Yaroqlilik muddati bo‘lmagan mahsulotlar: asal, guruch, tuz, shakar, sut kukuni, yasmiq, soya qaylasi

Mahsulotlarning yaroqlilik muddati ularning tarkibiga bog‘liq, deyishadi oziq-ovqat xavfsizligi mutaxassislari. Namlikdan uzoq tursa va tarkibida organik birikmalar qanchalik kam bo‘lsa, mahsulot o‘z xususiyatini uzoq saqlaydi.

Bu borada birinchi o‘rinni asal egallaydi. Tabiiy fermentlar va past namlik tufayli u yuzlab yillar davomida buzilmasdan saqlanishi mumkin. Arxeologlar qadimgi daxmalardan topgan asal iste’molga yaroqli bo‘lib chiqmoqda.

Ikkinchi mahsulot - bu guruch. To‘g‘ri saqlanilsa, tarkibidagi yog‘larning pastligi tufayli guruchni ko‘p yillar saqlash mumkin.

Uchinchi o‘rin tabiiy konservant sifatida ishlatiladigan tuzga tegishli. Uning yaroqlilik muddati yo‘q. Tuz bakteriyalarning ko‘payishiga to‘sqinlik qilib, asrlar davomida hatto boshqa oziq-ovqat mahsulotlarini saqlab qola oladi. Tuzning xususiyatlari vaqt o‘tishi bilan o‘zgarmaydi.

To‘rtinchi mahsulot - shakar. Quruq joyda saqlanilsa, sifati buzilmaydi. Bir joyda uzoq turgan shakar kristallanib qolsa-da, xavfsizdir. U mikroorganizmlarning ko‘payishiga yo‘l bermaydi.

Beshinchi o‘rinni quruq sut kukuni egallaydi. Havo o‘tkazmaydigan germetik idishda 20 yilgacha saqlanishi mumkin. Namsizlik uni buzilishlarga chidamli qiladi. Quruq sut uzoq muddat saqlash uchun eng qulay mahsulotlardan biri.

Oziq qiymati va ta’mini 10 yilgacha saqlab qolishga qodir yasmiq oltinchi qatordan joy oladi. Umuman, oqsilning to‘laqonli manbai hisoblanadigan dukkakli mahsulotlar buzilishga o‘ta chidamli. Bu esa resurslar cheklangan muhitda ularning qimmatini oshiradi.

Yuqori tuz konsentratsiyasi tufayli deyarli buzilmaydigan soya qaylasiga yettinchi o‘rin berildi. Bu “sous” yillar davomida o‘z ta’mini saqlaydi. Faqat yopiq idishda saqlansa bo‘ldi.

E’tiborlisi, yuqorida ta’kidlangan mahsulotlar maxsus yoki murakkab saqlash sharoitlarini talab qilmaydi.