Tinchlik qadri

Kasbimiz taqozosi bilan ko‘p marta Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari bilan suhbatlashish, ular haqida maqolalar tayyorlashga to‘g‘ri kelgan.
Urush ishtirokchilari bilan o‘tkazilgan tadbirlardan, uchrashuvlardan axborotlar berganmiz. O‘sha materiallarda ko‘p hollarda “faxriylar frontdagi qirg‘inbarot janglar haqida gapirib berdi”, “urush yillarini xotirladi”, “janglarda ko‘rsatgan qahramonliklarini hikoya qildi” kabi odatiy jumlalarni qo‘llaganman. Hayotning juda og‘ir sinovlarini yengib o‘tgan, o‘lim bilan yuzma-yuz bo‘lgan insonlarning hikoyalari ko‘pincha ko‘z yoshi bilan tugashini o‘zimcha qarilikka yo‘yganman yoki safdoshlari yodiga tushdi, deb o‘ylaganman. Yoki ularning urush haqida gapirishni istamasliklarini ham boshqacha tushunganimiz rost. Albatta, har safar urush qatnashchilari bilan suhbatdan ma’lum bir xulosalar chiqarganman, saboq olganman.
Ammo yaqinda Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 80 yilligi munosabati bilan MDH mamlakatlari axborot agentliklari jurnalistlari uchun Rossiya va Belarusdagi besh qahramon shahar – Moskva, Brest, Minsk, Sankt-Peterburg va Volgograd bo‘ylab o‘tkazilgan “G‘alaba yo‘llari” nomli xalqaro media-turda qatnashgach, urush va urush qatnashchilari haqidagi fikrlarim o‘zgardi. Ularning biz uchun qiziq bo‘lgan hikoya va xotiralarni yodga olishlari yana o‘sha davrga qaytishdek g‘oyat mashaqqatli ekanligini his qildim.
Rossiya Federatsiyasi axborot agentligi (TASS) tashabbusi bilan tashkil etilgan media-turda Rossiya, Armaniston, Belarus, Tojikiston, O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iz Respublikasi axborot agentliklari vakillari ishtirok etdi.
G‘alaba yuzi – sizu bizning ajdodlarimiz siymosi
Moskva shahridagi G‘alaba muzeyi nafaqat Rossiya, balki dunyodagi Ikkinchi jahon urushiga bag‘ishlangan eng yirik muzeylardan biri hisoblanadi. Bu yerda urushda sobiq ittifoq xalqlari ko‘rsatgan jasorat, fashizmga qarshi mardonavor kurash haqida hikoya qiluvchi qimmatli eksponatlar, noyob ashyolar mavjud. Va, eng muhimi, bu ekspozitsiyalar har yili boyitib, ma’lumotlar to‘ldirib borilmoqda.
– Bu yil G‘alabaning 80 yilligiga biz ham o‘ziga xos sovg‘a sifatida M.Grekov nomidagi harbiy rassomlar studiyasi ijodkorlari asarlari asosida "G‘alaba sari yo‘l" nomli tarixiy-multimedia ekspozitsiyasi yaratdik, – deydi Rossiya Federatsiyasi madaniyat vazirligi G‘alaba muzeyi direktori Aleksandr Shkolnik. – Olti bo‘limdan iborat ko‘rgazma Moskva uchun jang tafsilotlari aks etgan multimediali lavha bilan boshlanadi. Unda poytaxt uchun dushman tomonidan tayyorlangan operatsiyaning sobiq ittifoq qo‘shinlari tomonidan barbod etilishi va Moskva uchun mardonavor kurash haqida hikoya qilinadi. Shuningdek, mazkur ekspozitsiyada Stalingrad jangi, Leningrad qamali, Kursk qal’asi, Dnepr daryosi uchun bo‘lgan jangovar va g‘alaba sari dadil qadam bo‘lgan kurashlar haqidagi ma’lumotlar film, tarixiy ashyolar va multimediali tasvirlar orqali ko‘rsatib berilgan. Ekspozitsiya “Berlinga hujum” nomli bo‘lim bilan yakunlanadi.
