To‘g‘ri qaror, manzilli dasturlar tayyorlash va barqaror rivojlanishni ta’minlash uchun muhim jarayon
Mamlakatimizda aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirining ikkinchi bosqichi — an’anaviy, ya’ni xonadonma-xonadon yurib ma’lumot to‘plash jarayonlari davom etmoqda.
Jarayonda yuzaga kelayotgan ayrim savollar bo‘yicha izoh va tushuntirishlar berib borilmoqda.
Qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish nima uchun kerak va u aholiga qanday foyda beradi?
- Qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish orqali har bir hududda qanday mahsulotlar yetishtirilayotgani va ular aholining ehtiyojini qay darajada qondira olayotgani aniqlanadi. Masalan, qaysi hududda sabzavot yoki go‘sht-sut mahsulotlari kamligi, qayerda esa ular ko‘p yetishtirilayotgani aniq ko‘rinadi.
Shu ma’lumotlar asosida davlat resurslarni manzilli taqsimlaydi: qayerda qo‘shimcha suv ta’minoti, texnika, subsidiya yoki boshqa qo‘llab-quvvatlash choralari zarurligi belgilanadi. Natijada har bir hudud imkoniyatlaridan samarali foydalanish va aholini oziq-ovqat bilan barqaror ta’minlash uchun aniq rejalar ishlab chiqiladi.
Xalqaro amaliyotda, jumladan, BMT tavsiyasiga ko‘ra, aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirlari har 10 yilda o‘tkazilishi belgilangan. Biroq ayrim davlatlar qishloq xo‘jaligini 5 yilda bir ro‘yxatga oladi. Sababi, oziq-ovqat xavfsizligi masalasi doimo dolzarb. Mamlakatda qaysi turdagi mahsulotlar yetishtirilayotgani, ular ichki ehtiyojni to‘liq qoplayaptimi yoki ortiqcha hajm mavjudmi — shu kabi savollarga aniq javob olish zarur. Agar ayrim mahsulotlar ortiqcha ishlab chiqarilsa, ularni eksportga yo‘naltirish imkoniyatlari ham ko‘rib chiqiladi.
Ya’ni, qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish — nafaqat statistik hisob, balki oziq-ovqat xavfsizligi, iqtisodiy barqarorlik va hududiy rivojlanish uchun strategik ahamiyatga ega jarayondir.
Hurmatli yurtdoshlar!
Ro‘yxatga olish jarayonlarida faol ishtirok etib, o‘zingiz va oilangiz haqida to‘g‘ri hamda to‘liq ma’lumot taqdim etishingizni so‘raymiz.
Chunki har bir aniq ma’lumot — kelgusida to‘g‘ri qarorlar qabul qilinishi, manzilli dasturlar ishlab chiqilishi va barqaror rivojlanishni ta’minlash uchun mustahkam asosdir.