Olimlar Samarqandda madaniy merosni tiklash va muhofaza qilish masalalarini muhokama qildi

Samarqand davlat arxitektura-qurilish universitetida YuNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi doirasida madaniy merosni asrab-avaylashga bag‘ishlangan "O‘tmishni asrab, kelajakni barpo etish" mavzusida xalqaro seminar bo‘lib o‘tdi.

Unda YuNESKO va boshqa xalqaro tashkilotlar vakillari, Yevropa va Osiyo mamlakatlaridan 200 nafarga yaqin olimlar, amaliyotchi va soha mutaxassislari ishtirok etdi.

Anjuman ochilishida viloyat hokimining o‘rinbosari Husan To‘xtayev tadbir ishtirokchilariga viloyat hokimining tabrigini o‘qib, eshittirdi va mazkur seminar madaniy merosni asrash bo‘yicha fanlararo integratsiyani rivojlantirish hamda xalqaro hamkorlikni mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega ekanligini qayd etdi.

YuNESKO loyiha rahbari Mehrdad Shabahangning ta’kidlashicha, madaniy merosni asrab-avaylash, tadqiq etish va kelajak avlodga yetkazishda xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, fanlararo yondashuvni yo‘lga qo‘yish hamda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish zarur.

– Ipak yo‘li madaniy merosining tarixiy ahamiyatini o‘rganish, uni muhofaza qilish va tiklash ishlarini amalga oshirish uchun Samarqand davlat arxitektura-qurilish universiteti olimlari va tadqiqotchilari bilan hamkorlik qilamiz, – deydi u. – O‘zim boshchiligimda restavratsiya, ekspeditsiya va ta’lim loyihalarini birgalikda amalga oshirishni maqsad qilganmiz. Bu hamkorlik nafaqat ilmiy salohiyatni oshiradi, balki talabalar va yosh tadqiqotchilar uchun amaliyot maktabiga aylanadi.

Seminarda madaniy merosni asrash, zamonaviy yondashuvlar, raqamli texnologiyalar hamda jamoatchilik ishtirokining o‘rni, tarixiy inshootlarga iqlim o‘zgarishining ta’siri masalalari bo‘yicha chiqishlar qilinib, mutaxassislar bilan tajriba almashildi.

"Ipak yo‘li" xalqaro ilmiy-tadqiqot instituti direktori Mavluda Yusupova o‘z chiqishida O‘zbekistondagi me’moriy yodgorliklarning jahon madaniy merosidagi o‘rni, ularni tiklash va muhofaza qilish ishlaridagi dolzarb masalalarga to‘xtaldi.

O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli restavratsiya ishlari, ayniqsa, Buxoro, Xiva, Samarqand kabi shaharlardagi tarixiy me’moriy inshootlarni qayta tiklash loyihalari haqida ma’lumot berdi. Shu bilan birga, bugungi kunda nafaqat moddiy, balki nomoddiy madaniy merosni ham tadqiq etish, uni ilmiy asosda o‘rganish va ommalashtirish zarurligi aytildi.