Sotilgan hassa

- O‘g‘lim, ishdamisan?

– Ha, dada, tinchlikmi?

– O‘zim, yoningga bormoqchiman…

O‘g‘ilning peshanasi tirishib ketdi. Bugun tekshiruvga katta odamlar kelishi kerak. Ularning yonida qaltirab, hassasiga suyanib kirib kelayotgan dadasini ko‘z oldiga keltirdi. Telefonni qulog‘iga bosgancha shosha-pisha tashqariga chiqdi.

– Dada, men ishdamasman, hozir ancha uzoqdaman, ish bilan ketgandim, nima gap o‘zi?

– Ha, mayli, unda bolam, ishingdan qo‘ymay, o‘zingni ehtiyot qil, bolalaringga salom ayt. Bugun kelasanmi?

– Obbo, dada, yaqinda bordim-ku! Mayli, meni chaqirishyapti.

O‘g‘il aslida hech kim chaqirmagan bo‘lsa-da, "hozir” dedi-yu tugmachani bosdi. "Meni bekorchi deb o‘ylashadi, shekilli…”

Chol go‘shakdan eshitilayotgan qisqa tovushlarga bir muddat quloq tutib turdi-yu xo‘rsingancha bosib qo‘ydi. Aytolmadi. Nima ham desin? O‘g‘li katta joyda ishlaydi, yugur-yuguri ko‘p, yodidan chiqqandir-da. Ha, mayli… Rosti, ozroq pul so‘ramoqchi edi. Kerak edi-da bugun. Kerak vaqtda topilmaydi o‘zi.

Chol qaltiroq qo‘llari bilan daftarchani titkilab, kenjasining telefon raqamlarini terdi.

– Ha, dada, tinchmisiz? Shu sizga telefon olib bergan kundan buyon tinch o‘tirmaydigan bo‘ldingiz-da...

Hol-ahvol so‘rashni ham nasiya qilgan kenjasidan biroz dili ranjigan bo‘lsa-da, sezdirmadi: "Bola-da…”

– Menga… Haligi, ozgina pul…

– Dada-yey, uyda o‘tirgan odamga pul nimaga kerak? Har oy ro‘zg‘orni butlab qo‘ysak. Kecha akam ham qarz so‘ragandi. Boyning bolasi bo‘lsam ekan… Innaykeyin, pensiyani shiqirlatib olayotgan bo‘lsangiz, nima qilasiz yana pulni?

O‘g‘il dadasi bilan tezgina xayrlashdi-yu go‘shakni qo‘yib qo‘ydi. "Telefonlariga pul tashlab bergan men ahmoq, sal narsaga bezovta qilaveradilar… Nima, men bularga pul zavodimidim?”.

Cholning chap ko‘ksida nimadir g‘ijimlanayotgandek bo‘ldi. Pensiya… Ikki kun oldin xotini kelib, "Nabirangizning kontraktini to‘lamasak, o‘qishdan haydab yuboradi”, deb pensiyaga qo‘shib o‘limlik pullarini ham olib ketganidan xabari yo‘qmikin? Balki unutgandir. Pul-ku mayli, lekin bugungi kunni qanday unutgan bo‘lishi mumkin?

Chol daftarchaning sarg‘ayib ketgan varaqlaridagi qizining raqamlariga biroz termulib turdi-da, sekingina nari surdi. "Tushgan joyida tinib-tinchib o‘tirsa bo‘lgani”.

Chol darvozadan tashqariga chiqdi-yu, qayerga borishini bilmay jovdiradi. Umrida birovdan qarz olmagan bo‘lsa. Buning ustiga Falonchiyevning dadasi qo‘shnidan qarz so‘rab chiqibdi, degan gap o‘g‘lining sha’niga to‘g‘ri kelmaydi. Katta joyda ishlaydi axir…

Chol uzoq muddat ko‘cha tentiradi. Bozorning yonidan o‘tayotib cho‘ntagiga qo‘l soldi. Beli bukilaverib ado bo‘lgan besh ming so‘mlik pulni ushlab-ushlab qo‘ydi. Nimaga ham yetardi bu?.. Ko‘ngli to‘lib ketdi.

Sal naridagi eski-tuskilar sotiladigan rastaga ko‘zi tushdi. Egasiga xizmatini ado etib bo‘lgach, keraksizga aylangan, endi yangi egalarini mung‘aygancha kutib turgan buyumlarga, o‘zi ham ancha "eskirib” qolgan qari sotuvchiga ko‘z tashlab, hassasini do‘qillatgancha o‘sha tomonga yo‘l oldi.

Chol yaltiroq qog‘ozga o‘ralgan narsani bag‘riga bosgancha toshbaqa yurish qilib kelar, o‘qtin-o‘qtin o‘ramning bir chetidan ko‘rinib turgan yeriga qarab kulib qo‘yardi. "Yaxshi bo‘ldi, ko‘nglimdagisidan oldim…”

– Qayerlarda yuribsiz? Odamni xavotirdan o‘ldirdingiz-ku? Saharlab qayoqqa chiqib ketgandingiz?

Darvoza oldidagi o‘rindiqqa o‘tirib olib yo‘l qarayotgan momo xiralashgan ko‘zlari sababli cholini arang tanib, o‘rnidan qiynalib qo‘zg‘aldi.

– Ishim bor edi-da, kampir! – devorga suyana-suyana bir amallab yetib kelgan chol kampirining yoniga cho‘kib, nafas rostladi.

– Voy o‘lay, hassangiz qani?

– Sen borsan-ku, hassani nima qilaman? – chol jilmayib, qo‘ynidagi qog‘ozga o‘rog‘liq narsani kampiriga uzatdi.

– Nima bu buvasi?

– Tug‘ilgan kuning bilan ayasi! Baxtimizga sog‘ bo‘lgin iloyim…

Kampir yoshlanib ketgan ko‘zlari bilan bir ellik yillik jon yo‘ldoshiga, bir qo‘llarida tovlanib turgan yap-yangi ro‘molga qaragancha hayajonlanar, ingichka, serajin lablari titragancha "Voy, voy, o‘zim o‘rgilay-a”, deb qo‘yardi.

O‘g‘illari, qizlari, hattoki kampirining o‘zi ham unutishi mumkin bo‘lgan bu kunni unutmagandi chol, hech unutmasdi…