradi, o‘lganicha foydasiz urf-odatlarning asoratidan chiqa olmaydi. Shuning uchun xalqni o‘z holiga qo‘yish tuzuk emas. Mas’ul kishilar va yoshlarimiz bu muammolarni hal qilishda, to‘xtatishda xalqqa yo‘lboshchi va ta’minotchi bo‘lib turishlari kerak”, degan.

Darhaqiqat, o‘lim hammaning boshida bor. Yaqinidan ajralgan inson bid’at amallarni emas, marhumga savobi yetib turadigan xayrli ishlarni qilsa, nur ustiga nur. Xulosa o‘zingizdan.

Xurshida Ernazarova.