O‘zbekiston gilos eksportida yetakchilar qatorida
Gilos foydali xususiyatlari yuqoriligi bilan boshqa mevalardan ajralib turadi. Bu meva melatonin gormonining tabiiy manbai bo‘lib, tanangizning ichki holatini boshqarishga va sog‘lom uyqu rejimiga yordam beradi.
Mutaxassislar uyquni yanada yaxshilash uchun yotishdan oldin gilos iste’mol qilishni tavsiya qiladi. Har kuni 25 ta yaxshi pishgan gilos iste’mol qilish natijasida uch kun ichida sog‘lom va uzoqroq uxlashga erishiladi. Qaynatmasi yoki sharbati isitma tushiruvchi, shamollashda quvvat bag‘ishlovchi vosita hisoblanadi. Shu bois bu mahsulotga jahon bozorida talab yuqori.
“EastFruit” tahliliy portalining ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston 2022 yilda dunyodagi eng yirik gilos eksportchilari orasida 4-o‘rinni egalladi. Hisobotda qayd etilishicha, O‘zbekiston Ispaniyaga qaraganda 18 ming tonna ko‘p gilos eksport qilgan.
BMTning oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi sarmoyalari markazi iqtisodchilari fikricha, O‘zbekiston Yevropa Ittifoqi va Yaqin Sharq uchun gilosning potensial yetkazib beruvchisi bo‘lishi mumkin.
Ma’lumot sifatida aytadigan bo‘lsak, gilos 2021 yilda O‘zbekiston eksportini keskin oshirgan yagona danakli meva mahsuloti bo‘ldi. Jismoniy jihatdan eksport 2020 yildagi 29,3 ming tonna (56,4 million dollar)ga nisbatan 60,1 ming tonna (83,1 million dollar)ga o‘sdi. Bu O‘zbekistonning gilos eksporti bo‘yicha tarixdagi rekord ko‘rsatkichidir.
2022 yilning yanvar-iyun oylarida 14 ta davlatga qiymati 33,3 million AQSh dollariga teng bo‘lgan 25,4 ming tonna gilos eksport qilgan. Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yilning olti oyida respublikamizdan Rossiyaga 12,5 ming tonna, Qozog‘istonga 7,7 ming tonna, Qirg‘iz Respublikasiga 4,8 ming tonna, Janubiy Koreyaga 183 tonna, Belarusga 163 tonna, Polshaga 52 tonna va BAAga 16 tonna gilos eksport qilingan.
2023 yilning birinchi yarmida respublikamiz 15 dan ortiq mamlakatga 52,9 million dollarlik 45 ming tonna gilos sotdi va bir kilogramining o‘rtacha qiymati 1,1 dollarni tashkil etdi.
Gilos eksporti 2022 yilga nisbatan 14,4 ming tonnaga oshgan va gilosning asosiy xaridorlari orasida Rossiya 19,8 ming tonna ko‘rsatkich bilan yetakchi bo‘lib turibdi.
Hududlar kesimida oladigan bo‘lsak, Farg‘ona viloyatida 12,4 ming tonna gilos eksport qilingan bo‘lsa, viloyatimizdan 2,5 ming tonna mahsulot xorijga sotilgan.
Malayziya o‘zbek gilosi uchun yangi bozor
O‘zbekiston diplomatik vakolatxonasi Malayziyaning importyor kompaniyalari bilan ushbu mamlakat bozorlarida sotiladigan milliy mahsulotlar nomenklaturasini oshirish bo‘yicha tizimli ishlarni davom ettirmoqda.
«Dunyo» axborot agentligining ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yildan Malayziyaning yirik savdo tarmoqlariga O‘zbekiston gilosini yetkazib berish yo‘lga qo‘yilgan. Endilikda mahsulot hajmini ko‘paytirish va yangi bozorlar geografiyasini kengaytirish borasida ishlar olib borilmoqda.