Ushbu ekspozitsiyalarini tomosha qilish jarayonida bir jihat e’tiborimizni tortdi – har bir bo‘limda muzey xodimlari o‘sha ekspozitsiyaga mos libosda, ya’ni harbiy kiyim kiygan holda sizni kutib oladi va ma’lumot beradi. Ularning yuz ifodasi, hikoyalari ham sizni bir zumga bo‘lsa-da, o‘sha davrga olib kiradi va go‘yo urush dahshatlarini his qilasiz. Zaldan chiqishingiz bilan esa tinchlikning qanchalik buyuk ne’mat ekanligini anglaysiz. Nazarimda, har qanday muzey, tarixdan oladigan eng katta saboq shu bo‘lsa kerak.
Muzeyda yangi tashkil etilgan “G‘alaba yuzi” nomli yangi ekspozitsiya ham diqqatni tortadi. Mazkur bo‘limning o‘ziga xosligi shundaki, unda Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari haqidagi ma’lumotlar asosan fuqarolar tomonidan taqdim etilgan va to‘ldirilgan. Nafaqat Rossiya yoki sobiq ittifoq davlatlari fuqarolari, balki Ikkinchi jahon urushida fashizmga qarshi kurashda qahramonlik ko‘rsatgan har bir xalq va millat vakillari o‘z ota-bobolari, onalari haqidagi ma’lumotlarni bu bo‘lim uchun taqdim etishi va shu orqali ularning nomini tarix sahifalariga yozib qoldirishi mumkin.
Voyaga yetmagan asirlarning kechinmalari
1941 yil 21 iyun kuni tongda Gitler qo‘shinlari harbiy harakatlarni boshlaganda chegaradagi istehkom sifatida Belarus Respublikasidagi Brest qal’asi birinchi zarbalarga duch kelgan. Bu paytda qal’ada 10 mingga yaqin odam, 300 dan ortiq harbiy oila istiqomat qilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, urushning birinchi kuni tongda qal’aga 500 dan ortiq bomba va snaryadlar yog‘dirilgan. Ammo harbiylar, bu yerda yashovchilar jonidan kechsa ham qal’ani himoya qilgan. Brest qal’asi qahramonlik, qasamyodga sodiqlik va Vatanga muhabbat timsoliga aylangan va 1965 yil 8 mayda, G‘alabaning yigirma yilligi munosabati bilan unga “Qahramon qal’a” unvoni berilgan.
Bu yerda Belarus Respublikasidagi sobiq fashizm voyaga yetmagan asirlari assotsiatsiyasining Brest mintaqaviy tashkiloti vakillari bilan uchrashuv o‘tkazildi.
– Bizning oilamiz 1939 yilda Brest qal’asiga ko‘chib kelib, yashay boshlagan, - dedi Brest qal’asi mudofaasi ishtirokchisi bo‘lgan harbiy xizmatchining farzandi, Belarus sobiq fashizm voyaga yetmagan asirlari assotsiatsiyasining Brest mintaqaviy tashkiloti rahbari Vladimir Semochkin. – Ikkinchi jahon urushi boshlanganda otam onamga qarab “Tanya, bu urush og‘ir kechadi, omon bo‘lsak ko‘risharmiz, sen bolalarga ehtiyot bo‘l”, degani yodimda. O‘sha paytda oilamizda ikki farzand edik, opam bor edi. Singlim 1941 yil oktyabrda tug‘ilgan va unga otamni ko‘rish nasib etmagan. Mendan tashqari katta opam Dina ham bor edi. Otam ketishi oldidan meni ko‘tarib quchoqlaganini, kuchli qo‘llarini eslayman. Keyin uni boshqa ko‘rmadim.
