Past Darg‘omda maxsus sanoat zonasi tashkil etiladi

Viloyatimizda ishga solinmagan imkoniyatlardan to‘g‘ri va samarali foydalanish, sanoat, qishloq xo‘jaligi, turizm va xizmat ko‘rsatish sohalarini jadal rivojlantirish, ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini yaxshilash va shu orqali aholi bandligini ta’minlash, yangi daromad manbalarini yaratish maqsadida shu yilning 29 noyabr kuni davlatimiz rahbari tomonidan “Samarqand viloyatida investitsiya va tadbirkorlik muhitini  yanada rivojlantirish hamda aholi turmush darajasini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror qabul qilindi.

Qarorda viloyatimizni har tomonlama rivojlantirish, aholi uchun munosib turmush sharoiti yaratish yuzasidan muhim vazifalar belgilab berildi.

Xususan, 2025 yilda umumiy qiymati 8,5 milliard dollarlik xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi loyihalar doirasida 3,6 milliard dollar investitsiya o‘zlashtirish, 320 ming aholi bandligini ta’minlash va 850 million AQSh dollari miqdoridagi mahsulot eksportini amalga oshirish, viloyatga 5 million mahalliy va 2,5 million xorijlik turistni jalb qilish belgilandi.

Qarorga ko‘ra, Past Darg‘om tumanidagi  “Chimboyobod” massivida tuman hokimligi zaxirasidagi, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan 234,3 gektar yer maydonida “Pastdarg‘om” maxsus sanoat zonasi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Maxsus sanoat zonasining faoliyat ko‘rsatish muddati keyinchalik uzaytirish imkoniyati bilan 30 yil etib belgilangan.

“Pastdarg‘om” maxsus sanoat zonasi joylashayotgan yer uchastkalari doimiy foydalanish huquqi bilan “Urgut” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi” davlat unitar korxonasiga ajratib berilib, shartnoma asosida maxsus sanoat zonasini boshqarish maqsadida xorijiy va mahalliy investorlar muassisligidagi mas’uliyati cheklangan jamiyatlar shaklida bir yoki bir necha boshqaruv kompaniyalari tashkil etiladi.

Qarorda maxsus sanoat zonasining faoliyatini muvofiqlashtirish, uning hududini boshqaruv kompaniyalari o‘rtasida taqsimlash, investitsiya loyihalarini saralab olish va joylashtirish viloyat hokimi bilan kelishilgan holda “Urgut” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi” DUK va boshqaruv kompaniyalari tomonidan amalga oshrilishi belgilangan.

Maxsus sanoat zonasida farmatsevtika, elektrotexnika, to‘qimachilik, charm-poyabzal, kimyo sanoati, qurilish materiallari, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash kabi yo‘nalishlarda zamonaviy, energiya tejovchi va yuqori texnologiyali loyihalar amalga oshiriladi. Qiymati kamida 500 million AQSh dollariga teng to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar o‘zlashtirilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, bosh rejaga asosan maxsus sanoat zonasi hududida tayyor ishlab chiqarish bino-inshootlarini qurish va ijaraga berish uchun alohida lotlar belgilanadi va elektron onlayn auksion savdolariga chiqariladi.

Qarorning yana bir ahamiyatli tomoni shundaki, 2025 yil 1 yanvardan boshlab, erkin iqtisodiy, yoshlar va sanoat zonalarida investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun auksion orqali yer ijaraga olinganda ijara to‘lovlari loyiha ishga tushgunga qadar, biroq 2 yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga to‘lashni kechiktirish tartibi joriy qilinadi.

“Pastdarg‘om” maxsus sanoat zonasi boshqaruv kompaniyalarini tashkil etish maqsadida xorijiy va mahalliy investorlarni hamkorlikka chorlaymiz.

Jamshid HAYDAROV,

viloyat hokimining o‘rinbosari – “Urgut” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi rahbari.