Soliqchilar tadbirkorlarning taklif va muammolarini eshitdi

Samarqand shahrida viloyat soliq boshqarmasi rahbariyati kichik va o‘rta biznes vakillari bilan navbatdagi ochiq muloqotini o‘tkazdi.

Tadbir avvalida mas’ullar tadbirkorlar uchun mavjud soliq imtiyozlari, preferensiyalar va ular bilan bog‘liq yangiliklar haqida batafsil ma’lumot berdi. Uchrashuv davomida 60 dan ziyod tadbirkorlik sub’yekti qatnashib, 12 ta murojaat ko‘rib chiqildi.
Xususan, muloqot chog‘ida soliq imtiyozlaridan foydalanish, qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarish, hisobotlarni taqdim etish, markirovkalash va EXF rasmiylashtirish kabi masalalar muhokama etildi.
Shuningdek, uchrashuvda tadbirkorlar bir necha takliflar ham berdi. Xususan, "Dil-Rizo-Grand" MChJ hisobchisi A.Xudoyorov Soliq mobil ilovasiga yangi funksiyalar qo‘shish, Shaxsiy kabinetga kelgan xabarnomalarni mobil ilovada ham ko‘rish imkoniyatini yaratish bo‘yicha o‘z takliflari bilan o‘rtoqlashdi.
Tadbir davomida bildirilgan murojaatlarning aksariyati joyida hal etildi, muddat talab qiladigan masalalar esa belgilangan tartibda nazoratga olindi.