Hududlar toifalarga ajratildi. Nimalar o‘zgaradi?

«Respublika hududlarini toifalarga ajratish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashning tabaqalashtirilgan tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident farmoni bilan  respublikamizdagi 208 ta tuman va shahar besh toifaga bo‘lindi.

Viloyatimizdagi tuman va shaharlar toifalarga bo‘linganda tadbirkorlik uchun rivojlangan hudud bo‘lgan Samarqand shahri birinchi toifaga, infratuzilmasi yaxshi bo‘lgan Jomboy, Samarqand va Toyloq tumanlari ikkinchi toifaga kirdi. Sharoiti nisbatan qoniqarli bo‘lgan Kattaqo‘rg‘on shahri, Bulung‘ur, Ishtixon, Narpay, Oqdaryo, Past Darg‘om va Urgut tumanlari uchinchi toifada qayd etildi.  To‘rtinchi – jozibadorligi yetarli bo‘lmagan hududlar sifatida Kattaqo‘rg‘on, Nurobod, Paxtachi va Payariq tumanlari qayd etildi. Viloyatning Qo‘shrabot tumanigina beshinchi toifada sharoiti og‘ir bo‘lgan hudud, deb topildi. 

– Hududlarning toifalarga bo‘linishida ekspertlarning fikrlari hamda iqtisodiy ko‘rsatkichlar, sohalar rivojlanishida viloyatdagi ulushi hamda aholi jon boshiga iqtisodiy ko‘rsatkichlar to‘g‘ri kelishi tahlillari e’tiborga olingan, – deydi viloyat hokimligi axborot-tahlil guruhi rahbari S.Abirahmatov. – Endilikda ularni rivojlantirish, tadbirkorlik sub’yektlarini qo‘llab-quvvatlash, aholini ijtimoiy himoya qilishga alohida yondashuv bo‘ladi. Jumladan, 2026 yil 1 yanvarga qadar soliq solishning tabaqalashtirilgan tartibi joriy etiladi. Ya’ni, beshinchi toifadagi Qo‘shrabot tumanida ro‘yxatdan o‘tgan va shu hududda faoliyat yuritadigan tadbirkorlar (yirik soliq to‘lovchilar, doimiy muassasa, byudjet tashkiloti va davlat korxonasi, ustav jamg‘armasi (kapitali)da davlat ulushi 50 foiz va undan ko‘proq miqdorda bo‘lgan yuridik shaxslar bundan mustasno) foyda solig‘i, aylanmadan olinadigan soliq va ijtimoiy soliqni 1 foiz miqdorida to‘laydi. Shuningdek, yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq va yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘ini mazkur soliqlar bo‘yicha hisoblangan summaning 1 foizi miqdoridagi soliq stavkalari qo‘llaniladi. Ushbu imtiyoz tufayli tumandagi 1349 nafar tadbirkor ixtiyorida 13,4 milliard so‘m mablag‘ qolmoqda va shuning hisobidan ular faoliyatini kengaytirish imkoniyatiga ega bo‘ladi. 

Shuningdek, beshinchi toifadagi hududda ro‘yxatdan o‘tgan va shu yerda faoliyat yuritadigan yakka tartibdagi tadbirkorlar jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining qat’iy belgilangan summalarini to‘lashdan ozod qilindi. Jumladan, Qo‘shrabotdagi 715 nafar yakka tartibdagi tadbirkor qat’iy soliq to‘lashdan ozod etildi. Ular 2022 yilda 295 million so‘m to‘lagan va joriy yilda 324 million so‘m to‘lashi kerak edi.

Aholini tadbirkorlikka jalb qilish, kambag‘allikni qisqartirish va bandlikni ta’minlash bugungi kunning eng dolzarb masalalaridan hisoblanadi. Shu bois, Aholini tadbirkorlikka jalb qilish jamg‘armasidan sug‘orish vositalarini xarid qilish, ishsizlar, kam ta’minlangan oilalar a’zolari va migratsiyadan qaytgan shaxslarga qishloq xo‘jaligi kooperativlari ustav fondiga ulush sifatida kiritish uchun subsidiya ajratish miqdorlari ham birinchi toifadan tashqari boshqa toifalardagi hududlarda o‘zgardi. Ya’ni, birinchi toifadagi hududlarga BHMning 10 baravarigacha, ikkinchi va uchinchi toifalardagi hududlarga 12 baravarigacha, to‘rtinchi va beshinchi toifalardagi tumanlarda 15 baravarigacha subsidiya beriladi. Xuddi shunday, «Usta-shogird» an’analari asosida yoshlarga hunar o‘rgatayotgan hunarmandlarga shogirdlar tayyorlash, xomashyo sotib olish va shogirdlarni ish haqi bilan ta’minlash uchun subsidiya miqdorlari to‘rtinchi va beshinchi toifadagi tumanlarda BHMning 2 baravaridan 5 baravarigacha oshirildi. O‘quv kurslarini tamomlagan har bir bitiruvchi uchun o‘qitish bo‘yicha nodavlat ta’lim tashkilotlariga sarflangan xarajatlarning har bir bitiruvchisiga 1 million so‘mdan oshmagan holda kompensatsiya qilish uchun subsidiya ajratish miqdorlari ham to‘rtinchi va beshinchi toifadagi tumanlar uchun 70 foizdan 80, 100 foizgacha o‘zgardi. Bu tartibda subsidiya ajratish orqali norasmiy sektorda band bo‘lganlar ulushi qisqartiriladi va ularning band aholi sonidagi ulushi 2026 yilga qadar kamaytiriladi.

Misol uchun, birgina umumiy qurilish ishlari bilan shug‘ullanayotgan yakka tartibdagi tadbirkorlarga kamida 3 nafardan ishchi yollagan taqdirda, viloyatdagi 1126 ta mahallada kamida ikkitadan qurilish brigadalari tuzilgan taqdirda 9 mingdan ortiq fuqaroning rasmiy bandligi ta’minlanadi. Tumanlarda tomorqa yer xo‘jaliklarida 30 foiz mahalla hududida kamida bittadan kasanachilik tashkil etilib, ularga 25 nafardan ishsiz yoki norasmiy band fuqarolar biriktirilganda 6,5 mingdan ortiq fuqaroning rasmiy bandligi ta’minlanadi. Eng muhimi, to‘rtinchi va beshinchi toifadagi hududlarda ishsizlarni kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish, muayyan kasb bilan ta’minlash darajasi kamida 1,5 baravarga oshadi. 

Bundan tashqari, 2023 yil 1 yanvardan 2026 yil 1 yanvarga qadar davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bola ta’minoti uchun ota-onalar to‘lovi miqdoriga nisbatan tumanlarning toifasidan kelib chiqib, 5 va 4-toifadagi tumanlarda - 50 foiz, 3-toifadagi tumanlarda (shahar aholi punktlaridan tashqari) - 30 foizgacha kamaytiruvchi koeffitsiyentlar qo‘llanadi.

Bu albatta, hududlarni iqtisodiy rivojlantirish, aholi bandligi va farovonlikni ta’minlashdagi dastlabki harakatlar. Rejalar to‘liq amalga kiritilib, tadbirkorlikni kengaytirish va hududlarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish bosqichlariga o‘tadi. Pirovardida ishsizlikni kamaytirish, norasmiy sektorda mehnat qilayotganlar faoliyatini legallashtirish va aholi turmushining farovonlashuviga xizmat qiladi.

O‘ktam Xudoyberdiyev.