So‘kinishni odat qilgan bola odobsizlikka o‘rganadi

Ko‘cha-ko‘yda, jamoat joylarda, hatto ta’lim muassasalarida ham so‘kinib gapirilayotganiga guvoh bo‘lyapmiz. Go‘yo so‘kinish muloqot tiliga aylanib qolgandek.
Aslida til – millatning yuragi. Yaxshi so‘z insonga ziynat bag‘ishlasa, qo‘pol so‘z uning ichki dunyosini zanglatadi. So‘kinib gapirish nafaqat odobsizlik, balki tafakkur va tuyg‘ularning buzilishi hamdir. So‘kong‘ich bola ertaga kimningdir qalbini og‘ritishni odat qiladi. Chunki so‘kinish zo‘ravonlikning so‘zdagi ko‘rinishi.
Ijtimoiy tarmoqlar orqali qo‘pol so‘zlarni eshitgan bugungi yoshlar buni “erkinlik” deb qabul qilyapti. Ayniqsa, “TikTok” va boshqa tarmoqlarda so‘kinch gaplardan iborat videomaterial “trend”ga aylanyapti, yuzlab, minglab bolalar o‘sha so‘zlarni takrorlamoqda. “Zamonaviylik” niqobi ostidagi bu lavhalar tilimizga, madaniyatimizga, milliy qadriyatlarimizga bepisandlik emasmi?
Achinarlisi, hozirgi bolalar g‘azablansa, hayratlansa, hatto quvonsa ham so‘kinib gapiryapti. Ular ushbu so‘kinishlari orqali his-tuyg‘usini ifoda etmoqda.
Afsuski, qizlar ham bunga odatlanayotgani holatlari kuzatilyapti. Ko‘pincha ular nima deyayotganini o‘zlari bilmaydi, faqat kattalardan, “bloger”, “tiktoker”, “vayner”lardan eshitganini takrorlaydi, xolos.
Demak, muammo – tarbiya va o‘rnakda. Buni taqiqlar bilan emas, o‘rnak bilan to‘xtatish mumkin. Ota-ona, o‘qituvchi, do‘stlar va har birimizning tilimiz pok bo‘lsa, kelajak avlod so‘kinishni or deb biladi. So‘zga mehr uyg‘otish – tarbiyaning eng samarali usuli. Muloyim ifoda, toza so‘z jamiyatni tozalaydi, yuraklarga poklik olib kiradi.
Shuning uchun oilalarda so‘zga hurmatni qaytarishimiz kerak. Zero, millatning tanazzuli tildan, yuksalishi so‘zdandir.
Nilufar ZUBAYDOVA,
SamDChTI o‘qituvchisi.