Taniqli epidemiolog O‘zbekistonda koronavirus tarqalishining oldini olishga yordam beradi

Dunyoning taniqli eksperti, tibbiyot fanlari doktori, professor Mixail Favorov hukumat taklifiga binoan O‘zbekistonga keldi.

Mutaxassis mamlakatimizdagi hamkasblariga yurtimiz hududiga koronavirus kirib kelishi va tarqalishiga qarshi kurashda ko‘maklashadi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligining jamoatchilik bilan ishlash bo‘limi ma’lum qilgan.

Shu kunlarda Mixail Favorov mustaqil xalqaro ekspert sifatida vazirlik huzuridagi mamlakatimizga koronavirus kirib kelishi va tarqalishining oldini olish maqsadida tuzilgan shtab a’zolari bilan birgalikda ushbu yo‘nalishga ixtisoslashgan davolash muassasalari tibbiy xodimlariga maslahat yordamini ko‘rsatmoqda.

AQSh mikrobiologiya jamiyati a’zosi Mixail Favorov jamoat sog‘liqni saqlash va epidemiologiya sohasida xalqaro ekspert hisoblanadi. Bu mutaxassis umrining 40 yilini dunyoning turli davlatlarida yuqumli kasalliklar xususiyatlarini o‘rganish va oldini olishga bag‘ishlagan. Ayni yo‘nalishda professor 100 dan ziyod ilmiy ish qilgan.

Xalqaro vaksinalar instituti Bosh direktorining o‘rinbosari sifatida M.Favorov ko‘plab xavfli yuqumli kasalliklarga qarshi vaksinalar joriy etish dasturi ijrosi bilan shug‘ullangan.

Shuningdek, olim dala sharoitida kasalliklarning tarqalishi xususiyatlarini baholash, litsenziya olingunga qadar klinik sharoitda emlash sinovlarini o‘tkazish va emlashning maqsadga muvofiqligi va ta’sirini baholash loyihalarini namoyish etish bo‘yicha ham samarali faoliyat olib borgan.