Oila muhiti jamiyatning kayfiyati mezoni

Bugun oilalardagi muhit, undagi xotirjamlik omillari nimalarga borib taqaladi? Oilalardagi iqtisodiy muammolar bilan bir qatorda ma’naviy mezonlar ham ushbu muqaddas maskan xotirjamligiga rahna solayotgani tashvishlanarli emasmi?
Bosh vazir o‘rinbosari, oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova Samarqand viloyatida bo‘lib, aynan shu savol va masalalar, ya’ni oilalar xotirjamligini asrash, undagi ijtimoiy-ma’naviy muammolarni hal etishda mahallaning o‘rni bo‘yicha olib borilayotgan ishlarni o‘rgandi. Viloyat yoshlar markazida “Ayollar daftari”: 5 yillik sarhisob” mavzuida milliy anjuman o‘tkazildi. Unda qator hamkor tashkilotlar vakillari, faollar, oila va xotin-qizlar bo‘limlari rahbarlari, “Ayollar daftari” ro‘yxatiga kirib, u orqali o‘z hayotini izga tushirib olgan xotin-qizlar ishtirok etdi.
- Bugun oila masalalari bevosita har bir tashkilot faoliyatiga daxldor, - dedi Z.Mahkamova. – Oilalardagi xotirjamlik, ularni kambag‘allikdan chiqarish, oila a’zolarining ijtimoiy himoyasi, sifatli ta’lim, sog‘lom turmush tarzi – bularning hammasiga mas’ul tashkilotlar bor va ular doimiy hamkorlikdagina natijali ishlash mumkin. Qolaversa, bugun aholi o‘zini qiynayotgan muammolarni hal qilish uchun u tashkilotdan bu tashkilotga emas, balki o‘zi istiqomat qilayotgan mahallaga murojaat qilishi kerak. Ushbu muammolarga yechimni ham aynan shu yerda, mahalladan topishi lozim. Buning uchun mahallada barcha shart-sharoitlar mavjud. “Mahalla yettiligi” faoliyati yo‘lga qo‘yilgan, Ijtimoiy himoya milliy agentligi va uning joylardagi bo‘limlari faoliyati tashkil etilgan, mahalladagi “Ayollar daftari” tuzilmasi orqali ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlarning qator moliyaviy masalalari hal etilmoqda. Tabiiyki, muammo kattaroq bo‘lsa, faollarning masalani o‘z vaqtida kerakli mas’ullarga yetkazishi uchun ham barcha imkon bor. Muammolarni hal etishda barcha tashkilotlar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan va uni hal etishda nazorati ham olib boriladi. Bir paytlar mahalla faqat uch-to‘rt xil ma’lumotnoma beradigan joyga aylanib qolgan edi. Bugun ular uchun katta imkoniyatlar yaratildi. Bu imkoniyatlarni ishga solish, aholi bilan muloqot, ularning dardini yengillatish yo‘lida doimiy sa’y-harakat lozim. Shundagina mamlakatimiz rahbari ta’kidlagan, odamlarni rozi qilish yo‘lidagi ishlarimiz o‘z natijasini beradi.
Anjuman davomida “Ayollar daftari” orqali ro‘zg‘orini uddalayotgan, turli qiyinchiliklarni yengib o‘tayotgan ayollar bu yo‘lda ularga ko‘rsatilgan yordamning hayot yo‘llaridagi ta’siri haqida so‘zlab berishdi.
Ma’lumot o‘rnida aytish lozimki, bu yil shu paytga qadar viloyatda “Ayollar daftari”ga kiritilgan 104 ming 509 nafar xotin-qizlardan 60 ming 466 nafari yoki 57,9 foiziga amaliy yordam ko‘rsatilgan. Xususan, 44 844 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj ishsiz xotin-qizlardan 30 378 nafari yoki 67,7 foizining bandligi ta’minlangan.
Tadbirkorlik qilish istagida bo‘lgan 3292 nafar ehtiyojmand xotin-qizlardan 2410 nafariga yoki 73,2 foiziga kredit ajratilgan. Boquvchisi bo‘lmagan 23 991 nafar ehtiyojmand xotin-qizlardan 11 327 nafariga 47,2 moddiy yordam ko‘rsatildi. 267 nafar uy-joyi ta’mirlanishga muhtoj ehtiyojmand xotin-qizlardan 51 nafari, ya’ni 19,1 foizining uy-joyi ta’mirlab berilgan.
Shuningdek, Bosh vazir o‘rinbosari joylarda oilalardagi ijtimoiy-ma’naviy muammolar va ularni hal etishda olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi. Xususan, Jomboy tumanidagi Kattaqishloq, Bulung‘ur tumanidagi Mingchinor mahallasida o‘tkazilgan uchrashuvda xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, oilalardagi muammolarni erta aniqlash, yoshlar tarbiyasi, nikohgacha tayyorgarlik, ota-onalar va farzandlar o‘rtasidagi munosabatlarni yaxshilash, onalik va bolalikni muhofazasi yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar muhokama etildi. Mahallaning maqomini oshirish, aholidan tushgan murojaatlarni to‘g‘ri o‘rganish va joyida hal etish bo‘yicha Jomboy tumani tajribasi yo‘lga qo‘yilishi belgilandi.
Gulruh Mo‘minova.