“Yetti ko‘l” (xalq tilidagi “Plyaj”)ning taqdiri nima bo‘ladi?
Zarafshon daryosi bo‘yidagi ko‘l bugun ko‘z o‘ngimizda yo‘q bo‘lib ketmoqda. Qariyb 22 gektar joyni egallagan, o‘z vaqtida suv bilan qoplangan qismi 13 gektar bo‘lgan ko‘lda 2021 yilda ham oz miqdorda suv bo‘lgan.
Yaqin yillargacha Samarqand shahri, tumanlar, qo‘shni viloyatlar va hatto, boshqa davlatlardan bu yerga dam oluvchilar kelib, hordiq chiqargan, bugun esa qurib qolgan ko‘l chiqindixonaga aylangan. Yuk mashinalari qurilish chiqindilarini shu yerga tashlamoqda. Xo‘sh, bunday holatning sabablari nimada? Ko‘lni saqlab qolishning imkoni bormi yoki uni quritishdan kimlardir manfaatdormi?
- Zarafshon daryosi 887 kilometr uzunlikka ega. Daryo qo‘shni Tojikiston Respublikasidan boshlanib, Samarqand viloyatiga kirib kelgandan so‘ng Jizzax, Qashqadaryo, Samarqand, Navoiy, Buxoro viloyatlarining katta qismini suv bilan ta’minlaydi, - deydi viloyat ekologiya, tabiatni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i To‘raxon Hoshimov. – Bu ko‘lga suvdaryo sathining ko‘tarilishi yoki suvning pasayishi natijasida shag‘alli hududdan sizib o‘tib, to‘plangan. Yillar davomida yovvoyi qushlar vaqtincha qo‘nim topadigan suv havzasi ham bo‘lgandi. Keyingi yillarda Zarafshon daryosining suv sathi pasayib ketganligi uchun sizot suvlari chiqmay qoldi. Ya’ni, Ravotxo‘ja suv to‘g‘onidan boshlab Zarafshon daryosi ko‘prigigacha bo‘lgan daryoning 50-60 kilometr qismida qariyb 6 million kub metr qum-shag‘al yetishmaydi. Buning natijasida o‘rmon hududidagi, Zarafshon milliy bog‘idagi ko‘p yillik daraxtlar ham qurib bormoqda. Oddiy qilib aytganda, insonning tabiatga arashuvi natijasida ekologik vaziyat o‘zgarib ketdi.
Soha mutaxassislarining fikrlari va internet tarmog‘idan olingan suratlardan ko‘rinishicha, bu yer avval Zarafshon milliy tabiat bog‘i bilan uyg‘unlashib ketgan katta ko‘l bo‘lgan. Bugun esa o‘sha manzaradan asar ham qolmagan. Jahon ekologlari bu kabi tabiat o‘zgarishi, daraxtlar va suvning qurib qolishini insoniyatning kelajak avlodini o‘z qo‘li bilan nobud qilishiga tenglashtirishadi. Biz esa qaysidir loyihani amalga oshirish uchun butun bir hududning buguni va ertasini sun’iy ravishda o‘z qo‘limiz bilan yo‘q qilmoqdamiz.
40 yildan buyon suv xo‘jaligi sohasida ishlayman, vaqtimning asosiy qismi Zarafshon daryosi bilan bog‘liq, - deydi Jomboy tuman suv xo‘jaligi bo‘limi mirobi Hasan Ashurov. – Yer ostidan chiqadigan chashmalar, Zarafshon milliy tabiat bog‘ining sizot suvlari va daryodan ariqlar orqali keladigan suv ikkita quvur yordamida bu yerni suv bilan ta’minlardi va yoz bo‘yi odamlar bilan gavjum edi. Samarqandga kirib keladigan har qanday odam dastlab suv havzasi manzarasi bilan yuzlashgan. Bu yerni yanada chiroyli ko‘rsatish va dam oluvchilarga zavq bag‘ishlash uchun 1990-2000 yillar davomida cho‘milish maskanida 5 ta sun’iy orolcha tashkil etildi. Bu yerda xalqaro aloqa kabeli, elektr havo tarmog‘i o‘tgan. Ish jarayonida kommunikatsiya tarmoqlariga zarar yetmasligiga e’tibor berganmiz.