Raqamlarga qaraydigan bo‘lsak, mamlakatimizda yiliga 200 ming tonnadan ortiq gilos yetishtiriladi, bu esa uni O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining asosiy eksport tovarlaridan biriga aylantiradi. Mamlakatimiz iqlim sharoiti gilos yetishtirish uchun juda qulay hisoblanadi va umumiy 25 ming gektardan ortiq maydonda gilos yetishtiriladi. Respublikamizda gilosning asosan “Sweet Ryana”, “Sweet Lorenz”, “Skeena”, “Early Lory”, “Revershon”, “Valeriy Chkalov ”, “Vosxod”, “Revna”, “Napoleon”, “Stella” navlari yetishtirilmoqda.
Viloyatimiz misolida oladigan bo‘lsak, aholi tomorqalari bilan birgalikda 5072 gektar maydonda gilos parvarishlanadi. Fermer xo‘jaliklarida esa 2895 gektar maydonda “Ziroat”, “Lapins”, “Rijina”, “Skeena” navlari parvarishlanmoqda.
Viloyat bojxona boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yil yanvar-may oylarida 2259,8 tonna gilos 4050,8 ming dollarga eksport qilingan bo‘lsa, joriy yilning shu davrida 1590,3 ming tonna, 2596,5 ming dollarlik mahsulot eksport qilingan.
***
Mavzuni Jomboy tumani misolida davom ettirsak. Tumanda 3757 gektar olma, nok, o‘rik, shaftoli, olxo‘ri, olcha, gilos, anor va yong‘oq bog‘lari mavjud. Ushbu maydonlarni sug‘orish uchun 58 ta artezian qudug‘i o‘rnatilib, 3137 gektar maydonda tomchilatib sug‘orish tizimi joriy etilgan. Shundan 577 gektar bog‘da gilos parvarishlanadi.
Bog‘bon va qayta ishlovchiga ko‘maklashamiz
- Dehqonlarga sifatli ko‘chat, urug‘lik, mineral o‘g‘it, yoqilg‘i moylash materiallari xaridi hamda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishlari uchun subsidiya ajratishda ko‘maklashamiz, - deydi Qishloq xo‘jaligida xizmatlar ko‘rsatish agentligi bosh mutaxassisi Umid Hasanov. – 2019 yildan buyon o‘nga yaqin yirik xo‘jalikda qariyb ikki ming gektar maydonda tomchilatib sug‘orish tizimini joriy etish uchun subsidiyalar ajratildi.
Bundan tashqari, samarasiz bog‘lar o‘rniga 100 gektar bodom ko‘chati ekildi. Ko‘chatlar uch yilda hosilga kiradi va mahsulot Yevropa bozorlariga yo‘naltiriladi. Sinov tariqasida dehqon xo‘jaliklarining 5 gektar maydonida malina ekildi va bu yilning o‘zida olingan hosil ichki bozorga sotilmoqda. Joriy yil bahorda esa 350 gektardan zaytun va funduk ekildi.
Agentlik mutaxassislari yetishtiruvchi va qayta ishlovchilarga bog‘lab mahsulot topib berishda ham ko‘maklashar ekan. Tumanda bo‘lganimizda qayta ishlovchilardan katta miqdorda gilos mahsuloti topishda yordam so‘rashdi. Shu kuni dehqon xo‘jaliklaridan 7 tonna mahsulotga xaridor qidirib bog‘bonlar ham keldi. Qayta ishlovchilar bozor talabidan kelib chiqib, bir kilogramm gilosni 28-32 ming so‘mdan xarid qilish istagini bildirdilar.
Qaysi bozor bizga afzal?
