Rossiya TIV Ukrainadagi mojaroga chek qo‘yish talablarini sanab o‘tdi: Ular ichida Ukrainadan bosib olingan yangi hududlar ham bor
Inqirozni hal qilish uchun Moskva uning ortida turgan “yangi hududiy voqeliklarni” tan olishni, Kiyevga qurol yetkazib berishni to‘xtatish va Ukrainaning neytral maqomini tasdiqlashni, Kiyev esa muzokara boshlash uchun Rossiya qo‘shinlarini olib chiqib ketishni talab qiladi.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Ukraina bo‘yicha Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tgan muzokaralar haqidagi ma’lumotni e’tiborga oldi, deb xabar qiladi vazirlik. Rossiya ularda ishtirok etmadi, biroq Moskva hamkorlaridan maslahatlashuvlar bo‘yicha o‘z baholarini baham ko‘rishini kutmoqda.
Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Mariya Zaxarova “Zelenskiy formulasi”ning o‘n bandidan hech biri “inqirozni muzokara va diplomatik yo‘l bilan hal qilishga qaratilgan emas” va bu rejaning o‘zi “Rossiyaga bema’ni ultimatum” ekanligini ta’kidladi.
Zaxarova inqirozni hal qilishda Moskva talablarini sanab o‘tdi:
• Kiyev tomonidan harbiy harakatlar va "terrorchilik hujumlari" to‘xtatilishi;
• G‘arb Ukrainani qurol-yarog‘ bilan ta’minlashni to‘xtatish;
• Ukrainaning neytral, qo‘shilmaslik va yadrosiz maqomini tasdiqlash;
• "Rossiyaning yangi hududlari aholisining BMT Nizomida mustahkamlangan o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqini amalga oshirishi natijasida yuzaga keladigan yangi hududiy voqeliklarni" tan olish;
• Ukrainani demilitarizatsiya va denatsifikatsiya qilishni ta’minlash;
• Ukrainaning rusiyzabon fuqarolari va milliy ozchiliklar huquqlarini ta’minlash.