O‘zlikni anglash yoxud o‘z aybini ham tan olmoq xususida
Borliq mukammal yaralgan: hamma narsa o‘z joyida kerak, hamma jonzotning rizqi mavjud, har tirik mavjudot o‘zicha yashash vakolatiga ega, binobarin, yo‘qdan bor bo‘lmaydi, bori esa yo‘qolmaydi.
Borliq va dunyo Xudo tomonidan yaratilganini tan olamiz (aslida ham shunday!), ammo ba’zan johillik bois, ana shu borliqqa egalik qilmoqchi bo‘lamiz. Odam Ato va Momo Havo avlodlari ekanimizni ham tan olamiz, ming afsuski, gohida Hobil bilan Qobilning yo‘lini tutamiz, hatto qavmimizga ozor berishdan uyalmaymiz.
Nafs va Shayton insoniyat dushmani ekanini bilamiz, Iskandarning qabrga hech vaqosiz, ochiq ketgan qo‘lini barchaga ibrat qilib ko‘rsatamiz, biroq irodamiz bo‘shligidan ularga mayl bildiramiz. Hatto ana shu gunohlarimiz uchun o‘zimizni emas, boshqalarni ayblashga o‘rgandik. Buning sababi nedur: fe’ldanmi, mas’uliyatsizlikmi yo beboshlikmi? Nazarimda, yuksak texnologiyani, bugunga kelib, hatto sun’iy odamni ham yaratgan inson tafakkuri ana shu sabablar xulosasiga kelganda ojiz qolayotganga o‘xshaydi. Fe’llarni, harakatlarni tartibga solishga mo‘ljallangan DEMOKRATIYa ham bu muammoga nuqta qo‘ya olgan emas.
Mashinada ketayotgan besh kishining taqdiri bitta haydovchi qo‘lida bo‘ladi, lekin Xudoga nola qilamiz: "Ey, Qodir egam, yo‘ldagi balolardan o‘zing asra!". Binobarin, o‘sha haydovchi ko‘zimizga Xudodanda aziz ko‘rinadi... Uning barcha talabini bajo etamiz.
Avtobusda, poyezdda, samolyotda ham shu holat.
Ko‘ngil borasida ham shu: Xudodan boshqa suyanchimiz yo‘qligini bilsak-da, ba’zan do‘stga, yaqin kishilarga borlig‘imizni ishonamiz, ularga haddan ortiq suyanamiz. Negaki, ana shu ishonch, fidolik, sadoqat vujudimizga huzur bag‘ishlaydi, ammo bu huzur mavridi ham Xudoning inoyati bilan. Mabodo, yaqinimiz, do‘stimiz ishonchni oqlamasa, dilimizga ozor yetkazsa, yana Xudoga nola qilamiz. Yaxshiyamki, Yaratgan kechirimli, buning ustiga U bandalar ishiga aralashmaydi. Vaholanki, bandalar fe’li, qilmishi dunyo oromiga zarar yetkazsa, barchamizni ham jazolashga tushishini yaxshi bilamiz. Bu bilan ba’zida bir-birimizni qo‘rqitib ham qo‘yamiz.
Imtihonga keldik. Undan omadli o‘tish uchun olgan bilimimiz, o‘zlashtirgan malakamizdan, qat’iyatimizdan emas, yana Xudodan madad, tasodifdan omad kutamiz. Imtihon oluvchi odam ko‘zimizga eng yaqin xaloskor bo‘lib ko‘rinadi. Bilaman, o‘zini bilgan, ilmiga tayanib yashayotganlarga bu iddao og‘ir botadi, ular meni kechirsinlar, ammo kamina ham ko‘rgan va his qilgan, anglagan holatlarim xususida so‘z yurityapman.
Umuman, inson hayotini to‘g‘ri tomonga burib turadigan murvat kimning qo‘lida? Bir-biriga mutlaqo o‘xshamaydigan, bir-birini mutlaqo takrorlamaydigan fe’llar, taqdirlarni ezgulik sari boshlash mas’uliyati kimning zimmasida? O‘z yurtida adolat, chinakam erkinlik o‘rnatgan davlatlardagi komronlik, baxtiyorlikning sababi nimada: odamlarining halim, oqil fe’lidami yoki davlatining oqilona boshqaruvidami? Inson ruhiyatini adolat boshqaradimi yoki ilm?
