Kichik sanoat zonalari samara beryaptimi?
Xalq deputatlari viloyat Kengashining 101-sessiyasida samarasiz deb topilgan bir qator kichik sanoat zonalarini tugatish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Biz hududlarda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va eng asosiysi, aholini ish bilan ta’minlash maqsadida tashkil etilgan mazkur zonalar nima sababdan tugatilganligi, qolganlarida vaziyat qanday ekanligi bo‘yicha surishtiruv olib bordik.
Qaror bilan Samarqand, Kattaqo‘rg‘on shaharlari, Jomboy, Oqdaryo, Past Darg‘om, Bulung‘ur, Payariq, Paxtachi, Samarqand, Qo‘shrabot, Urgut, Toyloq va Nurobod tumanlaridagi 20 ta kichik sanoat zonasi tugatilgan. Viloyat bo‘yicha ularning umumiy soni shungacha 90 ta bo‘lganligini inobatga olsak, bu kichik raqam emas. Demak, ayni qaror uchun jiddiy asoslar bo‘lgan.
— Albatta, tugatilishidan oldin tegishli hududlar bo‘yicha o‘rganish ishlari olib borilib, tahlil va xulosalar qilindi, - deydi viloyat kichik va yoshlar sanoat zonalarini boshqarish bo‘yicha yagona direksiya direktori Alisher Qamarov. –Ma’lum bo‘ldiki, ba’zi hududlarda infratuzilmani shakllantirish ularga kiritiladigan investitsiya mablag‘laridan ham qimmatga tushadi. Tabiiyki, noqulay va aholi punktidan uzoq hududda istiqbolli loyihalarni amalga oshirish murakkab. Shu bois ular tugatilib, asosiy e’tibor mavjudlarini rivojlantirishga qaratildi.
Biz mas’ulga o‘rganish va tahlillar mazkur hududlar tanlanishidan oldin amalga oshirilishi kerak emasmidi, degan savolni ham berdik. Ta’kidlanishicha, u mazkur vazifaga o‘tgach, ishni hududlarni qayta xatlovdan o‘tkazishdan boshlagan. Bugungacha Payariq, Toyloq va Samarqand tumanlaridan boshqa barcha hududlardagi zonalar xatlovi to‘liq yakunlanib, muammo va ularning yechimlari bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olingan.
— Vaziyatni bilmay turib, samarasiz zonalar shunchaki hisobot uchun ajratilgan, degan xulosaga kelish mumkin, - deydi Alisher Qamarov. – Ammo bu ko‘proq tajribasizlik oqibati. Sababi, iqtisodiy zonalar tushunchasining o‘zi yangilik bo‘ldi. O‘tgan vaqtda uning qanday ishlashi, ishlatilishi borasida tajriba to‘pladik. O‘tkazilayotgan xatlov xatolarimizni to‘g‘rilash imkoniyatini bermoqda. Xususan, jarayonda aksariyat tadbirkorlar zonalarni shunchaki vaqtni o‘tkazib, ulardagi bino va inshootlarni xususiylashtirib olish maqsadida saqlab kelayotganligi aniq bo‘ldi. Ya’ni, ular yillar davomida investitsiya majburiyatlarini bajarmagan yoki qisman, nomigangina bajargan. Ular bilan tuzilgan shartnomalar bekor qilinib, hududlar qayta elektron-onlayn auksion savdolariga chiqarilmoqda. Shu kunda majburiyatlarini bajarmagan 30 nafarga yaqin tadbirkorning ishi sudda ko‘rib chiqilyapti.
Shu yerda egalik masalasiga oydinlik kiritib o‘tish maqsadga muvofiq. Kichik sanoat zonalari to‘g‘risidagi nizomga muvofiq, tadbirkorlarga tegishli hududda o‘z mablag‘lari hisobidan qurilgan bino va inshootlarga egalik huquqini belgilangan tartibda rasmiylashtirishga ruxsat berilgan. Bunda ular o‘ziga berilgan bino va inshootlarni (yoki ularning qismini) investitsiya va boshqa ijtimoiy majburiyatlarni to‘liq bajarish sharti bilan, ammo kichik sanoat zonasi ishtirokchisi maqomini olgan sanadan boshlab besh yildan kam bo‘lmagan muddatda xususiylashtirishi mumkin. Tadbirkorning o‘z mablag‘lari hisobidan rekonstruksiya qilingan yoki kapital ta’mirlangan bino va inshootlar uchun esa uch yil muddat ko‘rsatilgan. Bu yerda e’tibor qaratishingiz kerak bo‘lgan asosiy talab - “investitsiya va boshqa ijtimoiy majburiyatlarni to‘liq bajarish sharti” hisoblanadi. Agar u bajarilmasa yoki chala bajarilsa, xususiylashtirish amalga oshirilmaydi.
