Najotkor

Gollandiyada yashovchi imom har juma namozidan keyin o‘n bir yoshli o‘g‘li bilan birga shahar aylanib, islom diniga oid kichik risolalarni tarqatib kelishar edi.

Navbatdagi jumada havo sovib ketadi. Yomg‘ir ayamasdan quyardi. Bolacha odatiga binoan: 

– Dadajon, ketdikmi? – dedi.

– Qayoqqa?

– Kitob tarqatgani.

– O‘g‘lim, bugun havo sovuq. Uning ustiga bu yomg‘ir hali-beri tinadiganga o‘xshamaydi. Bugun chiqmay qo‘yaveramiz.

– Axir odamlar vafot etsa, jahannamga tushishadiku?..

– Shu safar chiqmay qo‘ya qolaylik.

– Agar ruxsat bersangiz, men o‘zim aylanib kelsam.

– Mayli, ruxsat, lekin yo‘llarda ehtiyot bo‘lib yuring, - ota o‘g‘lining shashtini qaytarishni istamadi.

– Xo‘p bo‘ladi.

Bola odatiy yo‘nalish bo‘ylab yura boshladi. Aksiga olib  yo‘lda hech kimni uchratmadi. Sovuq hammani uyga haydagan. 

Buni uncha anglab yetmagan sofdil bola shu alfozda ikki soat ko‘cha kezdi. Uylariga olib borib beraman, degan fikr keldi bolaga. Yo‘lda duch kelgan birinchi uy qo‘ng‘irog‘ini bosdi. 

Javob bo‘lmadi. Ikki-uch bor zang urdi. Hech kim eshikni ochmadi. Shunda ortga qaytmoqchi bo‘ldi-yu, qandaydir kuch uni yana shu eshikka qaytardi. Endi bola bor kuchi bilan eshikni  taqillata boshladi. Va nihoyat eshik ochilib, ostonada g‘am-qayg‘u yuziga urib ketgan kampir paydo bo‘ldi.

– Xo‘sh, xizmat.

– Salom!

– Salom!

– Alloh sizni yaxshi ko‘rar ekan. Sababi, bugun birinchi bo‘lib siz eshigingizni ochdingiz. Sizga sovg‘am bor. Iltimos, bu risolani oxirigacha o‘qib chiqsangiz.

– Tashakkur, harakat qilaman.

Bola qo‘lidagi ozgina kitoblarni shu tariqa tarqatib, uyiga qaytdi. 

...Keyingi jumada ayollar tomonda bir onaxon o‘rnidan  turib:

– Ijozat bersalaring men o‘z najotkorimga ko‘pchilik oldida minnatdorchilik bildirsam, deb qoldi.

– Bemalol, - deb unga so‘z berdi imom.

– Men bu joyga birinchi bor kelishim. Bundan bir necha kun oldin umr yo‘ldoshim vafot etdi. Men butunlay yolg‘iz qoldim. Biror bir hamdard, hamdam topolmadim. Dunyo ko‘zimga qorong‘i ko‘rinib ketdi. Kundan kunga ruhan ezilib borardim. Oxiri jonimga suiqasd qilishga qaror qildim.

Arqonni shiftga bog‘lab, kursi ustiga chiqdim. Shunda eshik qo‘ng‘irog‘i chalinib qoldi. Parvo qilmay bo‘ynimga sirtmoq tortdim. Qo‘ng‘iroq yana chalindi. Men esa eshikka bormay shumniyat ijrosi bilan band edim. Uchinchi qo‘ng‘iroqdan keyin kimdir eshikni bor kuchi bilan ura boshladi. Hayot bilan vidolashish uchun oyog‘im ostidagi kursini tepib yuborish qolgandi. Eshik esa hamon taqillardi. Shu yomg‘irda kim kelishi mumkin, deb o‘ylab, arqonni bo‘ynimdan olib, pastga  tushdim. Eshikni ochsam, bir malaknamo bolacha ostonada turardi. U menga: "Alloh sizni yaxshi ko‘radi", deb manavi risolani tortiq qildi. Men kitobni olib varaqlay boshladim. Kitob meni o‘ziga rom etdi. Qanday qilib uning ichiga kirib ketganimni bilmay qoldim. Bir o‘tirishda kitobni o‘qib chiqdim. Men qayta tug‘ilgandek edim. Mixlangan joyimdan turib, arqonni yechib, chiqindiga tashladim. Kursini joyiga olib borib  qo‘ydim. Kitob g‘ilofida bu yerning unvoni bor ekan. Shuning uchun to‘g‘ri yonlaringga keldim.

Ayol so‘zini tugatar ekan imom o‘rnidan turib hammaning ko‘z o‘ngida o‘g‘lini bag‘riga bosib, manglayidan o‘pdi. Masjidda takbir yangradi. Ayollar tomondan yig‘i tovushlari eshitildi.