Qattiq janglar boshlanganda biz, bolalar, ayollar va qariyalarni yerto‘laga yashirishdi. Shiddatli janglar ketayotganini yerto‘lada bo‘lsak ham eshitib turardik. Bir kuni qal’a ofitserlaridan biri oldimizga kelib, “Sizlar taslim bo‘lishingiz kerak. Shunday qilsak,joningiz omon qolishi mumkin. Bu yerda bo‘lganingiz uchun biz dushmanga qarshi jangga kira olmayapmiz”, dedi. Biz hammamiz zobitlar oilasidan edik va bu gap nimani anglatishini bilardik. Bayroq yasadik va tashqariga chiqdik. Bizni konslagerga jo‘natishdi, keyin Brest qamoqxonasiga o‘tkazishdi.
Konslager va qamoqxonadan so‘ng asir bolalar va ayollarni yana uzoqroqqa ko‘chiradigan bo‘lishdi.
- Asirga olinganlarga, ayniqsa, bolalar va ayollarga insoniy munosabatda bo‘lish shart, ammo fashistlar bizning ko‘z o‘ngimizda qancha onalar va bolalarga shafqatsiz munosabatda bo‘lgani, otib tashlaganini ko‘rganmiz, - deya so‘zida davom etadi Vladimir Semochkin. - Bizni Brest qamoqxonasidan ko‘chirishayotganda bolalarda qizilcha epidemiyasi tarqaldi. Kasallik boshqalarga yuqishidan qo‘rqqan nemislar qizilchaga chalingan bolalarni onasi bilan yo‘lga tashlab ketaverishdi. Menda ham qizilcha paydo bo‘lgach, bizni Polshadagi qishloqlardan birida qoldirishdi. Vayron bo‘lgan, tashlandiq uydan boshpana topdik. Bu paytda Polsha fashist qo‘shinlari nazoratida edi. Biz qizil armiya kelib Polshani ozod qilgunga qadar o‘sha yerda yashadik.
Bugun Brest viloyatida Vladimir Semochkin singari sobiq konslager asirlari 619 nafar, Brest shahring o‘zida esa 60 kishi qolgan. Ular fashizmning insoniyat uchun qanchalik dahshatli illat ekanligini yaxshi bilishadi, buni boshdan kechirishgan va bugun dunyo manzarasi kun sayin o‘zgarib borayotgan bir paytda sayyoramizning turli mintaqalarida yuzaga kelayotgan urush, notinchliklar odamlar uchun faqat va faqat fojiali yakun bo‘lishini aytishdan charchamaydilar.
Qabristonga aylangan qishloq
Xalqaro media-tur dasturi bo‘yicha Belarus Respublikasi “Xatin” tarixiy-yodgorlik majmuasiga borganimizda bu yerda ham urush haqida hikoya qiluvchi muzeyni ko‘rsak kerak, degan o‘yda edik. Ammo Minsk shahridan 50 kilometr olisdagi, o‘rmon bag‘rida joylashgan kichik muzey bilan tanishuv va uning tarixi haqidagi ma’lumotlar nainki ushbu joy, balki umuman, urush va fashizm haqidagi tasavvurimizni butunlay o‘zgartirib yubordi.
Mazkur majmua Ikkinchi jahon urushi paytida, 1943 yil 22 mart kuni fashist bosqinchilari tomonidan qirib yuborilgan Xatinqishlog‘i aholisi va ularning timsolida butun Belarus Respublikasidagi 290 dan ortiq qishloqning fashistlar jazolash guruhlari tomonidan tahqirlangan kishilari xotirasi uchun 1969 yilda tashkil etilgan.
Bu yerda Xatin qishlog‘ining yoqib yuborilgan 26 ta xonadoni o‘rnida ramziy ma’noda faqatgina pechlarning yonmay qolgan mo‘risi tiklanib, ular tepasida qo‘ng‘iroq o‘rnatilgan. Majmua markazida jon berayotgan bolasini ko‘tarib turgan ota –Iosif Kaminskiy va uning o‘g‘li Adam haykali o‘rnatilgan.
