Samarqandda ma’muriy jarimalarni undirish bo‘yicha qo‘shma reyd tadbirlari kuchaytirildi

Majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasi va uning hududiy bo‘limlari tomonidan viloyat IIB yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun qo‘llanilgan ma’muriy jarimalarni undirish borasida qo‘shma reyd tadbirlari o‘tkazilmoqda.

Xususan, joriy yilning o‘tgan davrida jami 101,7 mlrd. so‘mlik 241 mingdan ortiq ijro hujjatlari bo‘yicha majburiy ijro harakatlari amalga oshirilib, shundan 61,7 mlrd. so‘mlik 150 mingga yaqin ijro hujjatlari bo‘yicha qarzdor shaxslarning nomida avtotransport vositalari mavjudligi aniqlangan. Shundan o‘tkazilgan reyd tadbirlari davomida 685 ta qidiruvda bo‘lgan avtotransport vositalari aniqlanib, vaqtincha saqlash uchun jarima maydonchalariga joylashtirilgan.

Natijada 61,7 mlrd. so‘mlik 150 mingga yaqin ijro hujjatlari ijrosi ta’minlangan, 19,5 mlrd. so‘mlik 828 ta ijro hujjatlari bo‘yicha 63 ta avtotransport vositalarini baholash va realizatsiya qilish ishlari olib borilmoqda. Hozirda ijro hujjatlar bo‘yicha qarzdorlarga tegishli qidiruvdagi avtotransport vositalarini topish borasidagi tadbirlar davom etmoqda.