Samarqandda Turkiy davlatlar onkologlarining II Kongressi ish boshladi

Ushbu nufuzli anjumanda Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston hamda boshqa qator xorijiy davlatlardan kelgan 300 nafardan ortiq yetuk olimlar, soha ekspertlari, xalqaro tashkilotlar va yetakchi onkologiya markazlari rahbarlari, amaliyotchi mutaxassislar qatnashmoqda.

Tadbir avvalida Sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudayarov yurtimizga tashrif buyurgan Turkiya Sog‘liqni saqlash vaziri Kemal Memishoglu bilan muloqot qildi. Muloqotda yurtimizda yangi davolash muassasalarini qurish, tibbiy ta’lim va menejmentni rivojlantirish, kadrlar malakasini oshirish kabi yo‘nalishlarda amalga oshirilayotgan qo‘shma loyihalar haqida so‘z bordi.

O‘zbekiston tomoni turkiyalik ekspertlar ishtirokida qator ixtisoslashtirilgan markazlar va tibbiyot oliy o‘quv yurtlarida o‘tkazilgan mahorat darslari samaradorligini yuqori baholadi. 100 nafardan ortiq yurtimiz tibbiyot xodimlarining Turkiyada malaka oshirishi uchun yaratilgan imkoniyatlar uchun alohida minnatdorlik bildirildi.

Shundan so‘ng tomonlar buyrak va jigar transplantatsiyasi kabi yuqori texnologiyali operatsiyalarni birgalikda amalga oshirish, tibbiy kadrlar tayyorlash, qo‘shma ta’lim dasturlarini ishlab chiqish, shu yil yakuniga qadar uchinchi O‘zbekiston–Turkiya tibbiyot forumini o‘tkazish yuzasidan taklif va tashabbuslar ilgari surildi.

- Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar rahbarlarining o‘zaro hamjihatlik yo‘lidagi tashabbuslari tarixiy ahamiyatga ega, - dedi Kongressning ochilish marosimida Sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudayarov. - Xususan, Prezidentimiz Shavkat Mirziyovning yaqin va ishonchli qo‘shnichilik, umumiy qadriyat hamda manfaatlarga tayangan tashqi siyosati natijasida davlatlarimiz o‘rtasidagi aloqalar mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Bugungi tadbir ham ana shunday samarali hamkorlikning amaliy tasdig‘idir.

O‘zbekiston tomoni turkiy davlatlar bilan hamkorlikda qator yangi tashabbus va loyihalarni amaliyotga tatbiq etmoqda. Xususan, turkiyalik ekspertlar ishtirokida qator ixtisoslashtirilgan markazlar va tibbiyot oliy o‘quv yurtlarida mahorat darslari o‘tkazildi, 100 nafardan ortiq tibbiyot xodimlarimiz Turkiyada malaka oshirish imkoniga ega bo‘lishdi.

Toshkentda ishga tushirilgan zamonaviy Onkologiya markazida turkiyalik mutaxassislar ishtirokida samarali menejment tizimi joriy etilib, muassasaga qardosh mamlakatdan jalb etilgan boshqaruvchi K.Sedat direktor etib tayinlandi.

Xuddi shunday, keyingi yillarda qo‘shni davlatlar hamkorligida qator  anjumanlar, tajriba almashinuvlar, ilmiy-amaliy konferensiyalar o‘tkazilmoqda.

Tadbirning rasmiy ochilish marosimida Turkiya Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri Kemal Memishoglu boshchiligidagi delegatsiya ham ishtirok etdi.

Kongress doirasida o‘pka va ko‘krak bezi saratoni, gastrointestinal, ginekologik hamda boshqa onkologik kasalliklar bo‘yicha ilmiy sessiyalar, mahorat darslari o‘tkazilmoqda.