Xo‘sh, hozir ham bu holatni bartaraf etib, ko‘lni avvalgi holatiga qaytarish, aniqrog‘i,tiklashning imkoni bormi?
Zarafshon daryosining o‘ng qirg‘og‘idan kanal o‘tgan, kanal va daryo o‘rtasida katta hajmda sizot suvlari bor, - deydi suv xo‘jaligi faxriysi Zoyir Jo‘rabekov. – Shu bois, atrofda ko‘plab tabiiy ko‘llar bo‘lgan va havzaga ham doim toza suv tushib turgan. Ilgari milliy qo‘riqxona hududi hisoblangan ko‘llar o‘rnida hozir baliqchilik xo‘jaliklari tashkil etilgan. Suv yo‘li to‘silgandan so‘ng aholi cho‘milib, dam oladigan maskan yo‘q bo‘lib ketdi. Bunga, avvalo, daryodan ko‘p miqdorda tosh olish va viloyat bo‘yicha dehqonchilik uchun minglab yer osti quduqlarining qazilishi hisobiga suv sathi pasayib ketishi sabab bo‘ldi. Bu joy nima uchun bu qadar muhim, zamonaviy basseynlarda ham cho‘milish dam olish mumkin-ku, deyuvchilar topiladi. Birinchidan, daryo suvida tabiiy minerallar bor va u inson salomatligi uchun juda muhim. Ikkinchidan, bu kabi oilaviy dam olish maskanlari Samarqandda shundoq ham kam edi. Shaharning Xishrav qo‘rg‘onidagi 16 ming kub metr suv hajmiga ega suv havzasi hozir kichik ariqqa aylanib qolgan, Zarafshon daryosi bo‘yidagi bu sun’iy ko‘l ham yo‘q bo‘lib ketdi. Lekin hozir ham bu maskanni tiklash mumkin. Faqat birinchi navbatda ko‘lni chiqindidan tozalash, suv bor sathgacha kavlash, eski o‘zandan suv yo‘lini ochish kerak. Bu dam olish maskanlarini ko‘paytirish, xizmat ko‘rsatish sohasida yangi sub’yektlar ochish va asosiysi ekologiyani musaffo saqlashga xizmat qiladi.
Hududning egasi yo‘qmi?
Mavzuni o‘rganish jarayonida ko‘l o‘rnida nima tashkil etilishi, bu yerni chiqindi bilan to‘ldirishning sabablari bilan qiziqdik. Odamlar orasida ko‘l o‘rnida bog‘ bo‘larmish, «dom» qurilarmish, boshqa joydagi bozor ko‘chirib kelinarmish, degan mish-mishlar yuribdi. Bu gaplarga aniqlik kiritish va savollarimizga javob olish uchun Samarqand shahri, Samarqand va Jomboy tumanlari hokimliklariga murojaat qilganimizda «Bu yer bizning hududimiz emas», degan javobni oldik. Kadastr agentligi viloyat boshqarmasining xaritada belgilab ko‘rsatishiga ko‘ra, ko‘l joylashgan hudud Samarqand shahar tasarrufida ekan.
Mavzu so‘ngida yana bir eslatma. Shu kunlarda yurtimizda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlarga savlov jarayonlari davom etmoqda. Beshta siyosiy partiya ham saylovoldi dasturlarida ekologik muammolarga yechim topish bo‘yicha tashabbuslar ilgari surilgan. Bu muammoga balki partiyalar ham e’tibor qaratishar.
O‘ktam Xudoyberdiyev,
Baxtiyor Mustanov (video).