Til o‘zining pahlavonligini ko‘rsatishi kerak

Bugun O‘zbek tili bayrami kuni
Har birimiz davlat tiliga bo‘lgan e’tiborni mustaqillikka bo‘lgan e’tibor deb, davlat tiliga ehtirom va sadoqatni, ona vatanga ehtirom va sadoqat deb bilishimiz, shunday qarashni hayotimiz qoidasiga aylantirishimiz kerak.
Bu olijanob harakatni barchamiz o‘zimizdan, o‘z oilamiz va jamoamizdan boshlashimiz, ona tilimizga, urf-odat va qadriyatlarimizga hurmat, Vatanga mehrimizni amaliy faoliyatda namoyon etishimiz lozim.
Shavkat MIRZIYOYEV.
***
Saodatbaxsh ruhning tiniqligi manba ham til, baxtsizliklar yulduzining boshlanishiga sabab ham til. Tiliga kuchi yetadigan kishi aql podshosidir: so‘zga ahamiyat bermaydigan kishi la’natlangan, pastdir.
Til go‘zal va dillarni olovlantiruvchi bo‘lishi bilan birga, so‘zlovchining dilidagini aks ettirsa, yanada yaxshiroq bo‘ladi.
So‘zni ko‘ngulda pishimaguncha tilga kelturma, harnakim ko‘nglungda bo‘lsa, tilga surma. Tilning shirin, yoqimli va yumshoqligi foydadir. Chuchuk til achchiqqa aylansa, tinglovchiga zarar yetkazadi. Chuchuk so‘zni toza ko‘ngullar simiradi... So‘zni ko‘ngulda pishitib olmaguncha so‘zlamagin, ko‘nglingda bo‘lgan har qanday fikrni ham ayta berma. Nutqdan maqsad fikr anglatishdir. Ammo so‘zlar va saboqlardin murod ma’nodur.
Alisher NAVOIY.
***
...Til o‘zining pahlavonligini ko‘rsatishi kerak. Shu tilning imkoniyati tarjimaga yetadimi-yo‘qmi? Meni tarjima jarayonida Italiya poytaxti Rimga taklif qilishdi, bordim. Katta hurmat bilan qabul qilishdi. Suhbat jarayonida ular mendan: «O‘zbek tilining quvvati, boyligi bu asarni tarjima qilishga yetarmikin?!» deya so‘rab qolishdi. Men ularga tilimizning imkoniyatlari naqadar kengligini tushuntirib berdim va tabiiyki, bu tilning imkoniyatlarini bilmaysizlar, deb, Navoiyning «Xamsa»sini misol qilib keltirdim.
Har bir tilning boyligi undagi so‘zlarning sinonimlari bilan bog‘liq. Men italiyaliklarga shunday savol berdim: — Aytinglarchi, sizlarda shamolning necha xil nomi bor? Ular ikki-uch so‘zni aytishdi. Shunda men ularga shamol, bo‘ron, dovul, yel, nasim, shabboda, sabo... deb sanab berdim. Va, nihoyat, bobomiz Alisher Navoiyning «Muhokamatul lug‘otayn» asariga tayanib so‘radim: «Sizlar necha xil yig‘laysizlar? Biz, dedim, misol uchun 19 xil yig‘laymiz. Yig‘lamoq, bo‘kirmoq, siqtamoq, bo‘zlamoq, ingramoq, o‘kramoq, faryod chekmoq... Bu so‘zlarning har biri har xil holatni berishini tushuntirib berdim. Shunda ular tilimizning quvvati, ifoda qudrati, imkoniyatiga tan berishdi.
— Bizning tilimiz ana shunday pahlavon va go‘zal, so‘lim til, - dedim.
Abdulla ORIPOV.
***
Gap o‘zbek tili nufuzi haqida borar ekan, O‘zbekiston xalq artisti Sherali Jo‘rayevning "O‘zbekona" qo‘shig‘ini tinglab, undan ruh olish mumkin.