Sanoatda yangi bosqich oldidan: Adiz Boboyev loyihalar holatini o‘rgandi
Viloyati hokimiga viloyatdagi kichik sanoat zonalari hamda yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalarida amalga oshirilayotgan loyihalar holati va ularning samaradorligini oshirishga qaratilgan takliflar bo‘yicha taqdimot qilindi.
Hozirgi kunda viloyatdagi kichik sanoat zonalari umumiy yer maydoni 274,2 gektar bo‘lib, ularda 332 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Shundan 174 ta loyiha ishga tushirilgan va bu jarayonda 3488 ta yangi ish o‘rni yaratilgan. Shu bilan birga, 23 ta loyiha kam quvvatda ishlamoqda.
Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari uchun esa 43,1 gektar maydon ajratilgan bo‘lib, bu hududlarda 168 ta loyiha joylashtirilgan.
Taqdimotda sanoat zonalarida investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi, yer maydonlaridan unumli foydalanish, ijara to‘lovlarini o‘z vaqtida undirish, hududlarda zarur infratuzilmani shakllantirish kabi masalalar tahlil qilindi. Shuningdek, samarasiz faoliyat yuritayotgan zonalar maqomini bekor qilish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Taqdimot doirasida Kattaqo‘rg‘on tumanidagi kichik sanoat zonalarining faoliyati ham ko‘rib chiqildi. Tumanning “Kattaming”, “Paxta tozalash zavodi”, “Nisbot”, “Alijon”, “Kumushkent”, “Saroyqurg‘on” va “Yakkabog‘” hududlarida jami 11,8 gektar yer maydoni ajratilgan bo‘lib, bu yerlarda 13 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Viloyat hokimi Adiz Boboyev mavjud holat va imkoniyatlar bilan tanishib, sanoat zonalariga tadbirkorlarni keng jalb qilish uchun ularning jozibadorligini oshirish, infratuzilmani yaxshilash va ishbilarmonlar uchun qulay sharoitlar yaratish lozimligi yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriqlar berdi.
Bu ishlarning amalga oshirilishi viloyat rahbarining nazoratida bo‘lishi ta’kidlandi.