Nurobod tumani uchun shaharsozlik master-rejasi ishlab chiqilmoqda

Iqtisodiyot va moliya vazirligida Nurobod tumanida hududiy rivojlanishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash va master-reja ishlab chiqish bo‘yicha amaliy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Vazirlik va BMT Taraqqiyot dasturi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda “Info Capital Group” kompaniyasi mutaxassislari, viloyat va Nurobod tumani hokimliklari mas’ullari hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligining yer islohotlari va hududlar master-rejalarini ishlab chiqishni muvofiqlashtirish boshqarmasi vakillari ishtirok etdi.

Uchrashuvda Nurobod tumani uchun master-reja ishlab chiqish jarayoni muhokama qilindi. Master-reja tumanning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish, infratuzilmani rivojlantirish va turizm salohiyatidan samarali foydalanishga qaratilgani ta’kidlandi.

Qayd etilganidek, Nurobod tumanida master-reja ishlab chiqish ishlariga  BMT Taraqqiyot dasturi ko‘magida “Info Capital Group” kompaniyasi jalb qilingan. Ushbu master-rejada zamonaviy arxitektura, qulay shaharsozlik yechimlari va ekologik barqarorlik tamoyillariga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Tadbirda  BMT Taraqqiyot dasturi loyiha tahlilchisi Orzumurod G‘aybullayev, “Info Capital Group” kompaniyasi direktori Roman Ospanov va boshqa mas’ullar o‘z mulohazalarini bildirdi. Xususan, tuman markazida aholi vaqt o‘tkazishi uchun zamonaviy dam olish maskanlari barpo etish, Nurbuloq shaharchasi hamda Oqsoy va Mehnatkash mahallalarida turizm infratuzilmasini shakllantirish bo‘yicha takliflar muhokama etildi.

Vazirlik axborot xizmatiga ko‘ra, uchrashuv yakunida tuman markazidagi sun’iy ko‘l atrofini kompleks rivojlantirish, Nurbuloqda yashil park tashkil etish va hududning tog‘li qismlarida ekoturizmni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha konseptual yondashuvlar ishlab chiqishga kelishib olindi.

O‘zA.