Yakka hokimlikda ham, qo‘shhokimiyatchilikda ham jamiyat fikri xira tortadi, odamlar yo qo‘shilmaydi, yoki tarafkashlikka o‘tadi. Bugun biz rivojlangan demokratik jamiyatda ham qudratli, zo‘ravon davlatlar ustunligini ko‘ryapmiz. Ular xalqaro hamjamiyat, xalqaro tashkilot fikri bilan hisoblashmayapti, Xudodan ham qo‘rqmayapti. Aksincha, bir-birini va boshqalarni ham qudratli qurollari va tazyiqning boshqa vositalari bilan qo‘rqitishyapti.
Jamiyatda yaqqol ko‘zga tashlanayotgan yana bir illat borki, bu haqda aytmaslikning iloji yo‘q. Gap XUDBINLIK haqida. Birovning hisobidan nafaqat kun ko‘radigan, balki boyimoqchi bo‘lganlar ko‘paydi. Birovni sotib yoxud xatosini aytish hisobidan obro‘, shuhrat olmoqchi bo‘lganlar ko‘zga tashlanyapti. Yo‘q, qatag‘on yillaridagi kabi hech kim birovni yomonlab, yo‘q ayblarini ham yozib ber, degan emas. Uni ixtiyoriy, yana davomli qilyapmiz...
Xudbinligimizni ijtimoiy tarmoqlar ochiq ko‘rsatib qo‘ydi.
Bunga to‘xtalib o‘tirishga hojat yo‘q, deb o‘ylayman. Bu masalada to‘ylardagi manzaramizni ko‘z oldimizga keltirishning o‘zi kifoya bo‘lsa kerak. Gap shundaki, hududimizda to‘yparastlikka qarshi kurashish hamma tizim chog‘ida, 100-150 yillardan beri davom etadi. Demak, bu illatning tomir otishi faqat davlat siyosati bilan bog‘liq emas, uni o‘zimizdan, fe’limizdan qidiraylik. Aslida har bir millatning qadriyati, shu millat vakillari bir-birini qo‘llagandagina saqlanib qoladi.
Inson nuqtai nazarini, fikrini o‘zgartirish nihoyatda murakkab jarayon. Bitta misol keltirib o‘tsam.
Yaqinda ziyoli tengdoshim bir maslahat bilan keldi. Kelini institutda o‘qir ekan. Yosh bolasi borligi bois darslarga to‘liq kela olmagan, tabiiyki, imtihonlarni topshirmagan. Natijada uni kursda qoldirishgan. Kimdir, mabodo, uni boshqa institutga ko‘chirsang, kursida qoladi, deb maslahat bergan. O‘zi muallimlikdan nafaqaga chiqqan tanishim bu gapga ishongan. Shu sababli unga hozirgi imtihonlar, talabaning reytingi kompyuterga kiritib boriladi, uni o‘zgartirish mumkin emas, degan gapimdan xafa bo‘ldi. Ko‘ryapsizmi, kamina ziyoli odamning harakati haqida gapiryapman. Unga kelinining ilm olishi, kasbni egallashi muhim emas. Muhimi, diplomini tezroq olsin. Ishonavering, ana shu tanishim, kelini diplom olgach, uni hech qaysi tashkilot ishga olmayotgani, ish topib bermasa, davlat nega to‘rt yil o‘qitganini iddao qiladi.
Aynan shu illat – xudbinlik bir qaraganda maishiy bir nuqsonday ko‘rinadi. Ammo odam fe’lidagi bu illatni oilada, jamiyatda, keyin davlat miqyosida o‘lchab ko‘ring-chi? Tasavvur qilyapsizmi? Xudbin insonning ozorlari bir oilani parokandalikka olib kelishi mumkin, chunki u faqat o‘z manfaatlarini ustun qo‘yishni biladi. Korxonada ham bunday shaxs atrofdagilarga zarar yetkazadi. Ehtimol, jamoa sifatida unga ko‘p sabr qilishmas, lekin u bu qusurini yo‘qotmas ekan, goh moddiy, goh ma’nan atrofdagilarga salbiy ta’sirini ko‘rsatib boraveradi. Xudbin amaldorning bu illati butun jamoani botqoqlikka tortadi, undan o‘sha jamoaham, jamiyat ham zarar ko‘radi.
Yuqorida aslida insonlarning kundalik hayoti, bir qaraganda faqat o‘z shaxsiy hududiga tegishli bo‘lgan fe’li borasidagi mulohazalarim hamda ko‘rganlarimdan kuyunganim uchun qog‘ozga tushirganim boisi ham shu. Fe’l-atvor, odamlarning umumholatidagi qusurlar ko‘proq ko‘zga tashlanib borayotgan ekan, endi bu qusur faqat unga tegishli bo‘lmaydi. Bu - barchamizning og‘rig‘imiz. Bu og‘riqni davolashni esa o‘zimizdan boshlashga uyalmaylik.
Farmon TOShEV,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist.