Samarqand sanoati salohiyati bugungi kun talablariga mosmi?
Qaysi davlatda bo‘lmasin sanoat sohasi haqida gap ketganda iqtisodiyotning muhim sohalaridan biri sifatida qaraladi. Negaki, sanoat rivojlanishi pirovardida ko‘plab yangi ish o‘rinlari yaratilishi, chetdan valyuta kirib kelishi va boshqa yo‘nalishlar ravnaqiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Shu bois, yurtimizda ham soha rivojiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Xo‘sh, shunday bir sharoitda Samarqandda sanoat salohiyati qay holatda? Shu va boshqa savollar bilan viloyat iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Dilshod Shakarboyevga murojaat qildik.
- Ayni paytda viloyatimizda 7753 ta sanoat korxonasi faoliyat ko‘rsatmoqda, - deydi D.Shakarboyev. – Mazkur korxonalar tomonidan joriy yilning yanvar-iyun oylarida 9 trillion 492,9 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi.
Bunda oziq-ovqat mahsulotlari 3319,4 milliard so‘mni, to‘qimachilik va tikuv-trikotaj mahsulotlari 2388,1 milliard so‘mni, metallurgiya mahsulotlari 641,3 milliard so‘mni, elektrotexnika uskunalari 151,9 milliard so‘mni, charm-poyabzal mahsulotlari 114,9 milliard so‘mni va boshqa sanoat mahsulotlari 2877,3 milliard so‘mni tashkil etadi.
- Shu o‘rinda sohaning viloyat iqtisoyotidagi o‘rni va pandemiyadan oldingi davr bilan solishtirganda qanday holatda ekanligini ham aytib o‘tsangiz.
- Yarim yillik yakunlariga ko‘ra, viloyat iqtisodiyotida sanoatning ulushi 14,7 foizni, ishlab chiqarish indeksi esa 108,1 foizni tashkil qilmoqda.
Keling, sodda va tushunarli bo‘lishi uchun pandemiyadan oldingi davr va o‘tgan olti oydagi ishlab chiqarishni kishi boshiga qanchadan to‘g‘ri kelgani bilan solishtiraylik. Bu ko‘rsatkich 2019 yilning mos davrida 1 million 927 ming so‘mni tashkil etgan. Joriy yilning birinchi yarim yilligida aholi jon boshiga sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 2 million 394 ming so‘m bo‘ldi. Ya’ni, pandemiyadan oldingi davrdagi ko‘rsatkich qayta “zabt” etilib, sanoat ishlab chiqarishida o‘sish kuzatilmoqda.
Charm sanoatimiz yaxshi emas
- Viloyatimizda sanoatning qaysi yo‘nalishi yaxshi rivojlangan? Qaysiki, muayyan yo‘nalishda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar ichki bozorni to‘yintirish bilan birga xorijda o‘z xaridorlarini topib ulgurgan.
- Albatta, savolga javob berishdan oldin sanoatning barcha tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha keng imkoniyatlar yaratilganini alohida qayd etish lozim. Negaki, turli byurokratik to‘siqlarning qisqartirilishi, yer ajratish, eksportga chiqarish va boshqa yo‘nalishlarda berilgan imtiyoz va preferensiyalar soha ravnaqida muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Buning natijasida yildan-yilga viloyatimizda sanoatning barcha yo‘nalishlari rivojlanib bormoqda. Xususan, gilam va gilam mahsulotlari, tayyor tikuv-trikotaj ishlab chiqarish va meva-sabzavotni qayta ishlashni alohida ko‘rsatib o‘tish mumkin.
Raqamlarga keladigan bo‘lsak, faqatgina 2020 yilda qiymati 917 milliard so‘mlik 31,8 million kvadrat metr gilam va gilam mahsulotlari, 358,9 milliard so‘mlik 43,7 million dona tayyor tikuv trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarilgan. Shuningdek, 962 milliard so‘mlik 107 ming tonna meva-sabzavot qayta ishlangan. Asosiysi, 22,5 million dollarlik gilam va gilam mahsulotlari, 15,7 million dollarlik tayyor tikuv-trikotaj va 31,8 million dollarlik qayta ishlangan meva-sabzavot mahsulotlari dunyoning 20 dan ortiq davlatlariga eksport qilingan.
