Samarqandda kartoshkachilik rivoji qaysi jihatlarga bog‘liq?

Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar institutida Shveysariyaning CARITAS tashkiloti bilan hamkorlikda o‘tkazilgan ilmiy-amaliy seminarda olimlar oldiga shu savol ko‘ndalang qo‘yildi.

“Suv bilan ta’minlangan qishloq xo‘jaligida suvdan samarali foydalanish: iqlimga chidamlilik va oziq-ovqat xavfsizligi uchun kartoshka yetishtirishni optimallashtirish” mavzusida tashkil etilgan seminarda turli hududiy qishloq xo‘jaligi boshqarmalari va Qishloq xo‘jaligida agroxizmatlar markazi vakillari, institut professor-o‘qituvchilari, kartoshkachilik yo‘nalishidagi ilg‘or fermer xo‘jaliklari rahbarlari ishtirok etdi.

Seminar ishtirokchilari dastlab dala tajriba maydonida 4 xil sug‘orish texnologiyasi asosida yetishtirilgan kartoshka maydonlari bilan tanishdi. Mutaxassislar tomonidan sug‘orish usullari, ularning o‘ziga xos jihatlari, bunda suvdan oqilona foydalanishning muhimligi, bu texnologiyalarning hosildorlikka ta’siri kabi dolzarb masalalar bo‘yicha ma’lumot berildi. Ilmiy-amaliy seminarda qatnashuvchilar mazkur ekin turini yetishtirish, undan yuqori va sifatli hosil olish bo‘yicha muhim ko‘nikmalarga ega bo‘ldi.

Tadbirda institut rektori, professor Sh.Hasanov bugungi global isish va suv tanqisligi kuchayib borayotgan sharoitda zamonaviy sug‘orish texnologiyalari orqali hosildorlikni oshirish dolzarb masala ekanligi, institutning dala tajriba maydonida olib borilgan ilmiy izlanishlar esa bu borada aniq takliflar ishlab chiqishda muhimligini ta’kidladi.

Shundan so‘ng, mutaxassislar tomonidan sohaga oid ma’ruzalar tinglandi. Unda qishloq xo‘jaligida suvdan samarali foydalanishga oid rejalashtirilgan faoliyatlar, kartoshkaning asosiy kasallik va zararkunandalari hamda ularga qarshi kurash choralari, qishloq xo‘jalik ekinlarini sug‘orishda yangi, zamonaviy va suv tejovchi texnologiyalardan samarali foydalanish va boshqalar haqida so‘z bordi. O‘zaro savol-javoblar orqali ishtirokchilar masalaning yanada muhim jihatlari haqida ma’lumotlarga ega bo‘ldi.