Topkapidagi arvohlar
Yer osti yo‘laklarida ba’zan go‘yo kimdir shoshib yuguradi, gohida kimdir oyoq uchida sekin yurib o‘tayotgandek oyoq tovushlari eshitiladi...
XV asrdan beri turk sultonlarining asosiy qarorgohi bo‘lib kelgan Istanbuldagi Topkapi saroyi xonaqohlari, harami va hovlilari go‘yo u yerda aylanib yuradigan arvohlar haqidagi afsonalar bilan o‘ralgan. Bu taqdiri shu joy bilan abadiy bog‘langan ushbu devorlar ichida qatl etilgan, zaharlangan yoki qiynoqqa solinganlarning ruhlari ekanligiga ishoniladi. Ba’zi tashrif buyuruvchilar o‘zlari olgan suratlarda g‘alati soyalar paydo bo‘lib qolganligi haqida da’vo qilishadi.
Topkapi (Turkcha “Topkapı” - “To‘p darvozasi” deb tarjima qilinadi. Har safar Sulton o‘z qarorgohini tark etganda, to‘pdan o‘q uzilganligi sababli saroyga shunday nom berilgan).
Asrlar davomida bu yerda fitna, fojia va jinoyatlarga to‘la keskin hayot qaynagan. Ko‘p narsalarning shohidi bo‘lgan saroy va uning hashamatli koshonalari XIX asrning boshlarida dunyodagi eng yirik muzeylardan biriga aylantirildi. Endilikda har yili bu muzeyga 2 millionga yaqin sayyoh tashrif buyuradi.

Saroyning zal va yo‘laklari bo‘ylab asrlar davomida kezib yuradigan doimiy aholisi haqida nima deyish mumkin? Necha asrlar o‘tib, Topkapi bilan chambarchas bog‘langan taqdiri ularga bu joyni tark etishga to‘sqinlik qiladimi?

Saroy ostidan to‘ntarish yoki dushman bosqini paytida odamlarga boshpana bo‘la oladigan butun tunnellar tarmog‘i o‘tadi. Biroq bu zindonlar faqat jon saqlab qolish uchun mo‘ljallanmagan edi. Bu yerda davlatga xiyonat qilishga va saroydan qochishga uringanlikda gumon qilingan Selim IIning maslahatchilaridan biri o‘ldirilgan, qilgan (yoki qilmagan) jinoyatiga iqror bo‘lishi kerak bo‘lgan mahbuslar devorlarga kishanlab qo‘yilgan.
Afsonaga ko‘ra, sulton Ahmad I davrida bir boy yunon savdogari saroydan o‘g‘irlangan, o‘g‘ridan sotib olgan javohirni qaytarishdan bosh tortgani uchun uch yildan ortiq vaqt davomida bu tunnelda zanjirband qilingan ekan. Yer osti yo‘laklarida ba’zan, go‘yo kimdir shoshib yuguradi, gohida kimdir oyoq uchida sekin yurib o‘tayotgandek oyoq tovushlari eshitiladi.
Tunnellarni o‘rgangan tarixchi Solih Gulen bir kuni ketayotib, ortidan yurib kelayotgan ko‘plab oyoqlarning baland tovushini eshitganini aytib berdi. Gulen orqaga o‘girildi: yo‘lak bo‘m-bo‘sh edi, lekin dukurlagan oyoq tovushlari tobora yaqinlashib borardi. U yugurayotganlarning nafas olishini, bo‘g‘iq nidolar, anglab bo‘lmaydigan xayqiriq va qurollarning shaqirlashini eshitdi. Oyoq tovushlari shiddat bilan o‘tib, yo‘laklar qa’riga kirib, tinchib qoldi.

Topkapi ostidagi yer osti yo‘laklar borligi isbot qilingan bo‘lsa-da, haramdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri Bosforning tik qirg‘og‘iga olib boradigan ulkan quvurning mavjudligi tasdiqlanmagan. Afsonaga ko‘ra, bu quvurdan saroyda aybli ish qilib qo‘ygan cho‘rilarni so‘nggi safarga yuborish uchun foydalangan. Quvur ularni to‘g‘ridan-to‘g‘ri bo‘g‘ozning sovuq to‘lqinlariga chiqarib tashlab, dengizga olib chiqqan. Bu afsona tasdiqlanmagan, biroq haram xonalaridagi g‘ira-shira ko‘rinadigan sharpalarning paydo bo‘lishini qanday tushuntirish mumkin? Soya o‘zidan xuddi ho‘l kiyim tomizib turgandek ho‘l oyoq izlari, tomchilar va ko‘lmaklar qoldiradi.

O‘rta darvoza ro‘parasidagi hovlida joylashgan “Jallod favvorasi” o‘ta dahshatli joy. Qatl qilinish joyi yonidan hech kim ertalab yoki kechqurungi qorong‘u paytda o‘tishga jur’at eta olmaydi. Ba’zan xira yorug‘likda, katta tosh ustida og‘zi ochiq va qichqirayotganga o‘xshash soqolli bosh paydo bo‘ladi.

Saroy ayvonlaridan biri bo‘lgan qayg‘uli va dahshatli joy “Kafes” (Qafas)da Sultonning aka yoki ukalari yashardi. Shahzodalar har doim taxtga da’vogar -potensial tahdid sifatida ko‘rilgan. Shu bois, har gal hokimiyatni yangi sulton egallaganida, uning aka-ukalari Qafaslarda abadiy qamoqqa tashlangan. Ularga Qafasdan tashqarida hech kim bilan gaplashishga yoki chiqib ketishga, hatto farzand ko‘rishga ruxsat berilmagan.

Agar sulton o‘z birodari tarafdorlarining fitna uyushtirganidan shubhalansa, uni xohlagan kuni o‘ldirishi mumkin edi. Ko‘pchilik uchun bunday hayot es-hushidan ayrilish bilan tugagan. Shu sababli, eng notinch ruhlar Topkapining Qafaslarida yashaydi, degan gaplar ham yo‘q emas.
Ular shovqin qiladi, qichqiradi va nola qiladi, buyumlarni harakatga keltiradi, eshiklarni taqillatib yopadi. Ba’zan ichkaridan chog‘ur va qo‘shiq sadolari eshitiladi. Aytishlaricha, bu kuylar taxtga o‘tirgunga qadar o‘zining 29 yil umrini Qafaslarda o‘tkazgan Usmonlilar imperiyasining 20 sultoni Sulaymon IIning sharpasini eslatar ekan.
Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.