– 1943 yil 22 mart kuni gitlerchi bosqinchilar Xatin qishlog‘iga kirib uylarga o‘t qo‘yishadi, - deydi yodgorlik majmuasi tadqiqot va ko‘rgazma bo‘limi boshlig‘i Marina Vashkevich. - Bu paytda qishloqda 26 xonadonda 149 kishi, jumladan 75 nafar hali 16 ga to‘lmagan bolalar bor edi. Ularni qishloq markazidagi omborga qamab, eshiklarni orqasidan berkitgan holda tiriklayin yoqib yuborishgan. Yonayotgan ombor eshigini buzib, tashqariga chiqqanlarni ham eshik oldida ayovsiz otib tashlashgan. Bu xunrezlikdan olti nafar guvoh - yoqib yuborilganda hushini yo‘qotgan Iosif Kaminskiy va ota-onasi tomonidan yerto‘la va boshqa joylarga yashirilgan besh nafar bola tirik qolgan. Iosif Kaminskiy yarim tunda hushiga kelganda butun qishloqni kulga aylantirgan fashistlar ketgan, atrofda tirik jon qolmagandi. U murdalar orasidan 12 yoshli o‘g‘li Adamni chalajon holatda topib ko‘tarib oladi. Adam ingragan holda “Onam qani?” deb so‘raydi va otasi qo‘lida jon beradi. Majmuadagi yodgorlikda ana shu epizod aks ettirilgan.
Xatin qirg‘ini haqidagi tarixiy ma’lumotlarni saqlash, bugungi va kelajak avlodda Ikkinchi jahon urushi oqibatlari, insoniyat boshiga solgan kulfatlari haqida tushuncha hosil qilish va tinchlik qadr-qimmatini anglatish maqsadida 2023 yilda bu yerda zamonaviy texnologiyalar va multimedia vositalari yordamida innovatsion muzey yaratildi.
Bizga majmua haqida hikoya qilib berish jarayonida Marina Vashkevichning ko‘zida tez-tez yosh halqalandi va u buni tabiiy hol sifatida qabul qilishimizni so‘radi. Uning aytishicha, 15 yildan buyon shu yerda ishlasa-da hyech qachon Xatin tarixini ko‘z yoshsiz gapirib berolmaydi.
– Bu yerda har kuni MDH mamlakatlari va boshqa davlatlardan minglab kishilar, nufuzli mehmonlar keladi. Ayniqsa, bolalar o‘z tengdoshlarining ayanchli qismati haqidagi hikoyalarni eshitib, qattiq ta’sirlanadi va urushni la’natlaydi. Shu yil yozda o‘zbekistonlik o‘quvchilar ham muzeyimizda bo‘ldi va ularga majmua haqida gapirib berdim. Bolalar “biz bu haqda eshitmagandik, urushda halok bo‘lgan xatinlik bolalarni unutmaymiz” deb ko‘zlariga yosh olishdi, – deydi u.
G‘alaba yo‘llarida bobolarimiz izlari bor
Xalqaro media-tur davomida qaysi manzilga bormaylik, u yerdan urushda qatnashgan, jasorat ko‘rsatgan bobolarimiz, onalarimiz izlarini izladik. Muzeylar, tarixiy yodgorliklarda ular haqidagi ko‘plab ma’lumotlarga ega bo‘ldik.
Binobarin, Ikkinchi jahon urushi boshlangan davrda O‘zbekiston aholisi 6,5 million kishi ediva ularning 1 million 950 ming nafardan ortig‘i frontga safarbar etilgan. Afsuski, ularning 538 mingdan ko‘prog‘i janglarda halok bo‘lgan, 158 mingdan ortig‘i bedarak yo‘qolgan. 60 ming nafaryurtdoshimiz urushdan nogiron bo‘lib qaytgan. 120 mingdan ziyod askar va ofitserlarimiz jang maydonlarida ko‘rsatgan jasorati uchun jangovar orden va medallar bilan mukofotlangan. Ularning 301 nafari “Sovet Ittifoqi Qahramoni”unvoniga, 74 nafari uchala darajadagi “Shuhrat”ordeniga sazovor bo‘lgan.