Tanganing ikkinchi tomoni ham bor. Ya’ni, kichik sanoat zonasi ishtirokchilari faoliyatini to‘laqonli amalga oshirishi uchun zarur tashqi muhandislik-texnik kommunikatsiyalari bilan ta’minlanishi lozim. Agar u to‘liq ta’minlanmasa yoki ishlab chiqarish faoliyatining boshlanishi kechikishiga ob’yektiv boshqa sabablar mavjud bo‘lsa, ular Ma’muriy kengashning qarori asosida investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish muddatini uzaytirishni talab qilish huquqiga ega. Ma’lumotga ko‘ra, ayni kunda viloyatdagi 29 ta kichik sanoat zonasi muhandislik-texnik kommunikatsiyalar bilan ta’minlangan, qolgani esa yo‘q. Biz Kattaqo‘rg‘on tumani misolida holatni o‘rganishga harakat qildik.
Tumanning Kattaming mahallasi hududida ikkita sanoat zonasi joylashgan. Ulardan biri - “Mobitex” mas’uliyati cheklangan jamiyati. Korxona tayyor trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi.
— Loyihaga 4 million AQSh dollari tikkanmiz, - deydi korxona rahbari Alisher Rahmonov. – Ishni boshlaganimizga ikki yil bo‘ldi. Hozircha 100 nafardan ortiq ishchimiz bor. Faoliyatimizni yanada kengaytirishga tayyormiz, lekin 150 ta bo‘sh ish o‘rniga nomzodlarni topa olmayapmiz. Ishchi kuchi yetishmayapti.
Korxonada xodimlar bajargan ishiga qarab, 1 million so‘mdan 4 million so‘mgacha maosh olar ekan. Ular tushlik bilan ta’minlanadi, kelib-ketishi uchun transport ajratilgan. Shunga qaramay, yangi ishchilarni bu hududga jalb qilish muammo bo‘lyapti.
Yana bir muammo elektr energiyasi ta’minoti bilan bog‘liq. Tadbirkorning aytishicha, korxonada tez-tez elektr ta’minoti uziladi. Bu ishlab chiqarish sanoatida zarar degani. Yuqoridagi holatda esa ishning to‘xtashi, ishchilarga ham yetarlicha ish bajarish va daromadini oshirish imkonini bermaydi. Tabiiyki, bunday sharoitda hamma ham ishlashni istamaydi.
Unga tutash hududdagi “Kattaqo‘rg‘on shifer” mas’uliyati cheklangan jamiyatida ham vaziyat shunday. Bu korxona mavsumiy ishlasa ham elektr energiyasidagi uzilishlar unga zarar keltirayotgan ekan.
— Mavsumda 56 nafar ishchini yollaymiz, 15 nafar doimiy ishchimiz bor, - deydi korxona rahbari Sunnatillo Berdiyev. – Har gal elektr energiyasi 40 minutdan ortiq uzilsa, uskunadagi qorishma yaroqsiz holatga keladi va o‘rtacha 20 million so‘m zarar qilamiz. Afsuski, bunday holat tez-tez bo‘lib turadi. Faoliyatimizni to‘liq yo‘lga qo‘yishimiz uchun tabiiy gaz ham kerak. To‘g‘ri, tarmoq tortib berildi. Ammo undagi yo‘qotishlar sababli gaz bosimi juda past. Agar shu muammolar hal qilib berilsa, daromadga chiqishimiz aniq.
Ma’lumot uchun, korxona 2021 yilda kichik sanoat zonasi ishtirokchisiga aylangan. Ya’ni, oradan 3 yildan ortiq vaqt o‘tgan va loyihaga katta mablag‘ yo‘naltirilgan bo‘lsa-da, tadbirkor daromadga chiqa olmayapti va bu birgina holat emas.
To‘g‘ri, kichik sanoat zonalari ishtirokchilari ichida zarur infratuzilma bilan to‘liq ta’minlangan, o‘tgan davrda yaxshigina yutuqlarga erishganlari ham ko‘p. Umumiy statistika aynan shularning hisobiga ko‘tarilmoqda. Ammo bu imkoniyat boshqalarga ham o‘z vaqtida berilsa, samaradorlik yanada yuqori bo‘lar edi.
Tadbirkor ishlasa, soliq to‘laydi, demak davlatga foyda keltiradi. Qolaversa, yangi ish o‘rinlari aholi o‘rtasida ishsizlikni qisqartirish, oilalarning daromadini oshirishga xizmat qiladi.
Direksiyadan olingan ma’lumotga ko‘ra, joriy yil viloyatdagi 21 ta kichik sanoat zonasida zarur infratuzilmani yaratish uchun 18 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan. Bu yaxshi. Ammo jarayonda raqam emas, sifatga ham e’tibor berilsa, xususan, tadbirkorlar uchun elektr energiyasidagi uzilishlar va tabiiy gaz bosimining pastligi muammosi hal etib berilsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi.
Asqar BAROTOV.