Essiz mehnat, essiz mablag‘ yoki tizim yo‘qligining oqibatlari haqida aniq misollar

Viloyatda 274,2 gektar yer maydonida 69 ta kichik sanoat zonalari va 43,1 gektar yer maydonida 16 ta yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari tashkil etilgan.
Yer maydonining 54,1 gektari infratuzilma ob’yektlari uchun va ularni qurishga mahalliy byudjetdan 96,4 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan. Biroq sanoat zonalariga loyiha joylashtirilishi haqida iliq fikr bildirib bo‘lmaydi. Misol uchun, loyiha joylashtirish mumkin bo‘lgan 263,2 gektar yer maydonining 126,4 gektari yoki 48 foizi bo‘sh turibdi. Shuningdek, 29,7 gektar yer maydoniga ega 14 ta sanoat zonasida birorta ham lot auksion savdolariga chiqarilmagan.
Loyihalarning amalga oshirilishi ham qoniqarli ahvolda emas. Negaki, 136,7 gektar yerga joylashtirilgan 552 ta loyihaning 408 tasi ishga tushirilmagan. Ishga tushirilmagan 128 ta loyihaning 81 tasida 2 yil va 47 tasida 2 yildan ziyod vaqt davomida qurilish ishlari boshlanmagan.
Bugungi kunga qadar kichik sanoat zonasi ishtirokchilari tomonidan yillar davomida yer uchastkasidan samarasiz foydalanilganligi sababli 75 ta holat yuzasidan sud organlari orqali 20,8 gektar yer maydoni davlat zaxirasiga qaytarilib, qayta auksion savdolariga chiqarish bo‘yicha tegishli takliflar berilgan.
Qayd qilinganlarga qaramasdan sanoat zonalarida ishga tushirilgan loyihalar ham bor. Tahlillarga ko‘ra, ularda ham e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan masalalar mavjud. Jumladan, sanoat zonalarida hisobotlar bo‘yicha ishga tushirilgan 169 ta loyiha joyida o‘rganilganda 41 tasida bir yildan ziyod vaqt davomida ishlab chiqarish to‘xtab qolgani, shundan 13 ta loyiha ishga tushirilmaganligi aniqlangan.
Sanoat korxonasi o‘rniga uy-joy qurish foydalimi?
Albatta, har bir lot aniq maqsad, to‘g‘rirog‘i, investorga muayyan vazifa yuklab berilgan. Biroq ayrim tadbirkorlar “Sanoat zonasidan bo‘lsayam yerni olib bo‘ldim, endi nima qilsam o‘zim bilaman” qabilida ish tutgan. O‘rganishlar davomida sanoat zonalaridagi yer maydonlari investitsiya majburiyatlarida ko‘rsatilganidan boshqa maqsadlarda foydalanish holatlari ham aniqlangan.
Masalan, 2018 yilda “Zarinaxon Sam prestij” xususiy korxonasiga mebel ishlab chiqarish loyihasi uchun Oqdaryo tumanidagi “Dahbed MTP” kichik sanoat zonasidan 0,6 gektar yer maydoni ajratilgan.
Korxona tomonidan investitsiya majburiyatlarni bajarmaganligi sababli 2020 yil kichik sanoat zonasi ishtirokchisi maqomi bekor qilingan. Lekin ayni o‘sha yilda yer maydoni doimiy foydalanish huquqi bilan kadastr hujjatlari rasmiylashtirib berilgan. Oqibatda korxona tomonidan ko‘p qavatli turar joy qurish uchun harakat boshlangan.
Balki, sanoat korxonasi qurib, uni ishga tushirgandan ko‘ra, uy-joy qurib pullash foydaliroqdir. Ammo ijtimoiy mas’uliyat-chi? Axir, yer yangi ish o‘rinlari ochish, soliqqa qo‘shimcha tushum manbalarini yaratish, pirovardida tumanning iqtisodiy holatini yaxshilash uchun ajratilmaganmidi?