- Jamiyatimiz tasarrufidagi 2100 gektar maydonning 1200 gektarida bog‘ tashkil etilgan, shundan 600 gektardan ortig‘i hosilga kirgan, - deydi «Maroqand meva-sabzavot» MChJ direktori o‘rinbosari Xurshid Olimov. – 200 gektar maydonga gilos ekilgan bo‘lsa, 60 gektari mahsulot beradi. Hozirda bog‘ning gektaridan 12-15 tonnagacha hosil olamiz. Albatta, hosildorlikka gullash davridagi bahorgi yog‘ingarchilikning ham ta’siri bo‘ldi. Imkon qadar zararni kamaytirishga harakat qildik. Asosan Turkiya, Gretsiyadan keltirilgan “Sambo”, “Bletsstar”, “Skeena”, “Latins” kabi navlarni ekkanmiz. Hozir esa jamiyatimiz tasarrufida 70 gektar ko‘chatchilik xo‘jaligimiz bor. Gilosni ho‘l holida Rossiya va Qozog‘istonga eksport qilamiz. Janubiy Koreya va Xitoydan ham mahsulotga talab bor, ammo ular 26+ kalibrli mahsulotni so‘rashadi. Bu yilgi hosil uchun eng yuqori kalibrli gilosning kilogramiga 40 ming so‘mdan xarid qilishini bildirishdi. Bunday hosil bir tupdan kamroq terib olinadi. Undan ko‘ra 22+ standartdagi barcha hosilni Rossiyaga sotganimiz ko‘proq foydali. Buning ustiga narxida ham katta tafovut yo‘q. Yana bog‘imizda o‘rik, shaftoli, olma, nok yetishtiramiz. Jamiyatimiz tasarrufida 20 ming tonnalik muzlatkichli omborxonamiz bor, unda olingan hosilni ma’lum muddat saqlaymiz. So‘ngra hosilning yarmini o‘zimiz qayta ishlaymiz, qolganini ichki va tashqi bozorda sotamiz.
Keyinchalik suv bilan sovutish texnologiyasi va kalibrga ajratish uskunalarini o‘rnatishni rejalashtiryapmiz. Agarda bu uskunalarni joriy etsak, mahsulotni standart bo‘yicha saralab sotish imkoniyati yaratiladi.
Eksport bilan shug‘ullanuvchi mutaxassislar har qanday mahsulotni xaridorgir qilish birinchi navbatda qadoqlash bilan bog‘liqligini bildirishadi. Yurtimizda yetishtirilgan har qanday meva-sabzavot mahsuloti ta’m va tabiiyligi bilan xaridorga manzur bo‘lishi bor gap. Biroq xaridorni jalb qilish, mahsulotni yuqoriroq narxda sotish uchun qadoqlash texnologiyasini o‘zlashtirishimiz lozim. Meva eksportini rivojlantirishda teruvchi-qadoqlovchilarni maxsus o‘qitish yoki o‘rgatishni yo‘lga qo‘yish zaruratga aylanmoqda.
Mahsulotni to‘liq o‘zimiz qayta ishlaymiz
«Ohalik oltin bog‘i mevasi» mas’uliyati cheklangan jamiyati tasarrufidagi 388 gektar maydonda gilosning «Ablachinskiy», «Litovka», «Boterlo» kabi navlari parvarishlanadi. Jamiyat mutaxassislarining aytishicha, har gektardan 15-20 tonnagacha hosil olinib, 20 ming tonnalik sovutkichli omborxonada saqlanadi va qayta ishlanadi.
Olingan hosil 40-42 daraja sovuqlikda muzlatilganda mevaning tabiiy ta’mi buzilmaydi va uni qayta ishlaganda o‘z xususiyatini yo‘qotmaydi. Mahsulot to‘laligicha jamiyatga qarashli zavodda qayta ishlanib, sharbat holida ichki va tashqi bozorlarga sotiladi. Gilosning danagi esa farmatsevtikada dori tayyorlash uchun ishlatiladi.
- Ko‘chatlar Gretsiyadan keltirilgan va iqlim sharotimizga moslashtirilgan, - deydi «Ohalik oltin bog‘i mevasi» MChJga qarashli «Jomboy vishnya» bog‘i raisi Baxtiyor Sobirov. – Bu ko‘chatlar uch yilda hosilga kiradi. Biroq bu yil bahorgi yog‘ingarchilik mevaning ayni gullagan paytiga to‘g‘ri keldi va hosilga ham ta’sir o‘tkazdi. Yog‘ingarchilikning meva changlanishiga ta’sirini kamaytirish uchun boqqa 220 uya asalari oilasini keltirdik. Bundan tashqari, olma, shaftoli, o‘rik, bodom, qaroli, uzum yetishtirib, qayta ishlab, ichki va tashqi bozorda sotamiz.
O‘ktam Xudoyberdiyev.