105 million so‘m aliment qarzi bor pastdarg‘omlik erkak "dacha"da ushlandi

Past Darg‘om tumanida aliment to‘lashdan bo‘yin tovlab, uzoq vaqt davomida yashirinib yurgan qarzdor erkak dala hovlilardan birida aniqlandi.

Ma’lum qilinishicha, Majburiy ijro byurosi Past Darg‘om tumani bo‘limi ish yurituvidagi ijro hujjatiga asosan fuqaro S.R.ning aliment bo‘yicha 105 million so‘mdan ortiq qarzi to‘plangan. Shu bois unga nisbatan qidiruv e’lon qilingan.

Olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida qarzdor tumandagi dala hovlilaridan biriga dam olish uchun kelgan vaqtida aniqlanib, ushlangan.
Hozirda ijro hujjati talablarini ta’minlash maqsadida qonunchilikda belgilangan tartibda majburiy ijro choralari ko‘rilmoqda.