Samarqanddan 195 ming AQSh dollarlik gilos eksport qilindi
Yoz yaqinlashishi bilan serhosil turli xil bir-biridan mazali mevalarimiz dasturxonlar ko‘rkini, bozor rastalarining old qismini egallay boshlaydi.
Zahmatkash dehqonlarimiz tomonidan yetishtirilgan ushbu mevalar nafaqat ichki bozorlar, balki tashqi bozorlarda ham o‘z xaridorlariga ega.
Serquyosh o‘lkamizda yetishtirilgan sarxil meva-sabzavotlarni eksport qilish mavsumi allaqachon boshlangan. Birin-ketin pishib yetilayotgan mahsulotlar jahon bozorlariga yo‘l olmoqda.
Ayni paytda gilos eksporti o‘zining qizg‘in pallasida. Joriy yilning 27 may holatiga ko‘ra, Samarqand viloyatida jami 102 tonna, qiymati 195 ming AQSh dollarlik gilos eksport qilindi.
Ushbu mavsumda Rossiya Federatsiyasi va qo‘shni Qozog‘iston o‘zbek gilosining asosiy xaridori ekanligini ta’kidlab o‘tish joiz.
Raqamlardan ko‘rish mumkinki, eksport qilinayotgan o‘zbek gilosining eng katta qismi ushbu ikki mamlakat hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.
Shuningdek, ma’lumot tariqasida Respublika eskportyorlari tomonidan ham Belarus, BAA, Polsha, Xitoy, Janubiy Koreya, Turkmaniston, Tailand kabi davlatlarga 200 tonnaga yaqin gilos eksport qilingan.
Ayni damda Samarqand viloyatida ro‘yxatdan o‘tgan eskportyorlar tomonidan gilos eksporti operatsiyalari davom etmoqda. Bunda esa viloyat bojxona xodimlari tomonidan karantin talablariga rioya etilgan holda, tovarlarni eksportga rasmiylashtirish jarayonini soddalashtirilgan tartibda tez fursatlarda amalga oshirilmoqda.
Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmati.