An’anaviy va idoraviy - aholini ro‘yxatga olishning ushbu usullari nimasi bilan farq qiladi?
BMT va boshqa xalqaro tashkilotlarning tavsiyasiga ko‘ra, aholini ro‘yxatga olish bo‘yicha asosan bir nechta yondashuvlar mavjud.
Jumladan, an’anaviy usuldan asosan respondent bilan bevosita bog‘lanib, so‘rovnoma (elektron yoki qog‘oz shaklda) to‘ldirish orqali amalga oshiriladi. Mazkur ro‘yxatga olish so‘rovnomasi har yili yangilanib boradi. Ushbu usulning afzalliklari aniq bir davrda aholi to‘g‘risidagi to‘liq ma’lumotlar va hududlar hamda kategoriyalar bo‘yicha turli xil ma’lumotlar shakllanishida namoyon bo‘ladi. Ish hajmining va xarajatlar miqdorining ko‘pligi, ish kuchi va yuqori malakali ro‘yxatga oluvchilarning talab etilishi bu usulning kamchiliklari sanaladi.
BMT Statistika komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2010 yil aholini ro‘yxatga olish davrida Afrika va Lotin Amerikasi mintaqasi, Osiyo, Shimoliy Amerika, Yevropa mintaqalarida ko‘pgina davlatlar an’anaviy usuldan foydalangan.
Ikkinchisi, idoraviy ma’lumotlardan foydalanish usuli hisoblanadi. Bu turli idoralarda mavjud bo‘lgan elektron ma’lumotlar bazasidan foydalangan holda amalga oshiriladi. Uning ijobiy jihatlari kamxarjligi va aholini ro‘yxatga olish davriyligini o‘zgartirish imkoniyati mavjudligida ko‘rinadi. Mazkur usulning kamchiligi - uzoq muddat talab etilishi, idoraviy ma’lumotlar tarkibi turlichaligi sababli, davlatlararo solishtirishda qiyinchiliklarga duch kelishi va qonunchilikda o‘zgarishlar idoraviy ma’lumotlar o‘zgarishiga sabab bo‘lishi bilan tasniflanadi.
Dilmurod KARACHAYEV,
Samarqand shahar statistika bo‘limi yetakchi mutaxassisi.