Boz ustiga ushbu kichik sanoat zonasida tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishda qulay bo‘lishi uchun 1,4 milliard so‘m byudjet mablag‘lari ajratilgan. Aniqrog‘i, hududda kommunikatsiya tarmoqlarini qurish uchun shuncha pul sarflangan.
Bunday holat Payariq tumanida ham aniqlangan. Jumladan, tumandagi “Chelak MMTP” kichik sanoat zonasida tadbirkor "Shunqor Ahmedov" xususiy korxonasi tomonidan tikuvchilik loyihasi belgilangan bo‘lsa-da, ajatilgan yer maydonida ko‘p qavatli uy-joy qurilayotganligi aniqlangan.
Savol tug‘iladi, qaysi hududda tadbirkorlar tomonidan qurilayotgan ko‘p qavatli uy-joylarning kommunikatsiya tarmoqlari uchun byudjetdan 1 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi?
Soliq tushumlari ko‘ngildagidek emas
Faoliyat ko‘rsatayotgan 103 ta korxonaning soliq hisobotlari tahlil qilingan 2024 yil davomida 71 ta korxona tomonidan bor-yo‘g‘i 18,5 milliard so‘m soliq to‘langan. Joriy yilning birinchi choragida 61 ta korxona tomonidan 4,7 milliard so‘m soliq to‘lovlari amalga oshirilgan, xolos.
Vaholanki, 2018 yildan boshlab ushbu sanoat zonalarini tashkil etish va kommunikatsiya tarmoqlarini qurish uchun 96,4 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan bo‘lsa, 24,5 ming kvadrat metr davlat mulki binosi “nol” qiymatda berilgan.
Bu raqamlar hali foyda u yoqda tursin, sarflangan mablag‘ qaytmayotganini ko‘rsatmaydimi?
Tahlillarga ko‘ra, Samarqand shahrida kommunikatsiya tarmoqlari mavjud 3,8 gektar yer maydoni hamda 3,7 ming kvadrat metr bino “nol” qiymatda ajratilgan. Lekin 2024 yilda 7,2 milliard va joriy yilning 1-choragida 443 million so‘m soliq to‘langan.
Bunday holat nima deb nomlanadi: o‘zibo‘larchilikmi yoki beparvolik?
Har nima bo‘lganda ham mavjud holat faqat viloyat rahbarini emas, soha mas’ullarini, quyidagi mutasaddilarni ham jiddiy o‘ylashga, zarur chora-tadbirlarni amalga oshirishga undashi shart.
Shu o‘rinda yana bir gapni aytib o‘tish lozim. Kichik sanoat zonasi ishtirokchisi direksiya bilan bitim imzolaydi. Ushbu bitim asosida tomonlarning majburiyatlari mavjud bo‘lib, KSZ ishtirokchisi tomonidan investitsiya majburiyatini bajarish, qurilish-pudrat ishlarini belgilangan me’yorlar asosida o‘z vaqtida yakunlash va bu haqda direksiyaga ma’lumot taqdim etishi belgilanadi.
62,6 gektar yer maydoniga ega bo‘lgan 341 ta lotlarda joylashtirilgan loyihalarda bugungi kunga qadar qurilish ishlari oxiriga yetkazilmagan yoki umuman boshlanmagan.
Ikki tomon imzolagan bitimga ko‘ra, KSZ ishtirokchilari tomonidan belgilangan majburiyatlar bajarilmagan taqdirda va yoki noqonuniy xatti-harakatlar kuzatilgan taqdirda direksiya tomonidan tegishli tartibda huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan birgalikda choralar ko‘rishi kerak.
Mavjud muammo va kamchiliklar viloyat hokimligi apparat yig‘ilishida atroflicha muhokama qilindi. Mutasaddilardan izoh so‘ralib, aniq topshiriqlar berildi.
Hammasi iziga tushib ketarmikan?!
Yoqubjon Marqayev tayyorladi.