Samarqandning "Yil ayoli" kim?

Samarqand shahridagi yoshlar markazida "Yil ayoli" respublika milliy tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Unda tanlovning shahar, tuman bosqichlarida o‘rin olgan 16 nafar ayol o‘zaro bellashdi. Ishtirokchilar orasida oddiy uy bekasidan tortib, o‘z fanini ingliz tilida o‘tadigan fan doktorlari, 100 dan ziyod ish o‘rinlari yaratgan tadbirkorlar bor.

-Tanlovning shahar va tuman bosqichlarida 200 nafarga yaqin ayollar ishtirok etdi, - deydi viloyat hokimining o‘rinbosari, viloyat oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Zebiniso Rahmonova. - Ishtirokchi ayollar o‘zaro uch shart asosida bellashib, zukkolik, bilim va oilaviy qadriyatlardan namunalar namoyish etdilar.

Tanlov natijalariga ko‘ra, birinchi o‘rin Toyloq tumanida istiqomat qiluvchi, Samarqand  davlat universiteti dotsenti Mahbuba Ergashevaga nasib etdi. Ikkinchi o‘rinni payariqlik tadbirkor Barno Tuganova, uchinchi o‘rinni esa Kattaqo‘rg‘on shahar Yermachit mahallasida hokim yordamchisi Feruza Rahimova egalladi.

Shuningdek, yilning eng jonkuyar ustozi, eng yaxshi bekasi, tadbirkori, o‘z kasbining ustasi kabi qator nominatsiyalar g‘oliblariga ham tashkilotchilarning faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari topshirildi.