Samarqandda 300 gektar maydonda yangi maxsus sanoat zonasi tashkil etilishi belgilandi
Bu haqda Prezident ishtirokidagi yig‘ilishda ma’lum qilindi. Ta’kidlanishicha, bugungi kunda hududlarda 35 ta tekstil-bo‘yoq va 14 ta terini qayta ishlash bo‘yicha yangi loyihalar tayyorlangan.
Shu munosabat bilan yil yakuniga qadar tekstil-bo‘yoq va terini qayta ishlash bo‘yicha industrial parklar tashkil etish, zamonaviy tozalash inshootlarini qurish bo‘yicha loyihalarni boshlash vazifasi qo‘yildi.
Mutasaddilar viloyat hokimlari bilan birga ushbu ishlar hisobidan 20 mingta ish o‘rni yaratishi, qo‘shimcha 250 million dollar eksportni ta’minlashi shartligi ta’kidlandi.
Buxoro, Jizzax, Samarqand, Surxondaryo, Toshkent viloyati, Farg‘ona tadbirkorlari bu imkoniyatdan foydalanib, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha 630 mln dollarlik yangi loyihalarni boshlash tashabbusi bilan chiqqan. Ularni infratuzilma bilan ta’minlash uchun joriy yilda 120 mlrd so‘m ajratiladi.
Boshqa hududlardan ham yangi loyiha takliflari bo‘lsa, ular uchun yana 50 mlrd so‘m ajratilishi ta’kidlandi.
Yig‘ilishda Samarqandda 300 gektar maydonda yangi maxsus sanoat zonasi tashkil etilishi belgilandi.