Ishtixondagi korxona beshta davlatga ip-kalava eksport qilyapti

Tumanning Safoxo‘ja mahallasida joylashgan “Maroqand sifat textile” mas’uliyati cheklangan jamiyati paxta xomashyosini qayta ishlab, ip-kalava mahsulotlarini eksport qilib kelmoqda. Bugungi kunda korxonada 500 nafardan ortiq ishchi faoliyat yuritadi.

- 2019 yilda ish boshlaganmiz, - deydi “Maroqand sifat textile” MChJ rahbari Sherali Husanov. – Korxonamiz yiliga 12 ming tonna ip-kalava ishlab chiqarishga mo‘ljallangan bo‘lib, o‘tgan yili Germaniya, Polsha, Turkiya, Bangladesh va Xitoy davlatlariga 12,5 million dollarlik mahsulot eksport qildik. Bu yil ushbu ko‘rsatkichni 14 million dollarga yetkazish rejalashtirilgan bo‘lib, shu yilning yanvar-iyun oylarida 7,631 million dollarlik mahsulot eksport qilindi. Yil yakunigacha faoliyatni kengaytirib, qo‘shimcha 50 ga yaqin ish o‘rni yaratamiz.