36 ming gektar maydonda dorivor o‘simliklar plantatsiyalari tashkil etiladi
Xabar berganimizdek, bugun Jomboy tumanidagi “SOF EXPO Samarkand” ko‘rgazmalar majmuasida Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi, viloyat hokimligi hamda boshqa hamkor tashkilotlar tashabbusi bilan dorivor o‘simliklar mahsulotlarining birinchi xalqaro ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.
“Abu Ali ibn Sino merosi” deb nomlangan ko‘rgazmada soha mutasaddilari, dorivor o‘simliklar yetishtiruvchi va uni qayta ishlovchi yuzga yaqin mahalliy tadbirkor o‘z mahsulotlari bilan ishtirok etdi. Shuningdek, tadbirda Kimyo-farmatsevtika ilmiy-tadqiqot instituti, Xalq tabobati assotsiatsiyasi, Sharq tabobati instituti vakillari qatnashdi.
- Mamlakatimizda mahalliy floraga mansub o‘simliklarning 750 turi dorivor hisoblanib, ulardan 112 turi ilmiy tibbiyotda foydalanish uchun ro‘yxatga olingan, shundan 70 ta turi farmatsevtika sanoatida faol qo‘llanib kelinadi, - deydi Toshkent davlat agrar universiteti dorivor o‘simliklar kafedrasi mudiri Abdumo‘min G‘aniyev. - Yurtimiz dorivor o‘simliklarga boy, afsuski, undan unumli foydalana olmasdik. Sababi, tibbiyotning bu yo‘nalishiga e’tibor kam edi. Endi sohaga e’tibor oshyapti. Litsenziyali, malakali tabobatchilar bemalol faoliyat yuritishi mumkin. Prezidentimiz tomonidan sohaga oid imzolangan bir qator farmon va qarorlar yurtimizda dorivor o‘simliklarni yetishtirish, qayta ishlash, shuningdek, ularning eksportini amalga oshirishga keng imkoniyat yaratdi.
Ushbu ko‘rgazmada dorivor o‘simliklarni yetishtirayotganlar, uni qayta ishlayotgan farmatsevtlar, tabobatchilar, shifokorlar ishtirok etyapti. Bu albatta, sohaning uyg‘un rivojlanishiga zamin yaratadi. Biz moliyaviy foyda haqida gapiryapmiz, aslida uning xalq salomatligidagi o‘rnini hech narsa bilan baholab bo‘lmaydi. O‘ylaymanki, ushbu ko‘rgazma mamlakatimizda tabobat rivojida muhim qadamlardan biri bo‘ldi.
“Mehrigiyo” xususiy korxonasi yaqinda xalqaro “Organic” sertifikatini oldi. Ushbu korxona 45 turdagi dorivor o‘simliklardan tayyorlangan mahsulotlarni ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.
- Ayni paytda korxonada dorivor o‘simliklarni yetishtirish va ularni qayta ishlash asosida yuzdan ziyod shifobaxsh choy, sharbat va asalli mahsulotlar tayyorlash yo‘lga qo‘yilgan, - deydi korxonaning Samarqand viloyat bo‘limi rahbari Elyor Tursunov. - Ishlab chiqarilgan mahsulotlar MDH davlatlariga eksport qilinyapti. Kelgusida Yevropa va arab davlatlariga ham mahsulot sotishni rejalashtirganmiz.
Ta’kidlash lozimki, jahonda ushbu sohada mamlakatimizning salohiyati yuqori baholanadi. Xususan, 2021 yilda qizilmiya ekstrakti aylanmasi dunyo bo‘yicha 200 million dollarni tashkil etib, mamlakatimiz 31 million dollar eksport qiymati bilan birinchi o‘rinni egalladi.
Bugungi kunda dorivor xomashyoni qayta ishlash eng daromadli sohalardan biriga aylandi. Shundan kelib chiqib, endilikda tumanlar dorivor o‘simliklar yetishtirish bo‘yicha ixtisoslashtiriladi. 2026 yilgacha 36 ming gektar maydonda yangi dorivor o‘simliklar plantatsiyalari tashkil etiladi.
Sulaymon Mardiyev.