Samarqandda Germaniya kapitali ishtirokida 9 ta korxona faoliyat yuritmoqda

Germaniya Federativ Respublikasi dunyoning yirik iqtisodiyoti davlatlaridan biri hisoblanadi. Mamlakatda ta’lim, tibbiyot, mashinasozlik, og‘ir sanoat, texnologik uskunalar ishlab chiqarish rivojlanlangan. O‘tgan asrning ikkinchi yarmidan Olmon o‘lkasi sanoat ishlab chiqarishining yangi sikliga o‘tdi. Hozir dunyoda Germaniya texnologiyasi va standartlarini joriy etgan davlatlar talaygina. Jumladan, O‘zbekistonda ham ushbu davlat bilan iqtisodiy hamkorlik aloqalari yil sayin o‘sib bormoqda. Xususan, viloyatimizda Germaniya kompaniyalari kapitali ishtirokida jami 9 ta qo‘shma korxona faoliyat yuritmoqda.

Oqdaryo tumanida mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklida faoliyat yuritayotgan “SAM TEXNO KOMPONENT” qo‘shma korxonasi Samarqand avtobil zavodida ishlab chiqarilayotgan avtobuslarga butlovchi qismlar ishlab chiqarayotgan bo‘lsa, tumandagi “ZARAFShON LOHMANN PARRANDA” korxonasi parrandachilikni rivojlantirish yo‘nalishida ish olib bormoqda. Shuningdek, Payariq tumanidagi “O‘ZBEGIM AGRO" O‘zbekiston-Germaniya qo‘shma korxonasida sutni qayta ishlash, Past Darg‘om tumanidagi “AGRO KONTINENT GARDEN” korxonasida bog‘dorchilik yo‘lga qo‘yilgan.

- 2018 yilda germaniyalik ishbilarmonlar bilan internet tarmog‘i orqali tanishib, uchrashdik va hamkorlik qilishga kelishdik, - deydi Oqdaryo tumanidagi “SAM TEXNO KOMPONENT” ijrochi direktori Shahboz Rahmatov. – Shundan so‘ng ular ta’sischiligida kerakli uskunalar keltirildi. Hozirda olti nafar ishchi bilan avtobuslarning oyna tozalagich, isitkich va magnitofon kabi o‘nga yaqin qismlarini ishlab chiqaryapmiz. Korxonamizda mahalliylashtirish darajasi 30 foizga yetib qoldi. Hozirda universal halokat tuynuklarini sinovdan o‘tkazyapmiz. Yana bir nechta yangi qismlarni ishlab chiqarmoqchimiz.

Viloyat investitsiya, sanoat va tashqi savdo boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yilda viloyatda amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari doirasida Germaniyadan jami 29,3 million dollar investitsiya o‘zlashtirilgan.

Shuningdek, o‘tgan yil viloyatimizning Germaniya bilan tovar aylanmasi

55,9 million dollarni tashkil etdi. Ushbu davlatga asosan quritilgan meva-sabzavot, mayiz, qalampir va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksport qilindi.

Joriy yilning o‘tgan davrida esa Germaniya bilan tovar aylanmasi 35,6 million dollarni tashkil etib, 32,9 million dollarlik import hamda 2,7 million dollarlik eksport amalga oshirildi.

O‘ktam XUDOYBERDIYeV.