Frontortida ham xalqimiz fidokorona mehnat qilib, jang maydonlariga 2 mingdan ziyod samolyot, ko‘plab qurol-yarog‘lar, harbiy-sanitariya poyezdlari, juda katta miqdorda oziq-ovqat, kiyim-kechak va boshqa mahsulotlar yetkazib bergan. Urush hududlaridan ko‘chirib keltirilgan 2 million insonni o‘z bag‘riga olib, o‘z nonini ular bilan baham ko‘rdi. Ayniqsa, ota-onasi, oilasidan judo bo‘lgan 250 ming nafar bolalarga mehr-muruvvat ko‘rsatdi.
Ana shu ma’lumotlarning o‘zi Ikkinchi jahon urushi garchi yurtimizdan olisda kechgan bo‘lsa ham u har bir oila taqdiriga ta’sir qilgani, xalqimiz qalbida bitmas jarohat qoldirganini ko‘rsatadi. Va erishilgan tarixiy g‘alabada o‘zbek xalqining ham munosib hissasi borligidan dalolat beradi. Bu xalqaro media-tur davomida ham ko‘p marta e’tirof etildi.
Jumladan, Belarus davlat Ulug‘ Vatan urushi tarixi muzeyi direktorining ilmiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Rimma Rum Belarus zaminini fashist bosqinchilaridan ozod etishda jasorat ko‘rsatgan 2143 nafar sobiq Sovet Ittifoqi Qahramonlari va 73 nafar “Shon-sharaf” ordeniga sazovor bo‘lganlar nomi bitilgan G‘alaba zalida qahramonlar haqida gapirib, ular orasida 17 nafar o‘zbekistonlik jangchi borligini aytdi.
– O‘zbekistonlik Qahramonlarning ham nomi zaldagi devorda yozib qo‘yilishi bilan birga ular haqidagi batafsil ma’lumotlar interaktiv ekran va muzeyimiz veb-saytida mavjud, - deydi Rimma Rum. - Bu qahramonlarning har biri biz uchun qadrli, ularning jasorati oldida bosh egamiz va xotirasi xalqimiz qalbida mangu yashaydi. Ayniqsa, partizanlik harakatining faol ishtirokchisi, farg‘onalik Mamadali Topiboldiyev nomini alohida hurmat bilan tilga olamiz. Urush yillarida “Kazbek” degan nom bilan tanilgan bu insonni o‘zbek va belarus xalqi farzandi deb bilamiz. Bizda uning nomi qo‘yilgan qishloq va boshqa ob’yektlar bor, uning jasorati haqida film suratga olingan. Muzeyimizda Mamadali Topiboldiyev surati va unga berilgan Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoni guvohnomasi nusxasi saqlanadi. Urushdan keyin ham hayotlik chog‘ida u Belarusga tez-tez kelib turgan, xalqimiz qahramonni yaxshi biladi. O‘tgan yil muzeyimizga uning farzandi va nabirasi kelgandi va ular qahramon jangchining ayrim buyumlarini muzeyimizga berishini aytgandi. Umuman, Ikkinchi jahon urushi bilan bog‘liq tarixni o‘rganish borasida o‘zbekistonlik hamkasblarimiz bilan yaqin hamkorlik o‘rnatganmiz. Toshkentda tashkil etilgan G‘alaba bog‘idagi “Shon-sharaf” muzeyi ekspozitsiyalarini yaratishda ularga yaqindan yordam berdik.
