Samarqandning qadimiy sirlari va Yahyo G‘ulomovning ilmiy merosi

Birinchi o‘zbek arxeologi, O‘rta Osiyo qadimiy tarixi atoqli mutaxassisi, ilmiy tashkilotchi, pedagog Yahyo G‘ulomov 1908 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. U Samarqand shahridagi O‘zbekiston davlat pedagogika institutining ijtimoiy-iqtisodiy fakultetini tamomlagan.

Ya.G‘ulomov Samarqandda o‘qib yurgan chog‘larida P.Soliyev, M.Saidjonov, V.Vyatkin va boshqa mashhur olimlarning ma’ruzalarida qatnashar edi. Lekin arxeologiya va sharqshunoslikka oid ilmiy qiziqishlariga katta ta’sir yigitning Vasiliy Vyatkin bilan tanishuvi bo‘ldi. Samarqand yodgorliklari taniqli mutaxassisi ham o‘z e’tiborini har bir ma’ruzadan so‘ng ko‘plab savollar bilan murojaat qilgan izlanuvchan talabaga qaratdi.

Yahyo G‘ulomovning O‘zbekiston moddiy madaniyati yodgorliklarini o‘rganish va saqlash, hunarmandchilik tarixi, Samarqanddagi Mirzo Ulug‘bek madrasasining shimoliy-sharqiy minorasini saqlab qolish muammosi va boshqalarga bag‘ishlangan ilk ilmiy nashrlari 1930 yillarning boshlarida paydo bo‘la boshladi.

XX asrning 60-yillarida Yahyo G‘ulomovich rahbarligida hudud yaxlitligini saqlab qolish maqsadida Samarqanddagi Afrosiyob manzilgohida jadal arxeologik ishlar va keng ko‘lamli izlanishlar davom ettirildi va bu sohada muhim ilmiy yutuqlarga erishildi.

Qayd etish joizki, Ya.G‘ulomov siymosi Samarqand shahrining yoshini (2500 yil) aniqlashga qaratilgan voqealar bilan chambarchas bog‘liq. 1958 yilda Afrosiyobda boshlanib ketgan qazish ishlari keyinchalik (1965) arxeolog va sharqshunos V.Shishkin rahbarligidagi yirik arxeologik ekspeditsiyaga aylanib ketdi.

To‘plangan arxeologik materiallar ilmiy jamoatchilik orasida qizg‘in munozaralarga sabab bo‘ldi. Olimlarning bir guruhi Samarqand (Maroqand) Iskandar Zulqarnayn davrida Qadimgi So‘g‘diyonaning poytaxti bo‘lgan degan taxminga amal qilgan. Boshqa bir guruh esa, ayniqsa, “antik davrda bu hududda faqat vaqtinchalik manzilgohlar bo‘lgan, shahar hayoti esa milodiy IV–VI asrlarda birinchi va ikkinchi shahar devorlari hamda qal’a devori qurilishidan boshlangan”, deb ta’kidlagan ekan.

Shu yillarni eslab, akademik Yu.Buryakov shunday deb yozgan edi:

- V.Shishkin vafotidan so‘ng ekspeditsiyaga rahbarlik qilgan Yahyo G‘ulomov shahar yoshini o‘rganishni o‘zining eng muhim vazifalardan biri qilib qo‘ydi... Uning izlanishlaridagi materiallar va istehkomlar Samarqandning yoshi kamida 2500 yil bo‘lganligini aniqlash imkonini berdi.

1969 yilning bahorida Ya.G‘ulomovning Leningradda bo‘lib o‘tgan arxeolog va etnograflar sessiyasidagi O‘rta Osiyo mutaxassislari bo‘limida qilgan ma’ruzasi ishtirokchilarga shunday taassurot qoldirdiki, konferensiyaga raislik qilgan rais B.Piotrovskiy bu ma’ruzani Butunittifoq sessiyasining yakuniy yalpi majlisiga olib chiqdi.

Ya.G‘ulomov ma’ruzasi mamlakatining barcha arxeologlari tomonidan to‘liq qo‘llab-quvvatlandi va ekspeditsiya materiallari Samarqand yubileyining birinchi sanasini belgilash taklifiga asos bo‘la oldi.

1970 yilda tashkil etilgan Ya.G‘ulomov nomidagi Samarqand arxeologiya instituti O‘zbekiston Respublikasi davlat muassasasi mintaqada arxeologik tadqiqotlarni muvofiqlashtiruvchi markaz bo‘lib xizmat qilib kelmoqda.

B.Muhammadiyeva tayyorladi.