Ijtimoiy tarmoq yoshlarning vaqtini o‘g‘irlayapti

Ijtimoiy tarmoqlar hayotimizga shu qadar chuqur kirib keldiki, ayniqsa, bugungi yoshlarning kundalik faoliyatini ularsiz tasavvur etib bo‘lmay qoldi. Telegram, Instagram, YouTube, TikTok kabi platformalar yoshlar uchun muloqot, axborot almashinuvi va o‘zini namoyon etishning asosiy maydoniga aylandi. 

Shu bois bu tarmoqlarning yoshlar ongiga ko‘rsatayotgan ta’siri jiddiy tahlilni talab etadi. Ijtimoiy tarmoqlarning ijobiy imkoniyatlari shundaki, yoshlar dunyoning istalgan nuqtasidagi yangiliklardan bir zumda xabardor bo‘lyapti, onlayn ta’lim platformalari orqali bilimini oshirmoqda. Ayniqsa, talabalar YouTube va Telegramdagi bepul darslar orqali chet tillarini o‘rganib, xalqaro sertifikatlarni qo‘lga kirityapti. Ayrim yoshlar IT, dizayn yoki marketing bo‘yicha bilim olib, masofadan turib daromad topishga erishmoqda. Qo‘shiq kuylash, she’r yozish, rassomchilik yoki hunarmandchilik bilan shug‘ullanayotgan yoshlar o‘z ijodini ijtimoiy tarmoqlar orqali keng jamoatchilikka namoyish qilayotir. Masalan, oddiy telefon orqali suratga olingan videolar sabab ijodkor yoshlar mashhurlikka erishib, ko‘plab tengdoshlarini ilhomlantiryapti. Tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan yigit-qizlar Instagram va Telegram orqali mahsulotlarini reklama qilyapti.

Qolaversa, ijtimoiy tarmoqlar yoshlar orasida faollik va tashabbuskorlikni ham oshirmoqda. Turli xayriya aksiyalari, ekologik tozalash tadbirlari yoki ijtimoiy muammolar bo‘yicha muhokamalar aynan shu platformalar orqali jamoatchilikka yetib boryapti. Masalan, ehtiyojmand oilalarga yordam ko‘rsatish yoki og‘ir kasallikka chalingan bolalar uchun mablag‘ yig‘ish aksiyalari ijtimoiy tarmoqlar orqali tashkil etilmoqda. Bu esa yoshlarning jamiyat hayotiga befarq emasligini ko‘rsatadi.

Biroq ijtimoiy tarmoqlarning salbiy jihatlari ham borki, ular sabab ota-onalari farzandlarining vaqtini nazorat qilolmayapti. Yoshlarning aksariyati vaqtini ijtimoiy tarmoqlarga sarflab, o‘qish va mehnat faoliyatini ikkinchi o‘ringa surib qo‘ymoqda. Jumladan, darsga, imtihonlarga tayyorlanish o‘rniga tun bo‘yi videolar tomosha qilish oqibatida ularning bilim darajasi pasayib boryapti.

Bundan tashqari, soxta axborotlar va zararli g‘oyalar yoshlar o‘rtasida tez tarqalmoqda. Ayrim yolg‘on xabarlar yoki targ‘ibot materiallari yoshlar orasida vahima yoki noto‘g‘ri qarorlar qabul qilinishiga sabab bo‘layotir. Tanqidiy fikrlash ko‘nikmasi yetarli bo‘lmagan yoshlarda axloqqa zid kontent ta’siriga tushib qolish ehtimoli oshib boryapti. Ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalayotgan qimmat avtomobillar, hashamatli hayot tarzi va doimiy sayohatlar aks etgan suratlar, videolavhalar yoshlarni hayotidan norozi bo‘lishga undamoqda.

Mutaxassislarning fikricha, doimiy solishtirish o‘ziga bo‘lgan ishonchning pasayishi, ruhiy tushkunlik va hatto depressiyaga olib kelishi mumkin ekan. Yoshlar virtual obrazlar ortidagi real mehnat va qiyinchiliklarni ko‘rmay, tez muvaffaqiyatga erishishni orzu qilmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarga haddan tashqari berilish axloqiy va madaniy qadriyatlarga ham ta’sir ko‘rsatmoqda. Madaniyatimizga xos bo‘lmagan ayrim xatti-harakatlar, til va kiyinish uslubining ko‘r-ko‘rona ko‘chirilishi milliy o‘zligimizning zaiflashishiga olib kelmoqda.

Xulosa qilib aytganda, ijtimoiy tarmoqlar yoshlar ongiga kuchli ta’sir ko‘rsatadigan zamonaviy vosita. Undan to‘g‘ri va maqsadli foydalanilgandagina u bilim, tajriba va taraqqiyot manbai bo‘la oladi.

Dilfuza UMIROVA

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti katta o‘qituvchisi.