Sankt-Petrburg shahridagi Piskaryov qabristonida 186 ta ommaviy qabrda 1941 yil 8 sentyabrdan 1944 yil 27 yanvargacha davom etgan 900 kunlik Leningrad qamali chog‘ida halok bo‘lgan 420 ming nafar shahar aholisi va 70 ming nafar urush qatnashchilari dafn etilgan. Jumladan, ularning 7 ming nafarini o‘zbekistonliklar tashkil etar ekan. Shuning uchun ham bu yerda O‘zbekiston hukumati va xalqi nomidan qahramon shahar mudofaasida qatnashgan o‘zbekistonlik jangchilar xotirasi uchun yodgorlik lavhasi o‘rnatilgan.
Ikkinchi jahon urushida burilish nuqtasi sifatida qayd etiladigan, 1942 yili 17 iyuldan 1943 yil 2 fevralgacha davom etgan Stalingrad jangida ko‘rsatgan jasorat uchun minglab jangchilar qatorida o‘zbekistonlik 2738 nafar urush qatnashchisi “Stalingrad mudofaasi uchun” medali bilan taqdirlangan.
– Stalingrad jangida ko‘p millatli sobiq ittifoqning barcha xalqlari vakillari chinakam jasorat va matonat ko‘rsatgan, – deydi Volgograd viloyati gubernatori o‘rinbosari Gennadiy Shevsov. – Ular misli ko‘rilmagan qahramonlik ko‘rsatib, shaharni, shu bilan birga dunyo xalqlarini fashizm bosqinidan xalos qilgan. Nemislar urush vaqtida Yevropadagi ayrim joylarni ikki-uch kunda egallab olgan. Bizdagi Pavlov uyini esa jangchilarimiz 58 kun mardonavor himoya qilgan. Bu inshootning so‘nggi himoyachisi o‘zbekistonlik jangchi bo‘lgan.Stalingrad jangida minglab o‘zbekistonliklar ishtirok etgani va qahramonlik ko‘rsatganini yaxshi bilamiz.
Umuman, xalqaro media-tur davomida Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan g‘alaba sobiq ittifoq xalqlarining umumiy g‘alabasi ekanligi qayd etilib, urushda halok bo‘lgan ajdodlarimizni yod etish, ularning xotirasiga munosib hurmat ko‘rsatish, bugun hayot bo‘lgan urush qatnashchilari va fronortida fidokorona mehnat qilgan insonlarni e’zozlash bugungi avlodning yuksak insoniy burchi ekanligi qayta-qayta ta’kidlandi.
Albatta, oradan sakson yil o‘tgan bo‘lsa-da,Ikkinchi jahon urushining dunyo xalqlari qalbida qoldirgan jarohati hali bitgan emas, hamon u bilan bog‘liq tarix, ayanchli xotiralar har bir inson qalbini o‘rtaydi. Urushda fashizm ustidan g‘alaba qozonildi. Lekin bu g‘alaba nimaning, millionlab insonlarning qoni, joni evaziga qo‘lga kiritilganini ham yaxshi bilamiz. Ayniqsa, bu qonli urushga guvoh bo‘lganlar, frontortida turib buni o‘z tanida his qilganlar uchun u kunlarni eslash og‘ir, xotiralar beixtiyor ko‘zga yosh keltiradi. Balki shuning uchun urushda g‘oliblar bo‘lmaydi, ikki tomon ham o‘zicha mag‘lub degan gaplar bordir. Lekin bugun ham dunyoning turli nuqtalarida kuzatilayotgan notinchliklar, urush harakatlari insoniyat uchun ikki jahon urushi saboq bo‘lmaganini ko‘rsatayotgandek, go‘yo.
Dunyodagi har bir xalq, har bir millat farovon hayot kechirishni istaydi. Farovonlik esa tinchlik, osoyishtalik hukm surgan joyda qaror topadi. Shukr, biz shunday yurtda yashayapmiz va uning qadriga yetib, asrab-avaylashga ham mas’ulligimizni unutmaylik.
G‘olib HASANOV.