Samarqandning sanoat salohiyati qanchaga ortdi?

Shu yilning 30-31 may kunlari Jomboy tumanidagi “Sof Expo Samarkand” ko‘rgazmalar majmuasida hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasi va Samarqand sanoatchilari forumi bo‘lib o‘tdi.

Ko‘rgazmada 300 dan ortiq mahalliy ishlab chiqaruvchilar 1700 dan ortiq mahsulot turlari va yoshlarning startap loyihalari, ilmiy ishlanmalar namoyishlari ham tashkil qilindi.

Ko‘rgazmadan ko‘rinib turibdiki, viloyatda sanoat ishlab chiqarish hajmi hamda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning turlari ko‘paygan. Viloyatning sanoat sohasi salohiyatini o‘rganish maqsadida statistik raqamlariga e’tibor qaratamiz.

Viloyat bo‘yicha sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 2010 yilda 2 trillion 11,2 milliard so‘mni tashkil etgan. Ushbu ko‘rsatkich 2016 yilga kelib 7 trillion 446 milliard so‘mga yetgan bo‘lsa, 2022 yil yakuni bilan 29 trillion 373,6 milliard so‘mni tashkil etmoqda. Ya’ni, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 2022 yilga kelib 2010 yilga nisbatan 14,6 barobarga oshgan bo‘lsa, 2016 yilga nisbatan qariyb 4 barobarga oshganini ko‘rishimiz mumkin. Shuningdek, viloyatda iste’mol mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 2010 yilda 1 trillion 412,4 milliard so‘mni, 2016 yilda esa 5 trillion 79,8 milliard so‘mni hamda 2022 yilga kelib 18 trillion 374,5 milliard so‘mni tashkil etmoqda.

Viloyat bo‘yicha ishlab chiqarilgan iste’mol mollari  aholi jon boshiga 2010 yilda 442,1 ming so‘mdan to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, ushbu ko‘rsatkich 2016 yilga kelib 1 404,1 ming so‘mga hamda 2022 yilda 4 509,2 so‘mga to‘g‘ri kelgan. O‘sish sur’atlarini olib qaraydigan bo‘lsak, 2022 yilga kelib 2016 yilga nisbatan 3,2 martaga oshgani ko‘rinib turibdi.

Bugungi kunda viloyatimizda ishlab chiqarilayotgan sanoat mahsulotlarining yuqori qismi Samarqand shahri hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Statistik raqamlarga qaraydigan bo‘lsak, 2010 yilda viloyat bo‘yicha ishlab chiqarilgan sanoat mahsulotlarining 59,7 foizi Samarqand shahar hissasiga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, 2016 yilda 41,8 foizini hamda 2022 yilda 45,2 foizini tashkil etmoqda. 2022 yil yakuniga ko‘ra, 2016 yilga nisbata Toyloq tumanining viloyatdagi ulushi 7,8 foiz (2010 yilda 1,8 foiz) hamda Jomboy tumani 10,6 (2010 yilda 3,5 foiz) Samarqand tumani 7,0 foiz (2010 yilda 4,8 foiz) bo‘lganini ko‘rishimiz mumkin.

 

Fazlulloh EShONQULOV,

viloyat statistika boshqarmasi axborot xizmati rahbari.