- Baribir sanoatning barcha yo‘nalishlari birdek mavjud salohiyat va imkoniyat darajasida rivojlanyapti, deb bo‘lmaydiku...
- To‘g‘ri aytdingiz. Bu birinchidan mantiqan ham to‘g‘ri bo‘lmaydi. Qolaversa, muayyan sohada ob’yektiv va sub’yektiv sabablar bilan o‘sish, rivojlanish kuzatilmaydi.
Shu ma’noda bugun terini qayta ishlash sanoatida hal etilishi kerak bo‘lgan masalalar bir talay ekanligini qayd etish mumkin. Negaki, viloyatda yiliga o‘rtacha 1,5 million dona teri xom ashyosi yetishtirilsa-da, uning 200 ming donasi qayta ishlanmoqda. Bundan tashqari, bolalar va ayollar uchun sifatli charm oyoq kiyimlari ishlab chiqarish talabga nisbatan bor-yo‘g‘i 4,2 foizni tashkil etmoqda.
55 ta yangi turdagi mahsulot tayyorlanadi
- Balki yangi sanoat loyihalari ishlab chiqish, sohada tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash ishlari yetarli bo‘lmayotgandir. Ayrim yo‘nalishlarda mavjud imkoniyat yoki talab darajasida mahsulot ishlab chiqarilmayotgani shu omil bilan bog‘liq emasmi?
- Bu fikringizga qo‘shilmayman. Negaki, joriy yilda faqat Urgut tumanining o‘zida 5 gektar maydonda charm-poyabzal mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan kichik sanoat zonasi tashkil etilmoqda. Kelgusi yillarda viloyatning boshqa tumanlarida 20 gektar maydonda mazkur yo‘nalishdagi kichik sanoat zonalari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Aslida joriy yil sanoat tarmog‘ini rivojlantirish bo‘yicha 1627,9 milliard so‘mlik 275 ta istiqbolli loyiha ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Bunda 162 turdagi (shundan 55 ta yangi turdagi mahsulot) yiliga 993 milliard so‘mlik tayyor va yarim tayyor sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.
Xususan, yiliga 5,6 ming tonna o‘simlik yog‘i, 4 ming tonna ip kalava, 2,9 million kvadrat metr gilam va gilam mahsulotlari, 15 ming tonna gips, 288 ming tonna asfalt, 6,8 ming dona maishiy texnikalar ishlab chiqariladi. Shuningdek, yangi turdagi 8,8 ming tonna gips karton uchun karton qog‘oz, 500 dona TMG rusumli transformatorlar va 32 ming dona biometall radiatorlar tayyorlanadi.
Tahlillarga ko‘ra, o‘tgan 6 oyda 340,1 milliard so‘mlik 75 ta loyiha, shundan 19 tasi muddatidan avval ishga tushirildi. Ushbu korxonalarda 42,8 milliard so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarildi. Asosiysi, 913 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi.
- Suhbatimiz so‘ngida Samarqand sanoati salohiyatini yanada oshirish borasidagi istiqbolli loyihalar haqida ham to‘xtalib o‘tsangiz.
- Viloyatimizda sanoatni rivojlantirish boshqa sohalar bilan uzviy olib borilayotganini alohida ta’kidlash lozim. Misol uchun, sohada yuqori qo‘shilgan qiymat ulushini oshirish, tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish bo‘yicha joriy yilda umumiy maydoni 210 gektar bo‘lgan 88 ta kichik sanoat zonalari tashkil etildi. Bundan tashqari, barcha tumanlarda “Urgut” erkin iqtisodiy zonasining filiallari tashkil etilmoqda.
Umuman, 2021-2023 yillarda qiymati 2 583,8 milliard so‘mlik 30 ta sanoat klasterlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Bunda boshqa tarmoqlar bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan oziq-ovqat, yengil va qurilish materiallari sanoati asosiy o‘rin egallaydi.
- Mazmunli suhbatingiz uchun rahmat!
Yo.Marqayev suhbatlashdi.