Jamoat joyida o‘zni tutish madaniyatini unutdikmi?

Bir qarashda oddiy kun, oddiy manzara. Kutilmagan hech narsa yo‘qdek tuyuladi. Ammo mana shu oddiy avtobusda guvoh bo‘lgan holatlar yuragimda og‘riq, ongimda esa og‘ir savollar qoldirdi: biz qayerga qarab ketyapmiz? Qachondan boshlab jamoat joylarida o‘zimizni bunchalar erkin, o‘zgalarning huquqini poymol qiladigan darajada tuta boshladik?
Har kuni ishga avtobusda qatnayman. Doimgidek avtobusga chiqib, o‘rtaroqqa o‘tib, o‘rindiqqa o‘tirdim. Navbatdagi bekatda avtobusga yoshgina bir qiz chiqdi. Shunchaki chiqmadi, balki butun avtobusga “kirib keldi”. Uning qo‘lidagi telefondan chiqqan serial tovushi go‘yo oramizda emas, quloqlarimizning ichida yangrayotgandek edi. Qiz esa go‘yo bu dunyoda yolg‘iz o‘zi yashayotgandek, ko‘zi telefodan uzilmas, yoshi katta insonlar chiqqanida ham o‘rnidan turish u yoqda tursin, atrofiga bir nazar tashlab qo‘yishni xayoliga keltirmasdi.
Yaqinda yana bir holatga duch keldim. Bu safar yoshi kattaroq opa qo‘l telefonida baland ovozda kim bilandir oilaviy muammolarini gaplashayotgan edi. “O‘sha, o‘g‘limning kelini menga javob qaytaribdi...”, “Sen bilasan-ku, akasi ham shunaqa...” degan so‘zlar butun avtobus bo‘ylab aks-sado berardi. Shaxsiy hayot butun jamoatchilikka taqdim etilayotgan spektaklga aylanib qolgandi.
Qiziq, odamlar qachondan ijtimoiy his-tuyg‘ulardan bu darajada yiroqlashdi? Qachon madaniyat degan tushuncha “ovozni pastroqqa tushirish” kabi oddiy odatlardan ham uzilib qoldi?
Yurakni eng ko‘p o‘rtagan voqea bu emas edi. Avtobusda ketayotib, yonimda turgan xorijlik talabaning telefonda ingliz tilida gaplashayotgan, gap orasida telefonga avtobus tashqarisidagi manzarani tasvirga olib: “Qara, bu madaniyatsizlarni”, deganini tushunib qoldim. U belgilanmagan joydan yo‘lni kesib o‘tayotgan piyodalarni tasvirga olib, ajablanib, hatto biroz kinoyali tarzda tanishiga ko‘rsatmoqda edi.
Bir yurt farzandi, o‘z xalqini himoya qilgisi keladi, ammo holatni inkor etolmaydi. Ko‘zimizga oddiy tuyulayotgan har bir harakat, har bir beparvolik boshqalarning nigohida yurtimiz, xalqimiz haqida tushuncha berardi. Boz ustiga yurtimizga kelayotgan sayyohlarning bu kabi illatlardan ranjiganini ham ko‘p eshitganman.
O‘zimga savol beraman: biz qachon bu darajada befarq bo‘lib qoldik? Qachon jamoat joyida o‘zini tutish madaniyati, hurmat, andisha degan so‘zlar hayotimizdan chiqib ketdi? Biz o‘zbekmiz, dunyo ma’rifat beshigini tebratgan buyuk allomalarni dunyoga bergan xalqmiz. Bu xalqqa beodoblik, befarqlik yarashmaydi. Bugun bizga qimmat mashinalar emas, balki qimmatli tarbiya, tovush emas tavoze, qiyofa emas – qiyofadagi fazilat, bir so‘z bilan aytganda, ma’naviyatli ong, hushyor yurak kerak, nazarimda.
Shohista Mamasoliyeva.