Laboratoriyalardagi xatolar tufayli dunyo yuzini ko‘rgan ixtirolar

Xato ish qilib qo‘yish doim ham yomon emas, chunki ko‘pincha xatolar istalgan natijaga erishish yo‘lining bir qismidir. Ba’zida xato tufayli, ishning natijasi kutilganidan ham oshib ketishi mumkin. Bugungi maqolada biz tadqiqotchilar xatosi tufayli paydo bo‘lgan, dunyoni o‘zgartirib yuborgan kashfiyotlarni to‘pladik.

 Penitsillin

1928 yilda mikrobiolog Aleksandr Fleming laboratoriyada stafilokokk bakteriyalarini o‘rganayotganda tasodifan penitsillinni topdi. U mog‘or paydo bo‘lgan Petri idishlaridan biri ifloslanganligini va mog‘or atrofida bakteriyalar o‘smay qolayotganini payqadi. Keyingi tadqiqotlar Penicillium o‘zidan bakteriyalarni o‘ldiradigan moddani ajratib turishini aniqladi. U bu moddani penitsillin deb atadi.

Penitsillinning kashf etilishi tufayli XX asrda o‘rtacha umr ko‘rishning keskin o‘sishi kuzatildi. Biroq, bu moddaning topilishi shunchalik tasodif ediki, agar Fleming biroz ehtiyotkor bo‘lganida, dunyo hali ham bu dori haqida bilmagan bo‘lar edi.

Implantatsiya qilinadigan yurak stimulyatori

Amerikalik muhandis Uilson Greytbetch yurak xastaligi bilan og‘rigan bemorlar yuragini kuzatish uchun kardiomonitor yaratmoqchi bo‘lgan edi. Bir kuni, u adashib o‘z qurilmasiga boshqa o‘lchamdagi rezistorni qo‘shdi. Yozib olish o‘rniga, mashina batareyani deyarli to‘liq zaryadsizlantirdi va tartibsiz puls ishlab chiqara ketdi.

Greytbetch o‘z xatosidan xafa bo‘lmadi. Buning o‘rniga, u ishlamay qolgan inson yuragini rag‘batlantirish uchun muntazam kichik pulslarni ishlab chiqaradigan qurilma yaratish g‘oyasini o‘ylab topdi. Shu tarzda 1956 yilda ichki yurak stimulyatori yaratildi. Endilikda Greytbetchning tasodifiy ixtirosi har yili 600 mingdan ortiq inson yuragiga implantatsiya qilinadi.

Mikroto‘lqinli pech

Persi Spenser xato qilmadi, balki tasodifan zamonaviy oshxonalar foydalanib keladigan moslama  - mikroto‘lqinli pechni ixtiro qildi.  AQSh Mudofaa vazirligi qoshidagi “Raytheon” kompaniyasida faoliyat olib borgan Spenser magnetron (mikroto‘lqinlarni ishlab chiqaradigan kuchli chiroq)lar ishlab chiqarishning samarali usulini tadqiq qildi va ishlab chiqarishni kuniga 100 tadan 2600 tagacha oshirdi.

Spenser faol radar yonida ishlab turgan vaqtda cho‘ntagidagi konfet erib ketganini payqab qoldi. Shunda u oziq-ovqat, jumladan, makkajo‘xori donachalari bilan tajriba o‘tkazishga qaror qildi. Tajriba dunyodagi birinchi mikroto‘lqinli pechda “pishirilgan” popkornni berdi.

Biroz vaqt o‘tgach, Spenser mikroto‘lqinlar chiqaradigan metall qutini takomillashtirib, birinchi mikroto‘lqinli pechni yaratdi. U turli xil oziq-ovqat mahsulotlarini qutiga joylashtirib, effektlar va haroratni kuzatib borar edi.

1945 yilning 8 oktyabrida “Raytheon” “Radarange” deb nomlangan mikroto‘lqinli pechga patent olish uchun hujjat topshirdi. 1947 yilda sotuvga qo‘yilgan birinchi mikroto‘lqinli pechning balandligi qariyb ikki metr, og‘irligi taxminan 350 kilogramm bo‘lib, bahosi taxminan 5000 (bugungi kunda 60 000 dollarga teng) dollarni tashkil etgan edi.

B.Muhammadiyeva tayyorladi.