Oltin qafasdagi qashshoqlik
Yoxud tarbiyada qanday xato qilyabmiz?
Biz ko‘pincha tarbiya deganda faqat chiroyli kiyinish, ovqatlanish odobi yoki salom-alikni tushunamiz. Aslida tarbiya - bu ruhning butunligi va insonning o‘zligi bilan murosa qila olishi. Afsuski, bugun biz ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlar va “muvaffaqiyatgi erishish” poygasida yangi bir toifa (soxta boylik) ortiga yashiringan ma’naviy qashshoqlikni ko‘paytiryapmiz.
Tasavvur qiling, bir qiz kim bilandir eng so‘nggi rusumdagi telefon orqali gaplashyapti. Egnida qimmatbaho libos, yuzida makiyaj. Tashqaridan qaraganda, u baxtli, badavlat va omadli. Ammo bu yuzaki yaltiroqlik ortida qandaydir og‘riqli ehtiyoj bor: tan olinish ehtiyoji. U o‘zidan soxta boy qiyofasini yasaydi. Nima uchun? Chunki unda “men kimman o‘zi?” degan savolga javob yo‘q. Uning qiymati ustidagi qimmatbaho kiyimlar yoki taqinchoqlar bilan o‘lchanadi. Bu ma’naviy qashshoqlikning yorqin ko‘rinishi.
Inson ichki olamini boyita olmagach, bor e’tiborini tashqi qiyofasiga sarflaydi. Nima uchun inson har bir qadamini ko‘z-ko‘z qiladi? Nima uchun u o‘zidagi bor narsa bilan qanoatlanib, tinch yashay olmaydi? Bu savol sizni ham qiynashi tabiiy. Psixologik nuqtai nazardan, haddan tashqari maqtanish va dabdabaga o‘chlik - bu bolalikda qolib ketgan unutilmagan alamlar natijasi. Ehtimol, bu qiz bolaligida: “Sening hech kimdan kam joying yo‘q, odamlarga ko‘rsatib qo‘y!” degan noto‘g‘ri o‘git bilan o‘sgandir. Yoki aksincha, e’tibordan chetda qolgan, ota-onasi uning shaxsini emas, faqat yutuqlarini yaxshi ko‘rgan. Buning samarasida qizgina kambag‘allikdan shunchalik qo‘rqib qolganki, endi u o‘zini “bo-o-y" qilib ko‘rsatish orqali o‘sha qo‘rquvni yashirishga urinadi.
Bu borada bir haqiqat doim g‘alaba qozongan: “Haqiqiy boylik nimanidir isbotlashga ehtiyoj sezmaslikdir”.
Qayerda xato qilyabmiz?
Tarbiya oiladan boshlanadi, deganimizda ota-onalar farzandiga nima uchun pul yig‘ishni emas, qanday qilib o‘zlikni qadrlashni o‘rgatishini nazarda tutamiz. Agar oilada qiz bolaga “Sening qiymating sening bilimingda, odobingda va ichki dunyongda” deb emas, balki “Odamlar nima deydi? Sening narsang falonchinikidan zo‘r bo‘lishi kerak”, deb tarbiya berilishi natijasida mana shunday “soxta qahramonlik” shakllanadi. Ma’nan qashshoq inson esa o‘zining ichki bo‘shlig‘ini buyumlar bilan to‘ldirishga urinayotgan baxtsiz insondir. Uning maqtanishlari ortida “Menga qarang, meni yaxshi ko‘ring, men ham muhimman", degan yig‘i yashiringan bo‘ladi aslida.
Xulosa qilib aytganda, tarbiya - bu bolaga qimmat kiyim olib berish emas, unga shunday ichki kuch beringki, bolangiz oddiy kiyimda ham o‘zini qirolichadek his qila olsin. Toki, farzandingiz ulg‘ayganda dunyoga o‘zining brendlarini emas, o‘zining nurli qalbini ko‘rsatishga intilsin!
Gulruh MATChONOVA,
SamDChTI talabasi.